Kelajakni ta’lim va yosh avlod kamoli belgilaydi
Joriy yil 28 yanvar kuni Prezidentimiz raisligida maktab ta’limini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.
Unda ta’lim taraqqiyotini ta’minlash yuzasidan muhim va dolzarb masalalar qamrab olindi. Yurt istiqboli, mamlakat kelajagi, barcha sohalar rivoji maktab ta’limi bilan chambarchas bog‘liq. Ertangi odimlarni bugun o‘sib-ulg‘ayayotgan yoshlarning ilm-ma’rifatli, zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan, intellektual salohiyatli avlod bo‘lib kamol topishi hal qiladi. Prezidentimiz najot ta’limda, tarbiyada, bilimda ekanligini ta’kidlab, «Ta’lim-tarbiya – bu bizning kelajagimiz, hayot-mamot masalasi», deya qayd etdi.
Davlatimiz rahbari maktab ta’limini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berar ekan, kelgusi besh yilda 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rni yaratilishini, ta’lim sifatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha katta islohotlar amalga oshirilishiga alohida to‘xtaldi. O‘qitish metodikasi, darsliklar, partadan tortib, maktablarning binosigacha qaytadan ko‘rib chiqilishi, muallimlarga munosib sharoitlarni yaratish barobarida ularning bilim va malakasi, dars o‘tishiga talab ham tubdan kuchaytirilishi barcha sohalar istiqboli va islohotlar avvalida ta’lim-tarbiyaga e’tibor qaratilayotganida o‘z ifodasini topgan. Darhaqiqat, zamonaviy shart-sharoitlar, qulaylik va imkoniyatlar hamma jabhada muvaffaqiyatlarga asos bo‘lib, faoliyat samardorligiga xizmat qiladi.
Shu ma’noda Yurtboshimiz tashabbusi bilan ta’lim-tarbiya masalasiga yuksak ahamiyat berilayotgani hamda «Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi», degan ezgu da’vat ostida yosh avlod kamoli yo‘lidagi izchil islohotlar ko‘lami kun sayin ortayotgani Namangan viloyati xalq ta’limi tizimi hayotida ham yaqqol namoyon. Bu borada bunyodkorliklar yanada keng qamrovga kirib, yaqin yillarda viloyatda 40 ta yangi maktab barpo etish, 474 ta (264 tasini kapital rekonstruksiya, 210 tasini mukammal ta’mirlash) ilm maskanini kapital rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ko‘zda tutilgan. Natijada viloyatda 104 mingdan ziyod qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratilib, jami o‘quvchilar o‘rni 512 mingtaga yetadi. 132 ta maktabda zamonaviy sport zali qurish rejalashtirilgan.
Bu aniq maqsad va rejalar videoselektor majlisida ko‘tarilgan masalalardan kelib chiqib tayyorlangan «Yo‘l xaritasi»dan o‘rin oldi. Vatan ertasini ilm-ma’rifatli, har jihatdan yetuk, zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan intellektual salohiyatli mutaxassislar belgilar ekan, buning zarur omili sifatida oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, joriy o‘quv yilidanoq bitiruvchilarni oliy ta’limga qamrab olish darajasini 35 foizga yetkazish, farzandlarimiz hayotda o‘z o‘rnini topib, jamiyatning faol vakiliga aylanishi uchun umumta’lim jarayonlaridayoq ularni kasb-hunarga yo‘naltirishga doir tashabbuslarni yuqori darajaga ko‘tarishni o‘z oldimizga muhim vazifalar sifatida belgiladik.
Ta’limda barcha mezonlar sifat, samaradorlik va natija bilan baholanadi. Demak, o‘qituvchilarning o‘z ustida mustaqil ishlashi, tashabbuslarga intilib faoliyat yuritishi, o‘quvchilarga umumta’lim fanlarini chuqur o‘rgatish bilan bir qatorda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samardorligini oshirish doimiy diqqat markazimizda turadi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, yangi Taraqqiyot strategiyasi ijrosini bajarishda malakali pedagog kadrlar, boshqaruvchilik va liderlik qobiliyatiga ega rahbarlar, muallimlar vatanparvarlik ruhi bilan birinchi o‘ringa chiqishini davr taqozo etmoqda. Biz, Namangan viloyatidagi jamiki maorifchilar, xalq ta’limi tizimi xodimlari buning uchun bor bilim-salohiyatimiz, malaka va mahoratimizni safarbar qilamiz.
Rustamjon ISROILOV,
Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i