O‘rnak ko‘rsatgan o‘qituvchilar moddiy rag‘batlantiriladi
Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirish direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan umumta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlari faoliyatining natijadorligi asosida ularni rag‘batlantirishning shaffof tizimini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, jamg‘arma umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlariga muvofiq o‘quvchilarga ta’lim beradigan barcha tur va nomdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari hamda maktab-internatlarda tashkil etiladi.
Jamg‘arma umumta’lim muassasasida o‘quv-tarbiya jarayonining samaradorligi va sifatini oshirishni rag‘batlantirish, pedagog, psixolog va kutubxona xodimlariga oylik ustama belgilash, umumta’lim muassasalari xodimlarini mukofotlash va ularga moddiy yordam berish, pedagog xodimlarning kasb mahorati va malakasini oshirishini rag‘batlantirishni kuchaytirish maqsadida tashkil etiladi.
Jamg‘armaning vazifalari quyidagilardan iborat:
umumta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan pedagog, psixolog va kutubxona xodimlarining (ular umumiy sonining ko‘pi bilan 50 foizi) bazaviy tarif stavkasiga har oylik ustama belgilash yo‘li bilan ularni moddiy rag‘batlantirish;
umumta’lim muassasalari xodimlarini mukofotlash va ularga moddiy yordam berish;
tejalgan mablag‘lar mavjud bo‘lgan taqdirda, ushbu mablag‘lar hisobidan xodimlarning vaqtincha mehnatga layoqatsizligi bo‘yicha to‘lanmagan nafaqalarni moliyalashtirish.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetida belgilangan tartibda nazarda tutiladigan budjet mablag‘lari Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi. Jamg‘arma umumta’lim muassasasi mehnatga haq to‘lash fondining 15 foizi miqdorida tashkil etiladi.
Pedagog, psixolog va kutubxona xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga har oylik ustama belgilash, umumta’lim muassasalari xodimlarini mukofotlash va ularga moddiy yordam berish umumta’lim muassasalarida tashkil etiladigan ustamalar belgilash, moddiy rag‘batlantirish va moddiy yordam berish bo‘yicha ishchi guruhlar tomonidan amalga oshiriladi.
Pedagog, psixolog va kutubxona xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga har oylik ustamalar tarbiyaviy jarayonning amalga oshirilish sifati va samaradorligiga, sinfdan tashqari ishlarga hamda o‘quvchilarni insonparvarlik va mehr-oqibat ruhida tarbiyalashga, tegishli sinflar va o‘quv fanlari uchun tasdiqlangan umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlarida nazarda tutilgan bilimlar va ko‘nikmalar to‘liq hajmining o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirib olinishi darajasiga va o‘quv jarayoniga qo‘shilgan aniq hissa, o‘qitishning yuqori samaradorligi va sifati uchun 40 foizgacha miqdorda belgilanadi.
Pedagog xodimlarning faoliyatini baholash mezonlari asosida to‘plagan umumiy ballari bo‘yicha ularga quyidagi miqdorlarda ustama haq belgilanadi:
65-70 ball to‘plasa — 10 foiz;
71-75 ball to‘plasa —15 foiz;
76-80 ball to‘plasa — 20 foiz;
81-85 ball to‘plasa — 25 foiz;
86-90 ball to‘plasa — 30 foiz;
91-95 ball to‘plasa — 35 foiz;
96-100 ball to‘plasa — 40 foiz.
Umumta’lim muassasalari pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga jamg‘arma hisobidan har oylik ustamalar yangi o‘quv yili uchun o‘tgan o‘quv yili yakunlari bo‘yicha belgilanadi.
Kutubxona xodimlarining faoliyatini baholash mezonlari asosida to‘plangan umumiy ballari bo‘yicha ularga quyidagi miqdorlarda ustama haq belgilanadi:
65-75 ball to‘plasa — 10 foiz;
76-85 ball to‘plasa — 15 foiz;
86-100 ball to‘plasa — 20 foiz.
Umumta’lim muassasalari kutubxona xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga jamg‘arma hisobidan xar oylik ustamalar yangi o‘quv yili uchun o‘tgan o‘quv yili yakunlari bo‘yicha belgilanadi.
Psixolog xodimlarining faoliyatini baholash mezonlari asosida to‘plangan umumiy ballari bo‘yicha ularga quyidagi miqdorlarda ustama haq belgilanadi:
65-75 ball to‘plasa — 10 foiz;
76-85 ball to‘plasa — 15 foiz;
86-100 ball to‘plasa — 20 foiz.
Umumta’lim muassasalari psixolog xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga jamg‘arma hisobidan har oylik ustamalar yangi o‘quv yili uchun o‘tgan o‘quv yili yakunlari bo‘yicha belgilanadi.