“Salomatlik” ordeni hamda “Sog‘lom turmush” medali ta'sis etilmoqda
Oliy Majlis Senatining Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mahmudjon Parpiyevning ma'lum qilishicha, yuqori palataning navbatdagi yalpi majlisiga mazkur qo‘mita tomonidan 2 ta masala – “Salomatlik” ordenini ta'sis etish to‘g‘risida”gi hamda “Sog‘lom turmush” medalini ta'sis etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari kiritilmoqda.
Dunyo miqyosida koronavirus pandemiyasi davom etayotgan bir vaqtda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligi ostida ko‘rilgan favqulodda zarur choralar, fidoyi shifokorlarimiz, saxovatpesha, himmati baland hamyurtlarimiz, karantin sharoitida bir tanu bir jonga aylangan xalqimiz matonati bilan mamlakatimizda xavfli epidemiyani jilovlashga muvaffaq bo‘linmoqda. Shu munosabat bilan “Salomatlik” ordenini ta'sis etishni davrning o‘zi taqazo etmoqda.
“Salomatlik” ordeni ikki darajadan iborat bo‘lib, I darajali “Salomatlik” ordeni bilan tibbiyot sohasini rivojlantirish, zamonaviy talablar asosida takomillashtirish va aholi salomatligini mustahkamlash ishlariga ulkan hissa qo‘shgan, II darajali orden bilan aholi salomatligini muhofaza qilish, turli kasalliklarning barvaqt oldini olish va bartaraf etish ishlaridagi katta xizmatlar qilgan shaxslar mukofotlanadi.
Xuddi shuningdek, “Sog‘lom turmush” medali aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilishni keng targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va badantarbiyani kundalik turmush tarziga aylantirib, jamoatchilikka shaxsiy namuna bo‘layotgan hamyurtlarimiz xizmatlari e'tirofi uchun ta'sis etilmoqda.
“Salomatlik” ordeni hamda “Sog‘lom turmush” medali bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
Ushbu orden va medalning ta'sis etilishi bugungi kunda kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay, o‘z sog‘lig‘i va hayotini xavfga qo‘yib bo‘lsa-da, xalqimiz salomatligi uchun kurashayotgan fidoyi kasb egalari, shuningdek, sinovli kunlarda chin insoniy fazilatlarini namoyon etayotgan saxiy va mard hamyurtlarimizni ma'naviy-ruhiy rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.