Namangandagi Prezident maktabi ham tantanali ravishda ochildi
Davlatimiz rahbari tashabbusi va e’tibori bilan qisqa fursatda Namanganda barpo etilgan Prezident maktabi foydalanishga topshirildi.
80 mlrd. so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga barpo etilgan taraqqiyot asri ilm maskanining tantanali ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, ustoz-muallimlar, o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Namangan shahridagi Prezident maktabiga yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni ishga yollash bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi “Teachaway” (Kanada) va “TIC Recruitment” (Buyuk Britaniya) rekruting kompaniyalari tomonidan 11 nafar chet ellik yuqori malakali mutaxassislarni tanlab olindi. Shuningdek, 20 nafar tajribali va malakali mahalliy o‘qituvchi jalb qilindi. Ta’limda STEAM yondashuviga oid darslik va o‘quv qo‘llanmalari Cambridge University Press, Oxford University Press va Collins kabi nufuzli nashriyotlar tomonidan olib kelindi.
Zamonaviy, muhtasham va beqiyos imkoniyatlarga ega Prezident maktabi shu kuni saralash imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan iste’dodlarni o‘z bag‘riga oldi.
144 nafar o‘quvchi tahsil oladigan Namangan shahridagi Prezident maktabi 16 ta elektron doska, 36 ta kompyuter to‘plami, zamonaviy axborot kommunikatsiya vositalari va kompyuter texnologiyalari bilan ta’minlangan. Zamonaviy sport zal va basseyn, 6000 ga yaqin kitob fondiga ega kutubxona o‘quvchilar ixtiyorida.
Shuningdek, muhtasham inshootda chet ellik mutaxassislar uchun 15 o‘rinli shinam va zamonaviy mehmonxona ham mavjud.
Dars jarayonlari va mashg‘ulotlar viloyatimizdagi ta’lim muassasalaridan tanlab olingan eng tajribali va malakali o‘qituvchilar bilan birga 11 nafar chet ellik yuqori malakali mutaxassislar tomonidan olib boriladi.