Bolalarni uy-joy bilan taʼminlash tartibi
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlash tartibi belgilandi
Hukumat qarori (656-son, 25.10.2021 y.) bilan Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi (https://lex.uz/pdfs/5695154).
Nizomga ko‘ra, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uy-joylar viloyat hokimliklari tomonidan bozordagi ko‘p kvartirali uylardan ajratiladi.
➡️ Bunda o‘quv-tarbiya muassasalari va tuman (shahar) hokimliklari bolalarni muassasada bo‘lish muddati tugashidan bir yil avval uy-joyga muhtoj sifatida “onlayn-navbat”ga kiritib boradi.
Bolalarga 18 yoshga to‘lgan yilda:
ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali;
voyaga yetgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi.
Uy-joylar mulkka egalik qilish huquqi asosida, biroq 30 yoshga to‘lgungacha uni sotish huquqisiz beriladi.
Nizomga ko‘ra, uy-joylar tuman hokimligi tomonidan ajratilib, yashash uchun barcha zarur sharoitlarga ega holda topshiriladi.
Uy-joy bilan taʼminlanish holati haqidagi maʼlumotlar har oyda yangilanadi va Xalq taʼlimi vazirligi rasmiy veb-saytida joylashtirib boriladi.
Uy-joy berish to‘g‘risidagi qaror asosida tuman (shahar) hokimligi order beradi va ushbu order berilgan uy-joyga ko‘chib kirish uchun asos hisoblanadi.
Orderlar “onlayn-navbat” axborot tizimidagi qatʼiy ketma-ketlik asosida beriladi.
⚖️ Uy-joy order berilgan kundan 10 kundan kechikmay notarial rasmiylashtiriladi.
Qarorga ko‘ra shuningdek, 2022-yil 1-yanvardan:
● yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning uy-joyga muhtojligi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlanadi;
● yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka (homiylikka, patronatga) olish “Vasiylik va homiylik” elektron platformasi orqali onlayn murojaatga asosan amalga oshiriladi.
2022/2023-o‘quv yilidan “Ijtimoiy ish” bakalavriat taʼlim yo‘nalishida “Vasiylik” va “Homiylik” sohasi bo‘yicha oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.