OGOHLIK
Yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlarining asosiy vazifalari, eng avvalo, yong‘inlarning oldini olish, aholi o‘rtasida keng ko‘lamdagi targ‘ibot-tashviqot va tushuntirish ishlarini kuchaytirish, shu orqali yong‘inlar sonini kamaytirishdan iborat.
Shu o‘rinda aytish joizki, yong‘inlarning aksariyati kishilarning loqaydligi, beparvoligi, yong‘in xavfsizligi qonun-qoidalariga rioya qilmasliklari va bolalarning olov bilan o‘ynashlari natijasida yuzaga kelmoqda. Shu sababli kutilmaganda yong‘in sodir bo‘lganda qanday harakat qilish kerakligini o‘rgatish, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalaridan to‘g‘ri foydalanishni amalda ko‘rsatib tushuntirish muhim. Binobarin, tez-tez aholi ko‘p yig‘iladigan joylarda tadbirlar o‘tkazib, yong‘inlarning ayanchli oqibatlari aks etgan plakatlar, videorokliklar, shuningdek, yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish qilib kelinmoqda.
«Yong‘inni o‘chirgandan ko‘ra, uning oldini olish maqsadga muvofiq» shioriga amal qilib nazoratni kuchaytirsak, bir yoqadan bosh chiqarib yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilsak, «tilsiz yov»ni jilovlagan, o‘zimiz va atrofimizdagilarning hayoti, sog‘lig‘ini, xalqimizning ma’naviy-madaniy, tarixiy yodgorliklarini asrashga va kelajak avlodga yetkazishga o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lar edik.
Aziz ABIDOV, Rahmatulla ABDUG‘ANIYEV
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga qarashli binolarda YXTTEB inspektorlari