PREZIDENT SAYLOVI: huquqiy asoslari, o‘tkazish tartibi
O‘zbekiston xalqi davlat hokimiyatining birdan-bir manbayi, uning yagona sohibi hisoblanadi. Endilikda xalqimiz davlat hokimiyatiga bo‘lgan huquqini saylovlar orqali to‘laqonli amalga oshirishi uchun barcha huquqiy-tashkiliy shart-sharoitlar mavjud. So‘nggi yillarda respublikamizda saylov qonunchiligi muttasil ravishda takomillashtirilib, 2019-yil
iyunida Saylov kodeksi qabul qilindi. Unda saylovni tashkil etish va o‘tkazishning huquqiy asoslari belgilandi. Zero, xalq saylovlar orqali davlat hokimiyati organlarini shakllantiradi, jamiyatning kelajagini belgilaydi. 2023-yil
9-iyulida muddatidan oldin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda Saylov kodeksi asosida muqaddam o‘tkazilgan parlament va prezident saylovlari ochiqlik va oshkoralik sharoitida, xalqaro huquq normalari va standartlariga to‘la muvofiq ravishda o‘tganligi, avvalambor xalqimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi, siyosiy partiyalar, fuqarolik institutlarining obro‘-e’tibori va nufuzi, yetuklik darajasi sezilarli ravishda oshganini, hayotimizga joriy etilayotgan demokratik o‘zgarish va islohotlarning amaliy natijalarini namoyish etgan edi. Bu borada mamlakatimiz katta siyosiy va huquqiy tajribaga ega bo‘ldi.
Prezidentlik instituti
tarixi
“Prezident” – lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, antik davrda “oldinda o‘tiruvchi” degan ma’noni anglatgan. O‘tmishda xalq yig‘inlariga rahbarlik qiluvchilarni prezident deb atashgan. AQSH Konstitutsiyasida ilk bor prezident atamasi “davlat boshlig‘i” ma’nosida qo‘llanilgan. Mazkur Konstitutsiyaga muvofiq, 1789-yili AQSH prezidenti etib Jorj Vashington saylangan.
Keyinchalik, 1790–1830-yillari Pre-
zidentlik instituti Lotin Amerikasi mamlakatlarida (Braziliya, Gaiti, Urugvay va boshqalar), 1848-yili G‘arbiy Yevropaning Fransiya va Shveytsariya davlatlarida joriy etildi. XX asrda ko‘plab davlatlar birin-ketin xalq tomonidan saylanadigan va xalq tomonidan nazorat qilinadigan prezidentlik institutini joriy eta boshladi. Natijada bugungi kunga kelib Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lgan 193 ta davlatning 140 dan ortig‘ida Prezidentlik instituti faoliyat ko‘rsatmoqda.
Endilikda dunyo mamlakatlarining uchdan ikki qismida Prezidentlik instituti amal qilayotganini hozirgi zamonning muhim siyosiy-huquqiy voqeligi sifatida e’tirof etish mumkin.
SAYLOVLAR:
xorijiy tajriba
Ushbu institut amal qilayotgan mamlakatlarning tajribasi turlicha bo‘lib, hammaga andoza bo‘ladigan yagona model mavjud emas. Davlatlarning tarixi, xalqi, mentaliteti, siyosiy an’analaridan kelib chiqib, prezidentlik institutlari o‘ziga xos xususiyat kasb etgan.
Hozirgi zamon davlatlarining aksariyatida prezident davlat mexanizmida markaziy o‘rinni egallaydi. U juda keng vakolatlarga ega bo‘lib, davlatning siyosiy tizimida o‘zining maqomi va mavqeyiga ko‘ra mamlakatda yuz berayotgan barcha jarayonlarga salmoqli ta’sir o‘tkaza oladi.
Xorijiy davlatlardagi u yoki bu boshqaruv shakli hamda Konstitutsiyaning o‘ziga xos jihatlariga qarab, Prezidentni saylashning turli usullari mavjud. Ma’lum mamlakatdagi respublika boshqaruvining, ya’ni prezidentlik, parlament yoki aralash shakldagi turlariga qarab, prezidentni saylashning tegishli usullari qo‘llaniladi. Xalqaro amaliyotda prezidentlar referendum, umumiy to‘g‘ridan to‘g‘ri va ko‘p bosqichli usullar orqali saylanadi. Davlatlarning konstitutsiyaviy amaliyotidan kelib chiqqan holda shuni ta’kidlash lozimki, aksariyat hollarda prezidentlar xalq tomonidan bevosita yoxud parlament tomonidan, bilvosita saylovda parlament (Germaniya, Italiya kabi) yoki saylovchilar kollegiyasi (AQSH kabi) tomonidan saylanadi.
Bevosita saylovda saylash huquqiga ega bo‘lgan har bir fuqaro, ya’ni saylovchi to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali prezidentni saylaydi. Prezident esa xalq oldida hisobdor bo‘lib, u vakolatlarini parlamentdan emas, balki xalqning o‘zidan bevosita oladi. Xalq mandatiga ega bo‘lgan prezident kuchli davlat rahbari hisoblanadi.
Prezidentlarning saylov muddati ham turli mamlakatlarda har xil. Asosan, ular 4 yildan 7 yilgacha muddatga saylanadilar. Masalan, AQSHda – 4 yil, Germaniya, Fransiyada – 5 yil, Italiyada – 7 yil. Jahon amaliyotida prezidentlikka asosan 35 yoshdan kichik bo‘lmagan fuqarolar nomzod bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda prezidentlik instituti:
xalqaro mezonlar
O‘zbekistonda jahon andozalariga mos keladigan, ochiq, oshkora saylovlarni o‘tkazishga imkoniyat yaratadigan, jamiyatda ko‘ppartiyaviylik tizimini rivojlantirishga hissa qo‘shadigan, zamon talabiga javob beradigan demokratik saylov qonunchiligi shakllandi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va uning asosida qabul qilingan Saylov kodeksi asosida xalqimiz o‘zining suveren huquqlarini hayotga tatbiq etib, erkin saylaydigan vakillari orqali mamlakatni boshqarishda ishtirok etadi. Saylov qonunchiligimiz fuqarolarning saylov huquqini, o‘z xohish-irodasini erkin ifodalash, o‘z qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish va himoya qilish huquqini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ham saylov jarayonining barcha ishtirokchilari amal qilishlari lozim bo‘lgan umumiy va yagona prinsiplar, ya’ni umumiy, teng saylov huquqi, to‘g‘ridan to‘g‘ri saylash huquqi prinsiplariga asoslangan.
Umumiy saylov huquqi prinsipi O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 4-moddasida saylov umumiy hisoblanishini, ya’ni prezidentni saylash huquqiga saylov kuni 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ega bo‘lishini anglatadi.
Teng saylov huquqi prinsipi har bir saylovchi bitta ovozga ega bo‘lishini va barcha saylovchilar saylovda teng asoslarda ishtirok etishlarini bildiradi. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi (Saylov kodeksining 5-moddasi).
To‘g‘ridan to‘g‘ri saylash huquqi saylovchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini vakillar orqali emas, balki bevosita saylashlarini anglatadi.
Yashirin ovoz berish prinsipi saylovchi o‘z xohish-irodasini ifoda etishi ustidan har qanday nazoratga chek qo‘yilishini nazarda tutadi (Saylov kodeksining 7-moddasi).
Saylov kodeksining 8-moddasida mustahkamlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishdagi oshkoralik prinsipi saylovchilarga saylov kampaniyasining saylov qonunchiligi qoidalariga muvofiqligi to‘g‘risida axborot olish, ham saylovchilar, ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning huquqlariga rioya etilishi darajasi haqida xulosa chiqarish imkonini beradi.
O‘zbekiston saylov qonunchiligining o‘ziga xos xususiyatlari
Mamlakatimizda Prezident saylovini mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik prinsiplari asosida faoliyat yurituvchi Markaziy, okrug va uchastka saylov komissiyalari tashkil etadi hamda o‘tkazadi.
O‘zbekistonda prezidentlikka nomzod ko‘rsatish huquqiga faqat siyosiy partiyalar ega. Saylov kodeksida bunday normaning mustahkamlanishi bir tomondan Prezident saylovi muqobilligini ta’minlasa, ikkinchi tomondan eng munosib nomzodni tanlashda siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobat muhitini vujudga keltiradi.
Saylov jarayoni xalqaro huquq normalariga mos holda, oshkoralik, ko‘ppartiyaviylik, erkinlik, tenglik tamoyillariga muvofiq ravishda bo‘lib o‘tadi. Bunda saylov tizimiga oid qonunchilikda fuqarolarning saylovoldi kampaniyasida va ovoz berishda erkin qatnashishi, ovoz berish yashirinligi, buni har bir fuqaroning o‘zi bevosita amalga oshirishi belgilab qo‘yilgani alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Prezidenti saylovining o‘ziga xos jihatlaridan yana biri mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarga saylov kampaniyasining barcha bosqichlarida ishtirok etish huquqining berilganligidir. Ayrim davlatlarda esa kuzatuvchilar faqat ovoz berish kuni hozir bo‘lishadi.
Saylov komissiyalari tomonidan Prezidentlik sayloviga tayyorgarlik ishlari xalqaro saylov standartlari va milliy qonunchilik talablariga muvofiq yuqori saviyada tashkillashtirilmoqda. Saylovdan ko‘zlangan asosiy maqsad fuqarolarning saylash kabi konstitutsiyaviy huquqini ta’minlashdir. Shu sabab mamlakatimiz kelajagini belgilaydigan saylov jarayonida fuqarolarimizning faol ishtirok etishi, jamiyatning ravnaqiga, uning mustaqil taraqqiyot yo‘liga o‘z hissasini qo‘shishi hisoblanadi.
Omonulla MUHAMMADJONOV,
yuridik fanlari doktori