TREND SO‘ZINING O‘ZBEKCHASI YO‘QMI? yoxud so‘z o‘zlashtirish va milliy til prizmasi muammosi
Ijtimoiy tarmoqlardagi mulohazalar va matbuotimizdagi ko‘plab maqolalarni kuzatib, so‘z o‘zlashtirish jarayonidagi ba’zi muammolarni o‘z vaqtida hal qilishimiz zarurligini angladim.
Til prizmasi termini biron-bir lisoniy hodisaning paydo bo‘lishida ona tili ta’siriga berilish ma’nosini beradi. Milliy til prizmasi termini esa faqat milliy til ta’siriga berilishni anglatadi: o‘zlashma so‘z asliga ko‘ra emas, qabul qiluvchi tilning fonologik tabiatiga, orfoepik xususiyatiga moslashtiriladi. Buning natijasida yangi kirayotgan so‘zning begonalik belgisi xiralashadi, kamayadi.
Chet tillardan kirib kelayotgan so‘zning milliy til prizmasi ta’siriga berilishi jarayonida yangi so‘zning fonetik, semantik qiyofasi muayyan o‘zgarishlarga uchraydi. O‘zbek tili tarixida juda ko‘p o‘zlashma so‘zlarda shunday holat yuz bergan. Jumladan, arab tilida kitabun fonetik qiyofasiga ega so‘z o‘zbek tiliga kitob shaklida kirib kelgan. Demak, milliy til prizmasi ta’sirida o‘zbek tilining fonetik, orfoepik qonuniyatlariga moslashgan.
Buni mustaqillik yillaridagi dastlabki o‘zlashmalardan biri hisoblangan paynet so‘zi misolida ko‘rib o‘tishimiz mumkin. Ushbu so‘z ingliz tilida paynet deb yoziladi, lekin [ peynet ] deb o‘qiladi, talaffuz qilinadi. O‘zbek tiliga qabul qilinish chog‘ida o‘zbek tili sohiblari ushbu so‘zning ingliz tilidagi shaklini aynan oldi, o‘zbek tilining lotin alifbosiga asoslanib, paynet deb o‘qishdi, aytishdi. Natijada so‘z xalq tilida tez ommalashib ketdi. Ushbu so‘zning ommalashib ketishiga xalq tilida uning juda ko‘p ishlatilishi ham sabab bo‘lgan. Paynet so‘zi hozirgi vaqtga kelib, bundan besh yil avvalgi holatidagidek faol qo‘llanayotgani yo‘q.
Hozirgi o‘zbek tilida so‘z o‘zlashtirishdagi katta muammolardan biri o‘zlashtirilayotgan so‘zlarning milliy til prizmasidan o‘tmayotganligi, deyish mumkin. Filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudovning quyidagi fikri yangi so‘zlarning til prizmasidan o‘tishi qanchalar zarurligini ta’kidlaydi: “Til orqali reallashadigan tafakkur tarzining o‘ziga xosligi borliqni ko‘rishning, idrok etishning ham ma’lum ma’nodagi o‘ziga xosligidir. Har bir xalq o‘zicha ko‘radi, eshitadi, zavqlanadi. Misol uchun chittak degan qush nomini olaylik. Bu qushni nomlashda o‘zbek uning harakatini asos qilib olgan. Bu qush tez harakat qiladi (“chit-chit”), o‘zbek shu harakatni dastlab ko‘rgan bo‘lsa, rus kishisi bu qushning rangini dastlab ko‘rgan. U ana shu rangni nomga asos qilib olib, ayni qushni sinisa deb nomlagan. Yoki o‘zbek tovuqning bolasi chiqaradigan tovushni “jip-jip” tarzida eshitadi, shuning uchun uni jo‘ja deb ataydi. Rus esa “sip-sip” deb eshitgani uchun uni siplyonok so‘zi bilan ataydi. Bu juda oddiy misollar, aslida har bir xalqning dunyoni o‘zicha ko‘rishi va eshitishi, idrok etishi behad murakkab tarzda kechadi”. Demak, qabul qilinayotgan so‘zlarning til prizmasi ta’siriga tortilishi bilan o‘zlashma so‘zning chetligi, begonaligi kamayadi yoki butunlay yo‘qoladi. O‘zbek tilining avvalgi davrlarida arab tilidan olingan so‘zlarning aksariyati milliy tilimiz prizmasidan o‘tganligi uchun hozirgi kunda kitob, ilm, madaniyat singari so‘zlarning chet so‘zligi bilinmay ketgan.
Yangi tushunchalarni o‘zbek tiliga o‘zlashtirishda tilning ichki manbalaridan ko‘proq foydalanish kerak. Til egalari yangi tushunchalarni o‘zi ishlatib yurgan so‘zlar yordamida tezroq o‘zlashtiradi. Ammo bu jarayon davomida yangi tushunchaga majburan o‘zbek tilidagi nomni tirkab qo‘ymaslik lozim. O‘zbek tilida yangi tushunchani nomlaydigan so‘z topilmasa, shundagina xorijiy so‘zni olish mumkin. 1990-yillarning 1-yarmida ruscha-internatsional so‘zlarni yoppasiga, ko‘pincha asossiz ravishda o‘zbek tilining ichki manbalari deb o‘ylab arabcha yoki fors-tojikcha so‘zlar bilan almashtirishga urinish salbiy natijalar berganligini radio – ovoznigor; samolyot – tayyora, uchoq; jurnal – oynoma, oybitik; gazeta – ro‘znoma, jarida; kafedra – minbargoh; avtobus – ko‘pkursi; respublika – jumhuriyat, direktor – boshqon kabi so‘zlar misolida ko‘rishimiz mumkin.
Milliy til prizmasi ta’siriga berilmagan so‘zlar sifatida kreativ, kompetensiya, chellenj so‘zlarini ham ko‘rsatish mumkin. Masalan, o‘zbek tilida kompetensiya so‘zi qo‘llanishga kirguncha tilimizda unga muqobil bo‘la oladigan layoqat(lilik), malaka, ko‘nikma, mahorat kabi so‘zlar bor edi. Kompetensiya so‘zi qatnashgan birikmalar: lisoniy kompetensiya, o‘quvchilarda til kompetensiya larini shakllantirish kabilarda layoqat, malaka, ko‘nikma so‘zlarini qo‘llasa bo‘lar edi. Lisoniy layoqatlilik, o‘quvchilarda til malakalarini shakllantirish kabi birikmalar yuzaga kelardi.
Hozirgi kunda ilmiy, publisistik va rasmiy uslublarda qo‘llanilayotgan kreativ so‘zi ham milliy til prizmamizdan o‘tmagan. O‘zbek tilida kreativ so‘ziga muqobil bo‘la oladigan ijodiy so‘zi bor edi. Ta’lim tizimiga aloqador hujjatlarda o‘quvchilarni kreativ fikrlashga o‘rgatish, o‘quvchilarda muammoga kreativ yondashuvni shakllantirish birikmalari ko‘plab uchraydi. Shu birikmalarni o‘quvchilarni ijodiy fikrlashga o‘rgatish, o‘quvchilarda muammoga ijodiy yondashuvni shakllantirish deb tuzsak, birikmaning mazmunida mutlaqo ma’noviy o‘zgarish bo‘lmaydi. Aksincha, tushunarli bo‘ladi.
Publisistik va so‘zlashuv uslublarida chellenj so‘zining qo‘llanayotgani ham milliy til prizmasi nuqtayi nazaridan to‘g‘ri emas. O‘zbek tilida chellenj so‘ziga muqobil bo‘la oladigan tashabbus so‘zi mavjud. Ushbu so‘zning noto‘g‘ri tanlanganligi tilshunoslarning maqolalarida ta’kidlangan. Filologiya fanlari doktori, professor Yorqinjon Odilov “Til va jamiyat ta’sirlashuvi” maqolasida kreativ, chellenj, neyming so‘zlarini o‘zbekcha muqobillariga almashtirish bo‘yicha fikrlarini berib o‘tgan. Chellenj so‘zini qo‘llashni esa chet so‘zga o‘chlik, o‘zbek tilidagi muqobilining ma’nosini yaxshi bilmaslik natijasi deb tushuntirish mumkin.
Milliy til prizmasidan o‘tmagan so‘zlardan biri inglizcha “kontent” olinma so‘zi sanaladi. Ingliz tili lug‘atlarida “content” – “mundarija, mazmun” ma’nosini ifodalaydi, deyiladi. Ko‘rib turganimizdek, o‘zbek tili uchun kontent olinma so‘zi yangi tushunchani olib kirgani yo‘q. Demak, kontent so‘zi ishlatilayotgan o‘rinlarda mundarija so‘zini qo‘llasa bo‘ladi. Quyidagi ijtimoiy tarmoqlardan olingan (gazeta matnlaridangina emas, ijtimoiy tarmoqlardan ham olingan misollarni keltirishimizning sabablaridan biri tahlil qilayotgan so‘zlarimizning ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘proq ommalashib ketayotganligi hisoblanadi) illyustrativ misollarda kontent so‘zi o‘zbek tili egalari uchun hech narsa bermagan, jumla mazmunini murakkablashtirgan xolos: “Milliy TV kontentini xorijda Kartina TV rivojlantiradi”, “8-iyundan boshlab Milliy TV kontentini xorijda ushbu servis translyatsiya qiladi”, “Viloyat hududiy malaka oshirish markazi faoliyati, o‘quv kurslari kontent mazmunining yangilanganligi, yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi”, “Shuningdek, amaliyotga joriy etilayotgan “Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformasi faoliyatini yuritish, malaka oshirish tashkilotlari bilan birgalikda qayta tayyorlash, malaka oshirish kurslari o‘quv modullari kontentini markazlashtirilgan tarzda ishlab chiqish va platformaga kiritish bo‘yicha vazifalar belgilandi”.
“Trend” so‘zi o‘zbek tilida muqobili bo‘laturib, chet so‘zga o‘chlik natijasida o‘zbek tilidagi matnlarga tirkalayotgan olinma hisoblanadi. Ingliz tilida “yo‘nalish”, “mayl, rag‘bat, moyillik, intilish”, “moda, fason, uslub” ma’nolarini bildiradi. U ingliz tilidagi barcha ma’nolarida o‘zbek tilida qo‘llangani yo‘q. O‘zbek tilida bu so‘zning o‘rnini kontekstdan kelib chiqib, dolzarb so‘zi bosishi mumkin. Masalan, “Toshkentda ko‘pxotinlilik masalasi yana trendda ”, “Yakunlangan haftaning trendda bo‘lgan asosiy mavzularini eslaymiz” jumlalarida trendda so‘zini dolzarb so‘ziga bemalol almashtirish mumkin. Bu kabi xato q o‘llashlar natijasida “ trend ga chiqmoq” degan ibora ham yasaldi: “O‘zbekistonda yashash brendga (tamg‘a, belgi, tur, nav, xil), biznes yuritish trendga chiqadi”.
“Feyk” so‘zini chet so‘zni qo‘llashga moyillik natijasi deyish mumkin. Bu olinma inglizcha (fake) hisoblanib, “soxta, qalbaki, yasama”, “yolg‘onchilik, firibgarlik, g‘irromlik”, “qalbaki narsa yasamoq, aldamoq” ma’nolariga ega. O‘zbek tilida bu olinma “yolg‘on” ma’nosida endi-endi qo‘llanishga kiryapti: feyk xabar, feyk ma’lumot kabi. Masalan: “Turk va xitoylik shifokorlar koronavirusga qarshi dori yaratgani to‘g‘risidagi audioxabarlar feyk bo‘lib chiqdi”, “The Asia Times” xorijiy portalida O‘zbekistonda koronavirus yuqtirib olganlardan 1 nafari vafot etgani to‘g‘risida maqola chop etildi – bu feyk xabar”. Keltirib o‘tgan gaplarimizdagi “feyk” so‘zini yolg‘on so‘zi bilan almashtirilsa, jumla mazmunini o‘zgartirmasligi ushbu olinmani o‘zbek tiliga qabul qilish shart emasligini ko‘rsatadi.
Qaysi so‘z milliy til prizmasidan o‘tsa, o‘sha so‘zda keyinchalik ma’noviy o‘zgarishlar ham yuz berishi mumkin. O‘z qatlamdagi so‘zlar kabi yangi o‘zlashma so‘zlar ham bir ma’noli so‘zdan ko‘p ma’noli so‘zga aylanadi. Dunyodagi hamma tillarda bunday semantik o‘zgarishlar kuzatiladi. Shuning uchun mazkur o‘rinda rus tilshunosi Vladimir Vitkovskiy va hammualliflarining fikrini keltirishimiz to‘g‘ri bo‘ladi: “Oxirgi yillardagi iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlar fonida ayrim o‘zlashma so‘zlarning ma’nosi kengayganligini qayd qilish kerak: bankrot, chek, biznes . Bir qism o‘zlashma so‘zlar umumqo‘llanishdagi leksikaga o‘tib ketdi: dotatsiya, kommersant, investor, aksiz, konsern, birja kabilar”.
“Komment” so‘zi ham muqobili bo‘laturib o‘zbek tilining badiiy uslubidan tashqari barcha uslublari (ilmiy, rasmiy, publisistik, so‘zlashuv) uslublarida qo‘llanmoqda. Aslida inglizcha bo‘lgan ushbu so‘z (comment) ingliz tilida “mulohaza, fikr”, “(tanqidiy) mulohazalar bildirmoq”, “sharhlamoq” ma’nolarini ifodalaydi. Ko‘rib o‘tganimizdek, o‘zbek tilida uning o‘rnida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan muqobil variantlar bor. Chunonchi, ushbu olinma so‘z o‘rnida izoh va sharh so‘zlarini ishlataverish mumkin. Bugungi kunda til egalari o‘zbekchasi borligiga qaramay, lisoniy “moda” ga ergashib, mazkur so‘zni faol qo‘llamoqdalar.
“Integratsiya” so‘zi ham o‘zbek tilida muqobili bo‘lgan holda tilga qabul qilingan olinma so‘z sanaladi. Ushbu so‘z o‘zbek tiliga rus tili orqali kirgan. Rus tiliga esa ingliz tilidan olingan. Integratsiya so‘zi rus tilida iqtisodiy va siyosiy sohaga oid matnlarda “qo‘shilish” ma’nosini anglatadi. Uning ingliz tilidagi shakli “integration” dir. Bu so‘zning ingliz tilida rus tilidagidan farqli ravishda qo‘llanish doirasi kengroq. “Integration” ingliz tiliga oid lug‘atlarda umuman “qo‘shish, qo‘shilish, birlashish” ma’nosida qayd etiladi. O‘zbek tiliga rus tili orqali olinganligi sababli (bunga -siya qo‘shimchasi ishora qilib turibdi) rus tilidagi qo‘llanishiga juda yaqin turadi. Demak, u qo‘llanish uslubiga ko‘ra yaqin keladi. Hozirgi kunda integratsiya terminini o‘zbek tilidan chiqarib yuborishning iloji yo‘q, sababi rasmiy va publisistik uslublarda keng ishlatilishga o‘tib ketib bo‘lgan. Mazkur so‘z asosida - lash qo‘shimchasini qo‘shib, integratsiyalashmoq fe’li ham yasalgan. Integratsiyalashmoq so‘zi integratsiya so‘ziga nisbatan faol qo‘llanadi. Agar ikkala so‘zning ma’noviy tuzilishiga e’tibor beradigan bo‘lsak, ularning deyarli bir xil ekanligini ko‘ramiz. Shuni hisobga olib aytishimiz mumkinki, integratsiyalashmoq so‘zini integratsiya so‘zining o‘rniga ishlatish ikki jihatdan o‘zini oqlaydi: birinchidan, -lash qo‘shimchasini qo‘shish orqali so‘z shakli o‘zbekchalashtirilgan; ikkinchidan, o‘zbek tilidagi matnlarda fe’l so‘z ma’nosida ishlatilmoqda.
Modernizatsiya va modernizatsiyalashmoq so‘zlaridagi holat ham integratsiya va integratsiyalashmoq so‘zlari bilan bir xil vaziyatda. Modernizatsiya ingliz tilida “modernization” deb yuritiladi. “Zamonaviylashtirish, zamon talablariga muvofiq takomillashtirish, yangilash” ma’nolarini ifodalaydi. Dastlab rus tiliga shu ma’nolari bilan o‘tgan. Rus tilida ingliz tilidagi “tion” qo‘shimchasi “-siya” qo‘shimchasini olib, rus tili tabiatiga moslashtirilgan. Xuddi shunday shaklda keyin rus tilidan o‘zbek tiliga o‘zlashgan. O‘zbek tilining publisistik, rasmiy va ilmiy uslublarida modernizatsiya shakli bilan qo‘llana boshlagan. Keyinchalik unga -lash qo‘shimchasi qo‘shilib, otdan fe’l – modernizatsiyalashmoq yasalgan.
Motivatsiya olinmasi haqida ham yuqoridagi so‘zlardagidek fikrlarni aytishimiz mumkin. Bu so‘zning o‘rnida ruhlantirish so‘zini ishlatsak bo‘ladi. Ammo ba’zi yurtdoshlarimizning chet so‘zni qo‘llashga o‘chligi, modaga berilishi bois ushbu so‘z tilimizda o‘rnashib qoldi.
Internetning kirib kelishi va blogerlik faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi tufayli post olinma so‘zi yangi ma’noga ega bo‘ldi. Bu vaqtga qadar post so‘zi militsiya posti, chegara posti kabi so‘z birikmalarida “biron-bir joy, hudud” ma’nolarida qo‘llanib kelinardi. Endi yangi bir ma’noda – “blogerning o‘z blogida yozib qoldirgan xabari, maqolasi” ma’nosida ishlatilmoqda. Bu so‘zni xabar so‘ziga almashtirsa bo‘ladi.
Ma’no taraqqiyotiga uchragan o‘zlashma so‘zlar qatoriga portfel, karta so‘zlarini kiritishimiz mumkin. Jumladan, yaqin vaqtlargacha portfel so‘zi sumka so‘zining sinonimi sifatida “o‘quv qurollari solib yuriladigan buyum” ma’nosini anglatar edi. Oxirgi o‘nyillikda uning ma’nosida umumlashish xususiyati paydo bo‘ldi, ya’ni umuman “narsalarning majmuyi, jami” ma’nosi yuzaga keldi. Portfel so‘zining birinchi va ikkinchi ma’nolariga e’tibor beradigan bo‘lsak, ikkinchi ma’no birinchi ma’nodan metafora yo‘li bilan o‘sib chiqqan. Bunday ma’no taraqqiyotida birinchi ma’nodagi “o‘quv qurollarini jamlab olib yurish” belgisidagi o‘xshashlikka asoslanilgan. Investitsiyalar portfeli birikmasida “investitsiya bilan bog‘liq barcha tushunchalarning jamlanmasi” ma’nosini, sug‘urta portfeli birikmasida “sug‘urtalash bilan bog‘liq hujjatlarning jamlanmasi” ma’nosini ifodalaydi. O‘zbek tilining ichki imkoniyatidan foydalanilganligi sababli ushbu lisoniy o‘zgarish o‘zini oqlaydi.
Ma’lumki, karta so‘zi ruscha-internatsional so‘z bo‘lganligi uchun XX asrda o‘zbek tilidagi so‘zlashuv variantidagi shaklida – qarta deb qabul qilingan. Oz bo‘lsa-da, o‘zbek tilining fonetikasiga moslashtirilganligi sababli uning o‘zlashmaligi sezilmay qolgan. Shunga qaramay, so‘zlashuv uslubida karta shaklida ham qo‘llab kelingan. O‘zbekistonda ham naqd pulsiz to‘lov, elektron to‘lov amalga oshiriladigan buyum karta deb atala boshladi. Karta so‘zining ushbu yangi ma’nosi ham metafora usuli bilan hosil bo‘lgan, chunki bu buyum shakli qartaning shakliga o‘xshash.
Tadqiqotlarimiz davomida ma’lum bo‘ldiki, hozirgi o‘zbek tilida bitkoin, kriptovalyuta, polis, kooperatsiya, tender, videoselektor, geostrategik, konsensus o‘zlashma so‘zlari tilimizning uzual qatlamidan joy olish jarayonida ekan. Ushbu so‘zlarning o‘zbek tilida qo‘llanilishi o‘zini oqlaydi. Bu so‘zlar yangi tushunchalarni ifodalab tilimizga qabul qilingan. Jumladan, “Maslahatlashuv uchrashuvlari mintaqadagi barcha davlatlar vakillari ishtirok etadigan muhim format bo‘lib, ularning asosiy tamoyillari konsensus va tenglikdir” jumlasida konsensus o‘zlashmasi faqat “kelishuv” ma’nosini ifodalamagan. Mazkur o‘zlashma so‘z huquqshunoslikka oid bo‘lgan “har ikki tomonning roziligi asosida
kelishuv” ma’nosini ifodalagan. O‘zbek tilida ushbu tushunchani “kelishuv” so‘zi bilan aytish ham mumkin, ammo yuridik soha vakillari kelishuv so‘zida “o‘zaro til biriktirmoq” semasi borligi uchun xorijiy terminni tanlab qo‘ya qolgan. Yoki “xulosaga kelish” birikmasida “har ikki tomonning roziligi asosida” semalari joy olmaydi. Shunga ko‘ra konsensus so‘zini keng tushunchani bitta so‘z bilan ifodalagan o‘zlashma so‘z sifatida ma’qullash mumkin.
Shunday qilib, o‘zlashma so‘zlarning milliy til prizmasidan o‘tgandan keyin qabul qilinishi milliy ehtiyojlarni qondirishga xizmat qiladi. Bunday ta’sirdan o‘tkazilsa, o‘zbek tilida muqobili bor so‘zlar tilga qabul qilinishining oldi olinadi. Jamiyat a’zolari tomonidan ham e’tiroz uyg‘otmaydi.
Milliy til prizmasi ta’siriga berilmay qabul qilinayotgan tilda muqobili bo‘laturib olingan so‘zlarni qo‘llashni boshlagandayoq muqobiliga almashtirish kerak. Xalq tilida ommalashib bo‘lgandan keyin ularni tildan chiqarib tashlash ham, muqobilini qo‘llash ham samara bermaydi. So‘z xalq tiliga o‘rnashib ketgandan keyin har qancha yaxshi va mos muqobil so‘z aniqlanmasin, so‘zlashuv jarayonidan chiqib ketishi qiyin bo‘ladi. Chunonchi, mustaqillikning boshlarida o‘zbek tilida “rezina idish” ma’nosidagi baklajka so‘zi ishlatilishga o‘tdi hamda juda ham faollashib ketdi. Jurnalistlar, yozuvchi va shoirlar baklajka atamasining o‘rniga ko‘plab muqobil so‘zlarni topgan bo‘lsalar ham, hanuz xalqimiz baklajka so‘zidan foydalanib kelmoqda. Til sofligini imkon qadar saqlash uchun o‘zbek tili egalarida til ma’naviyatini shakllantirib olishimiz kerak. Shunday malaka paydo qilinsa, chet so‘zni qo‘llayotgan jurnalist yoki ma’lum bir soha mutaxassisi o‘zbekcha muqobilini qidirib topishni o‘rganadi.
Ayni paytda ma’lum bir chet so‘zni qabul qilish kerakmi, yo‘qmi, deb o‘ylanib o‘tirguncha bu kabi olinma so‘zlar juda shitob ravishda tillarga kirib bormoqda. Bunday salbiy holatlarning oldini olish uchun chet so‘zni ilk bor qo‘llayotgan kishi – u jurnalistmi yoki boshqa soha mutaxassisimi, avvalo, o‘z-o‘ziga, “Ushbu chet so‘zning o‘rnini bosadigan so‘z tilimizda yo‘qmikan?” degan savolni berishi, o‘zi qo‘llamoqchi bo‘lgan har bir yangi olinma so‘zga ana shunday munosabat, talab bilan yondashishi maqsadga muvofiqdir.
Muqaddamxon EHSONOVA,
FarDU tadqiqotchisi