Ishonchli hayot solnomasi
Insonga suyanmang — u o‘tkinchi, pulga ishonmang — u o‘zgaruvchi, xuddi bahor havosi singari. Bu olamda barqarorlik faqatgina qonun va qoidalarga xosdir. Rus adabiyotining beqiyos namoyandasi A.S.Pushkin ham bejiz “Men imperator himoyasidan ko‘ra qonun himoyasini afzal ko‘raman”, deya ta’kidlamagan. Sababki, qonunning bo‘htonlarni tinglaydigan quloqlari, yolg‘on ig‘volarga ishonib qoladigan ko‘zlari, tanish-bilishlari-yu, qon-qarindoshlari yo‘q. Uning oldida barcha teng, u barcha uchun barobar. Shu bois har qanday demokratiyaning dastlabki talabi davlatni odillik asosiga qurilgan, xalq manfaatlari uchun xizmat qiladigan qonunlar boshqarishidir.
Har bir mamlakatning boshqaruvi, hukumat faoliyatining tartib-tamoyillari, jamiyat va fuqarolarning huquqlari hamda majburiyatlarini o‘zida jamlagan asosiy hujjat bu konstitutsiyadir. “Konstitutsiya” — “tuzilish”, “tuzuk” so‘zlarining lotin tilidagi ko‘rinishi hisoblanadi. Uning dastlabki namunasi AQShda paydo bo‘lgani bir necha yil muqaddam rad etilgani yodimda. Ma’lumotlarga ko‘ra, eng qadimgi Konstitutsiya Polshada yaratilgan bo‘lib, 1792-yilda qabul qilingan ekan. Lekin bu fikrni to‘g‘ri deb hisoblamayman. Konstitutsiya o‘zbek tilida “tuzuk” ma’nosini bildirar ekan, nega endi Amir Temur bobomiz davlatni boshqarishda asosiy qonun sifatida foydalangan “Temur tuzuklari” (XIV asr) ushbu qonunning eng birinchi namunasi bo‘la olmaydi?! “Temur tuzuklari”da ham konstitutsiya uchun zaruriy bo‘lgan barcha xususiyatlar mavjud. Fikrimcha, Sharq tamaddunning haqiqiy beshigi ekanini shu birgina misol ham isbot qila oladi.
Qachon biz o‘z odimimizga ishonamiz, qachon biz erkin nafas olamiz?! Qachonki, o‘z haq-huquqimizni, erkimizni anglaganimizda! 28 yildirki, o‘zbekistonliklarning qaddi tik, nigohlari hadiksiz boqadi, qadamlari esa shaxdam. Chunki ularning erki, shaxsiy huquqlarini himoyalovchi, jahon standartlariga to‘laqonli javob bera oluvchi konstitutsiyasi 28 yil muqaddam o‘z tasdig‘ini topgan. Bosh qomusimizning murakkab va muhim, ayni chog‘da sharafli solnomasiga nazar solar ekanmiz, hech shubhasiz, O‘zbekiston Konstitutsiyasi xalqimizning mustaqillik sari uzoq yo‘ldagi izlanishlari natijasi ekaniga ishonch hosil qilamiz. Milliy Qomusimiz yaratilishida uch ming yillik davlatchilik tajribasi va jahonning 97 mamlakati Konstitutsiyasiga tayanilganligi uning puxta va keng ko‘lamli ekanidan ham anglashilib turibdi.
Shu o‘rinda suveren O‘zbekistonning birinchi Konstitutsiyasini tayyorlash yo‘lidagi bir qancha asosiy bosqichlarni eslatib o‘tmoqchiman. Zeroki, Konstitutsiyaning yaratilish tarixi mustaqillik uchun kurashning uzviy tarkibiy qismidir.
O‘zbek tiliga 1989-yilning 21-oktabrida davlat tili maqomi berilgan. Bu muhim omil Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi birinchi qonuniy qadam bo‘ldi. Davlat konstitutsiyasi uning tilida yaratilishi lozimligi hech birimizga sir emas.
O‘zbekiston Oliy Kengashi tomonidan 1990-yilning 20-iyun kuni “Mustaqillik Deklaratsiyasi” qabul qilingan. Shuning barobarida Deklaratsiyaning 8-bandida O‘zbekiston “o‘zining taraqqiyot yo‘lini, o‘z nomini belgilaydi va davlat belgilarini o‘zi ta’sis etadi” deya mustahkamlab qo‘yilgan. Bu omil ham Konstitutsiya yaratilishiga keng miqyosda zamin hozirlagan. Ushbu voqeadan bir yil o‘tib qabul qilingan mustaqilligimiz ham Oliy Qomus tuzilishiga yo‘l ochdi.
Konstitutsiyamizning ilk namunasi 1992-yilning 26-sentabrida tayyor bo‘ldi va matbuotda chop etildi. Shu kundan to noyabr oyi oxirlariga qadar umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. Muhokamalarda xalqimiz katta faollik ko‘rsatgani tarixdan ayon. Zotan, fikrimizga Konstitutsiya komissiyasiga yuborilgan 600 ga yaqin xat ham dalil bo‘la oladi. Bu takliflarning barini inobatga olgan holda qayta ishlangan Bosh Qonunimiz gazetalar sahifasini qayta bezadi va fuqarolar e’tiboriga havola qilindi. Shu tariqa pretsendent(ikki bosqichli umumxalq muhokamasi)ga erishildi. Olmos yo‘nila-yo‘nila serqirralashsa, pichoq charxlanib o‘tkirlashadi, Konstitutsiyamiz ham qator tajribalar, muhokamalar-u tahrirlar evaziga pishiq va puxta qonunga aylangan.
Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiya davlatni davlat, millatni millat sifatida tanitadigan Qomusnoma, u xalqimizning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettirgan. Konstitutsiyamiz xalqimizning ko‘p yillik tarixi-yu tafakkuri naqsh solgan ishonchli hayotimiz solnomasidir.
Risolat MAXSUMOVA