O‘qituvchilar faoliyatiga aralashish yoki to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik belgilandi
O‘qituvchilikning o‘ziga xos mashaqqatlari ham bor.
Ayniqsa, pandemiya sharoitida barcha ta’lim maskanlari to‘liq faoliyat yuritmagan davrda farzand tarbiyasi va bilim olishida pedagoglarning o‘rni nechog‘li beqiyosligini barcha birdek tushunib yetdi.
Ammo bugungi kunda farzandiga ta’lim va tarbiya berayotgan o‘qituvchi (pedagog)larning mashaqqatli mehnatiga yetarlicha baho bermaydigan, qadrlamaydigan va ularning kasbiy faoliyatiga asossiz ravishda aralashayotgan hamda o‘z vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilayotganlar ham uchrab turibdi.
Mana shunday holatlarning oldini olish va pedagoglar faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish maqsadida 2020-yil 21-iyul kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Mazkur qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi modda bilan to‘ldirildi.
Unda ta’lim muassasasi pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki ta’lim muassasasi pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishga to‘sqinlik qilish javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilandi.
Unga muvofiq, bunday turdagi huquqbuzarlik sodir etgani uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravaridan
10 baravarigacha miqdorida jarima qo‘llaniladi, xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining
7 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorida jarima belgilandi.
Huquqbuzarlik sodir etilganida ta’lim muassasasi pedagog xodimi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzmasdan sudga ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega. U o‘z arizasida huquqbuzarning shaxsi, huquqbuzarlik sodir etilgan joy, vaqti va uning mazmuni, mohiyati hamda ishni hal etish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni taqdim etishi lozim bo‘ladi.
Bundan tashqari, “O‘qituvchilarning maqomi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish, unga pedagoglarning kasbiy faoliyatiga ota-onalar, vakolatga ega bo‘lmagan idora va tashkilotlarning aralashish huquqiga ega emasliklari to‘g‘risidagi normani kiritish, o‘qituvchilik faoliyatining erkinligi va kafolatlarini qonun yo‘li bilan mustahkamlash maqsadga muvofiq.
Bularning bari o‘qituvchilarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyat va hayotdagi mavqeini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Alijon BINAQULOV, Toshkent davlat yuridik universiteti Huquqiy tashabbuslar markazi xodimi