O‘zbekiston va BMT: Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasidagi hamkorlik
O‘zbekiston mustaqil davlat maqomiga ega bo‘lgandan so‘ng bir yil o‘tib, 1992-yil 2-mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lgan. Bu muhim voqeadan keyin qariyb 30 yil o‘tib esa yana bir tarixiy voqea yuz berdi – 2020-yil oxirida O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga uch yil muddatga saylandi.
O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylanishi – jahon hamjamiyatining yuksak e’tirofidir. Bu ulkan voqea mamlakatimizning yangi tashqi siyosatini, xususan, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan amaliy harakatlarini qo‘llab-quvvatlashning o‘ziga xos yuksak ifodasidir.
Mamlakatimiz inson huquqlari sohasidagi turli xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari bilan inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish va inson huquqlarini targ‘ib qilishda faol hamkorlik qilib kelmoqda.
2021-yil 22-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida so‘zlagan nutqi O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni bajarish tamoyiliga sodiqligini e’tirof etgani bilan ekspertlar va siyosatshunos olimlar e’tiborini o‘ziga qaratdi.
O‘zbekistonning tashabbuslaridan biri – bu Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya deklaratsiyasining 10 yilligiga bag‘ishlab, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan birgalikda global forum o‘tkazishdir. Bu global forumda inson huquqlari madaniyatini shakllantirishning holati va istiqbollari tahlil qilinadi.
Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan o‘rnatilgan xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tizimining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. BMT tashkil topganidan beri inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va inson huquqlariga oid xalqaro normalar va prinsiplar to‘g‘risida ma’lumot tarqatish masalasi uning diqqat markazida bo‘lib kelmoqda.
1948-yilda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida ham inson huquqlariga to‘liq rioya qilinishi uchun inson huquqlari va asosiy erkinliklari sohasidagi ta’lim va tarbiyaning ahamiyati muhimligi ta’kidlangan.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha ta’lim tizimi faoliyati doirasida inson huquqlari ta’limining asosiy tamoyillari, maqsadi va vazifalari, maqsadli guruhlari, shakl va usullarini belgilovchi xalqaro dastur va hujjatlar yaratilgan.
O‘zbekistonda aholining huquqiy madaniyatini oshirish va qonun ustuvorligini mustahkamlashga doimo alohida e’tibor berib kelinmoqda. Xususan, 2019-yili O‘zbekiston parlamenti Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya deklaratsiyasini hamda Deklaratsiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasini qabul qildi.
Ushbu hujjat inson huquqlariga oid ta’lim bo‘yicha Butunjahon dasturining to‘rtinchi bosqichi g‘oyalari va qoidalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Inson huquqlari va ta’limni targ‘ib qilishda mahalliy, milliy va global darajadagi keng aholi qatlamlarini jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Nazira RAHMATILLAYEVA, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati mutaxassisi