RAHBAR PEDAGOG FIRIBGAR BO‘LSA...
Xalqimiz ziyoli pedagoglarni qadrlaydi. Negaki, ular yoshlarga ta’lim beradi, ezgulikka yetaklaydi, komillikka chorlaydi. Shuning uchun ham ustozlar izzatda, davralar to‘rida, el nazarida. Shahrisabz tumani Hojimaydon qishlog‘ida yashovchi, shu hududdagi maktab direktori Botir Safarov (ism va familiyalar o‘zgartirilgan) shu hurmatdan masrur edi. Endi-chi, uning misqollab yiqqan obro‘yi nafs tufayli sarobga aylandi.
Botir Safarov rahbarlik mavqeyidan foydalanib, kasbini poymol qildi. Firibgarlik yo‘li bilan davlat to‘pladi. Oldin ham JKning tegishli moddalari bilan aybli deb topilgan bo‘lsa-da, o‘ziga tegishli xulosa chiqarmadi. Aksincha, mansabdor shaxs mavqeyidan qonunga zid ravishda foydalanib, o‘zganing mulkini aldash va ishonchini suiiste’mol qilishga odatlandi. Maktab shtat birligi jadvalida bo‘lmagan farroshlik vazifasini Muhabbat Husaynovaga taklif etdi. Soddadil ayol ham ishi bitganidan xursand bo‘ldi. U 2 million 100 ming so‘m pul evaziga “shvabra” sotib oldi. Bu ham yetmaganday farroshning Ziyoda va Zahro ismli qizlarini kompyuter dasturchisi vazifasiga ishga olishini aytib, naqd 6 million so‘m miqdoridagi daromadga ega bo‘ldi. Ammo tovlamachining quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi.
Soxta, tuman XTB hisob-kitob bo‘limiga taqdim etilmagan va bu kabi shtat birliklari mavjud bo‘lmagan buyruqlarning kuchi yo‘q edi. Botir Safarov bu bilan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi tegishli bandlarida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblandi.
Endi sobiq maktab direktori Botir Safarov misqollab yiqqan obro‘sini tiklab ololarmikan? Firibgarlik yo‘li bilan aldab olgan pullarini, moddiy va ma’naviy zararini qoplar, biroq vijdon azobidan qutularmikan? Bu uning o‘ziga havola.
Elbek G‘OFUROV,
Shahrisabz tuman IIB huzuridagi
tergov bo‘limi tergovchisi,
mayor