Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, olis va chekka hududlardagi byudjet tashkilotlarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan oliy ma’lumotli mutaxassislar mehnatini yanada rag‘batlantirish, bo‘sh ish o‘rinlarini to‘ldirish hamda joylarda malakali kadrlarning mehnat faoliyati va ijtimoiy himoyasi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6108-son farmoniga muvofiq, olis hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga (keyingi o‘rinlarda – byudjet tashkiloti) boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy ma’lumotli mutaxassislarga (keyingi o‘rinlarda – oliy ma’lumotli mutaxassislar) bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6110-son farmoniga muvofiq, tibbiy oliy ta’lim tashkilotini oxirgi 3 yil ichida tamomlagan va boshqa hududda yashovchi tibbiyot xodimi (keyingi o‘rinlarda – tibbiyot xodimi) olis va chekka hududlarda joylashgan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga (keyingi o‘rinlarda – tibbiyot muassasasi) ishga qabul qilinganda ularga kamida 3 yil ishlab berish sharti bilan 30 million so‘m miqdorida bir martalik boshlang‘ich yordam puli, uy-joyi bo‘lmaganlarga esa 3 yil davomida xizmat uy-joylari berilishi yoki bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi berilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
mazkur qarorda olis va chekka hudud deganda, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 471-son qarori bilan tasdiqlangan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga maxsus ustama belgilanadigan hududlar tushuniladi;
mazkur qarorda nazarda tutilgan boshlang‘ich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasi soliq to‘lovchining jami daromadiga kiritilmaydi hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining soliq solish ob’ekti hisoblanmaydi;
mazkur qarorda nazarda tutilgan boshlang‘ich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasi hamda uy-joy sharoitini yaxshilash bo‘yicha imtiyozlardan oliy ta’lim muassasasining bakalavriati yoki magistraturasini (ta’lim shaklidan qat’i nazar – kunduzgi, sirtqi, kechki, shuningdek, ikkinchi mutaxassislik) tamomlaganidan keyin uch yil mobaynida olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlari, shu jumladan, tibbiyot muassasalariga ishga kirgan bitiruvchilar foydalanish huquqiga ega;
har oylik pul kompensatsiyasi oliy ma’lumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimi ishga qabul qilingan oydan boshlab 36 oy mobaynida to‘lanadi, bunda xodim ushbu hududda shaxsiy uy-joyga ega bo‘lganda, unga xizmat turar joyi berilganda yoki u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganda, pul kompensatsiyasi to‘lash to‘xtatiladi;
oliy ma’lumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimi har oylik pul kompensatsiyasini olish uchun vaqtincha yashash joyini va uy-joyni ijaraga olganlik uchun kommunal xizmatlar qiymatisiz amaldagi xarajatlar summasini ko‘rsatgan holda, tegishli byudjet tashkiloti rahbariga ariza beradi. Bunda, uy-joy ijarasi uchun haqiqatda to‘lanayotgan to‘lov bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan kam bo‘lgan taqdirda, har oylik pul kompensatsiyasi miqdori haqiqatda to‘lanayotgan to‘lov miqdoriga muvofiq kamaytiriladi, qolgan barcha holatlarda har oylik pul kompensatsiyasi bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida to‘lanadi;
har oylik pul kompensatsiyasi uning miqdorini ko‘rsatgan holda, tegishli byudjet tashkiloti rahbarining buyrug‘i bilan tayinlanadi hamda ushbu tashkilot buxgalteriyasi tomonidan ish haqi bilan birgalikda to‘lanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-apreldagi “Navoiy viloyatining olis cho‘l tumanlari aholisi turmush darajasini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2925-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 31-oktyabrdagi 312-son qarori bilan tasdiqlangan Sudyalarga, sud organlari xodimlariga, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, prokuratura organlari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, davlat soliq xizmati va davlat bojxona xizmati organlari xodimlariga uy-joylarni ijaraga olganlik (ijaraga turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomda nazarda tutilgan xodimlarga uy-joylarni ijaraga olganlik uchun har oylik pul kompensatsiyasi to‘lash ushbu normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
oliy ma’lumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimi tegishliligi bo‘yicha olis va chekka hududda joylashgan bir byudjet tashkilotidan va (yoki) tibbiyot muassasasidan boshqa byudjet tashkilotiga va (yoki) tibbiyot muassasasiga o‘tkazilganida, har oylik pul kompensatsiyasini to‘lash belgilangan muddat tugagunga qadar davom ettiriladi;
oliy ma’lumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimi tegishliligi bo‘yicha olis va chekka hududda joylashgan byudjet tashkiloti va (yoki) tibbiyot muassasasidagi faoliyatini 36 oygacha bo‘lgan muddat ichida to‘xtatgan taqdirda, boshlang‘ich yordam puli to‘liq hajmda byudjetga qaytariladi, oliy ma’lumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimining byudjet tashkiloti va (yoki) tibbiyot muassasasidagi faoliyatini uning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra (xodimning vafoti, nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilishi, byudjet tashkilotining faoliyati to‘xtatilishi va O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 106-moddasida belgilangan holatlar) to‘xtatishi bundan mustasno.
3. Olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy ma’lumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimiga boshlang‘ich yordam puli to‘lash sxemasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. 2021-yil 1-martdan boshlab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar joriy qilinsin. Bunda:
bir ma’muriy-hududiy birliklar doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;
boshqa ma’muriy-hududiy birlikdan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustamalar to‘lansin.
5. Belgilansinki:
ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududda kamida bir yil ishlagan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglar jalb qilinadi;
ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxati Xalq ta’limi vazirligi hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan aniqlanadi va joriy yilda 15-fevralgacha, kelgusi yillarda esa har yili 1 sentyabrga qadar Xalq ta’limi vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;
boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar ular borgan maktab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatidan chiqarilgan yildan keyingi yil uchun ham to‘lanadi.
6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
boshlang‘ich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasi tegishli byudjet tashkilotining hududiy moliya organiga bergan so‘roviga asosan belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;
boshlang‘ich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasi uchun talab qilinadigan mablag‘lar tegishli byudjet tashkilotining xarajatlar smetasida nazarda tutiladi. Bunda, oliy ma’lumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimining ishga qabul qilinishi joriy moliya yilida ro‘y bergan holatda, byudjet tashkilotining xarajatlar smetasiga belgilangan tartibda o‘zgartirish kiritiladi.
7. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-martdagi 182-son qarori bilan tasdiqlangan Uy-joyga muhtoj fuqarolarni aniqlashning ijtimoiy mezonlariga “Olis hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan oliy ma’lumotli mutaxassislar” mezoni kiritilsin.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlari va (yoki) tibbiyot muassasalarida oliy ma’lumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimiga bo‘lgan ehtiyoj bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari yuzasidan ma’lumotlarni har oy yakuni bo‘yicha keyingi oyning 5-kuniga qadar rasmiy veb-saytlarida joylashtirib borsin;
joylarda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilan uchrashuvlar tashkil etib, ularni chekka hududlarda joylashgan, oliy ma’lumotli kadrlarga ehtiyoj mavjud bo‘lgan byudjet tashkilotlariga ishga jalb etish, shuningdek, yosh mutaxassislarga faoliyat yuritish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rsin;
joylardagi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlari va (yoki) tibbiyot muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan oliy ma’lumotli mutaxassislarga va (yoki) tibbiyot xodimlariga tegishli hududlardagi zaxira yerlarlaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uy-joy qurilishi uchun yer uchastkalari ajratilishini nazoratga olsin.
9. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-fevraldagi 170-son qarori bilan tasdiqlangan Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni hisobga olish, davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga 2-ilovaga muvofiq qo‘shimcha kiritilsin.
10. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
mazkur qarorda nazarda tutilgan boshlang‘ich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasini soliq to‘lovchining jami daromadiga kiritilmaydigan daromadlar etib belgilash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
11. Adliya vazirligi (R.Q.Davletov) mazkur qarorning mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirish, ijrochilarga yetkazish va belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish ishlarini tashkil qilsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosarlari J.A.Qo‘chqorov va B.A.Musayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri, 2021-yil 11-yanvar