Budjet mablag‘i maqsadsiz sarflansa...
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi bosh nashri “Ishonch” gazetasi Prezident qarori ijrosini paysalga solayotgan hokimlarga murojaat yo‘llagandi. Jizzax viloyat hokimligining javob xati mazkur nashrning joriy yil 15-oktabrdagi sonida e’lon qilindi. Xursand bo‘lib, ajratilgan mablag‘larni izlab, viloyatga safar qildik.
Xatda aytilishicha, Prezidentimizning 2022-yil 11-maydagi “Xalq ta’limini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 13-bandiga asosan xalq ta’limi yo‘nalishidagi bosma nashrlarni ta’lim muassasalariga yetkazib berishni ta’minlash maqsadida (gazeta va jurnallar obunasi uchun) mahalliy budjetdan 461,6 million so‘m mablag‘ ajratilganligi, ushbu mablag‘lar ta’minotchi tashkilotlar hisob-raqamiga o‘tkazib berilganligi ko‘rsatilgan edi. Xullas viloyatga safarimiz davomida qaysi nashrlarimizga qanchadan ulush tushganligini aniqlashga urindik. Biroq negadir hokimlik javobida qayd etilgan ta’lim nashrlariga atalgan pul ta’lim nashrlariga yo‘naltirilmaganligiga guvoh bo‘ldik.
Hayron qolasan, bunday ko‘zbo‘yamachilik kimga kerak bo‘lib qoldi? Yo viloyat hokimligida o‘tirgan mutasaddilar Prezident qarorida aniq-tiniq qayd etilgan “Xalq ta’limi yo‘nalishidagi bosma nashrlarni ta’lim muassasalariga yetkazib berish” degan jumla mohiyatiga tushunishmadimi? Yoki qaysi nashrlar xalq ta’limiga tegishli ekanligiga fahm-farosati yetmadimikan?!
Demak, bunday bepisandlarcha munosabatni Jizzax viloyatida xalq ta’limiga, o‘qituvchilarni metodik ta’minlashga, oqibatda kelajak avlod tarbiyasiga qaratilgan zarba, deb bilamiz. Axir Prezident qaroriga asosan ajratilgan salkam yarim milliard so‘m mablag‘ ta’lim tizimi nashrlari obunasiga yo‘nal-
tirilmaganligining sababi nimada? Kimningdir bunday ajabtovur o‘yinidan Jizzax viloyatidagi Prezidentimizning eng ishonchli vakili Ergash Saliyev xabardor emasdir. Javob tayyorlagan amaldorlarning, bilsa xazil, bilmasa chin qabilidagi harakati viloyatda olib borilayotgan ishonchli vakil siyosatiga zimdan zarbadir, balkim? Xullas, nima bo‘lganda ham bu mablag‘ xalq ta’limi tizimi nashrlariga, masalan, na “Ma’rifat” va “Учитель Узбекистана” gazetalariga, na “Boshlang‘ich ta’lim”, “Til va adabiyot ta’limi” kabi jurnallar yoki bolalar nashrlari obunasiga yo‘naltirilgan. Axir budjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishi borasida qonunchilikda javobgarlik belgilangani barchaga ma’lum-ku...
Qisqasi, viloyat hokimligining javob xatidagi fakt va raqamlar haqiqatga to‘g‘ri kelmayapti. Unda qanday yo‘l tutishimiz kerak? Xo‘sh, Jizzax viloyati hokimligi mutasaddilari Prezidentning 241-son qarori 13-bandini bajarmaganligi, ya’ni budjet mablag‘lari maqsadsiz sarflanishiga yo‘l qo‘yganligi uchun kim javob berishini aytishar balkim?
Ma’murjon QIYOMOV,
“Ma’rifat” muxbiri