O‘zbekistonda har bir ayol baxtni his qilib yashasin!
Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Tadbirga davlat va jamiyatda o‘z o‘rniga ega, el-yurt ravnaqiga hissa qo‘shib kelayotgan ayollar ishtirok etishdi.
Dastlab, Prezident ayolning jamiyatda tutgan o‘rni va ularni yanada ulug‘lash, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, davlat va jamoat ishlarida ular faolligini oshirish borasida so‘zladi.
“Sizlarning barcha sohalardagi fidokorona mehnatingiz hisobidan mamlakatimizning qudrati va salohiyati, xalqaro obro‘-e’tibori tobora ortib bormoqda.
Bugun barcha sohalarda marrani juda katta olyapmiz, ulkan dasturlar, reja va loyihalarni amalga oshiryapmiz. Ular, birinchi navbatda, onalarimiz, opa-singillarimiz, aziz farzandlarimizning hayoti va mehnat sharoitini yaxshilashga qaratilgan”, — deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.
Ayol oqila va ziyoli bo‘lsa, kelajak ham ana shunday ziyoli yoshlar qo‘lida bo‘ladi. Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyatning har bir kishisi baxtli bo‘ladi. Prezidentimiz mana shu haqiqatni ilgari surgan holda xotin-qizlarning turmush sharoitini yaxshilash, jamiyatdagi faolligini oshirishga davlat miqyosida alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab shunday dedi:
— Hozirgi vaqtda mamlakatimiz boshqaruv tizimida ayollarning ulushi 33 foizga yetdi. Yurtimiz bo‘yicha bir yarim mingga yaqin xotin-qizlar turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Xususan, tashkilotchi va tashabbuskor opa-singillarimiz 6 ta tumanda hokim vazifasida, yuzlab hududlarimizda o‘rinbosar va maslahatchi lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shavkat Mirziyoyev jamiyatda ayollarimizga bo‘lgan e’tiborni eng quyi bo‘g‘in, ya’ni mahallagacha tushirib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning yaxlit tizimini yaratish maqsadida kuni kecha yangi qaror imzolanganini ham ma’lum qildi.
Tadbir davomida davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etib kelayotgan bir qancha ayollar davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar. Shuningdek, o‘qishda, ishda, jamoat ishlarida, o‘zining iste’dod va qobiliyatini namoyon etishda dastlabki yutuqlarga erishgan 28 nafar iqtidorli qizlarga Zulfiya nomidagi davlat mukofoti, ko‘p yillar davomida o‘z sohasida katta natijalarga erishgan, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etib kelayotgan 297 nafar xotin-qizlarga “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni topshirildi.
Bayram tadbiri go‘zal kuy-qo‘shiq va raqslar hamohangligida yanada ko‘tarinki ruhda davom etdi.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri