O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining V qurultoyi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining navbatdagi V qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoy “Zoom” videokonferensiya aloqa tizimi orqali o‘tkazildi. Unda dastlab Kasaba uyushmasining Respublika kengashi raisi Ravshan Bedilov so‘zga chiqib, hisobot davrida amalga oshirilayotgan ishlar, xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash bo‘yicha olib borayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy islohotlar, aholi farovonligini oshirish va uning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish haqida ma’ruza qildi.
— Hisobot davrida tarmoq kasaba uyushmasi mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirish, ushbu sohada islohotlarni amalga oshirish, yoshlarga ilm-fan asoslarini va zamonaviy mutaxassislik bilimlarini o‘rgatish, ularni Vatanga muhabbat, mustaqillik g‘oyalariga sadoqat, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni shakllantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarda faol ishtirok etdi, — deydi O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Ravshan Bedilov. — Tarmoq kasaba uyushmasi tashkilotlari mamlakatning ijtimoiy va siyosiy hayotida ham faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, 2019-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan hokimiyat vakillik organlariga bo‘lib o‘tgan saylovlarda tarmoq kasaba uyushmasining 18 nafar vakili xalq deputatlari viloyat va shahar Kengashlariga deputat etib saylandi.
2016-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra tarmoq kasaba uyushmasi boshlang‘ich tashkilotlar soni 17 636 ta, ulardagi a’zolar soni 1 860 144 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yil 1 iyulga kelib 18 231 ta boshlang‘ich tashkilot, a’zolar soni esa 1 486 336 nafarni tashkil etmoqda.
Majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik borasida kasaba uyushma faollarining huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida barcha ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasining tuman va shahar kengashlari raislari, 7000 dan ziyod boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raislari uchun maxsus o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilib, ularda majburiy mehnat elementlari, unga yo‘l qo‘ymaslik borasida amal qilinishi lozim bo‘lgan milliy va xalqaro mehnat standartlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari oshirildi.
Hisobot davrda Tarmoq kelishuvi doirasida A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining “Ta’limni boshqarish nazariyasi va amaliyoti kafedrasi” bilan hamkorlikda har xafta o‘quv mashg‘ulotlar tashkil qilindi. Mazkur o‘quvlarda Xalqaro va milliy mehnat standartlari, bandlik, mehnat munosabatlari masalalari tinglovchilarga Respublika kengashi mutaxassislari tomonidan yetkazilmoqda.
Mehnat munosabatlariga oid seminar-treninglar pandemiya paytida ham videokonferensiya shaklida uzluksiz tashkil qilindi.
Qurultoyda yangi tarmoq tashkilotini “O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi”ning hamda ta’sis qurultoyi ham o‘tkazildi. Shuningdek qurultoyda Respublika kengashi, taftish komissiyasi a’zolarini saylash kabi tashkiliy masalalar, shuningdek tarmoq kasaba uyushmasi ustavining yangi tahriri muhokama qilindi.
Undan tashqari, tarmoq kasaba uyushmasining kelgusi besh yilga mo‘ljallangan strategik yo‘nalishlari tasdiqlandi. Qurultoyda Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashiga Ravshan Bedilov, Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashiga Shuhrat Dehqonov rais etib saylandi.