“MILLIY SERTIFIKAT” OLISH UCHUN “SUPERMEN” BO‘LISH KERAKMI?!
Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan tarix fanidan milliy sertifikat uchun test sinovlari 21-may kuni o‘tkazildi. Afsuski, o‘tgan sinov jarayoni ko‘plab o‘qituvchilarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi va hafsalasini pir qildi.
Men ham ushbu sinov jarayonida ishtirok etdim. Jiddiy tayyorgarlik koʻrgan edim. Oila, bola-chaqa ─ barchasini bir chetga surib tayyorlanish oson emas. Yigirma foizlik ustamaga ilinarmikanman, oyligimga biroz boʻlsa-da, qoʻshilar edi, degan xayollar bor edi.
Ushbu sinov jarayoniga oʻziga ishongan, bilim darajam yetadi, degan oʻqituvchilar borishgan, deb oʻylayman. Chunki 450 000 soʻm toʻlovi bor. Bu kimlar uchundir arzimagan pul, lekin biz oʻqituvchilar uchun arzimas emas. Ammo jarayon ko‘plab oʻqituvchilarda norozilik uyg‘otdi, nazarimda. Masalan, quyidagi holatlar oʻqituvchilar eʼtiroziga sabab boʻldi:
Milliy sertifikat testi tarix fani uchun 45 ta savoldan iborat boʻladi, deyilgan. Lekin oxirgi 36─45-savollarning har birida ikkitadan: a va b tarzida topshiriq berilgan. Jami savollar ellik beshta boʻlyapti;
Savollarga javob berish uchun toʻqson daqiqa vaqt ajratilgan. Bu yetarli emas. Chunki savollarning koʻpi uzun, javoblarning baʼzisida oʻnta, oʻn beshtagacha variantlarni koʻrib chiqish kerak. Oʻqib chiqquncha vaqt oʻtib ketdi. Savollar fikrlash, tahlil qilishga undovchi. Hamma shoshilganidan stress holatida boʻldi;
Ajratilgan vaqt davomida titul varagʻiga ham belgilab ulgurish kerak. Titulga belgilash uchun kamida yigirma daqiqa vaqt zarur (menga oʻxshagan koʻzoynak taqadiganlarga oson emas). Javoblar varagʻiga belgilash uchun alohida qoʻshimcha vaqt ajratilishi kerak edi;
Testlar barchasi amaldagi darsliklardan emas. Eski darsliklardan ham tushgan. Agar eski darsliklardan ham savollar tuziladigan boʻlsa, oldindan ogohlantirish kerak emasmi?
Agar vaqt yetarli boʻlganida, testlar namunadagi tartibda tuzilganida juda koʻpchilik koʻzlagan maqsadiga erishgan boʻlardi. Shuni inobatga olgan holda yoki test jarayoni vaqt reglamentini toʻgʻri taqsimlab qaytadan oʻtkazilishi yoki 70 dan yuqori ball toʻplagan oʻqituvchilarga 20 foizlik ustama olish belgilanishi maqsadga muvofiqdir.
Yoshim 46 da. Koʻzim xiralashib boryapti. Baʼzan kitob oʻqishga ham qiynalib qolyapman. Bu kasbimiz mashaqqatidan deb bilaman. Ayniqsa, shu testdan chiqqanimdan soʻng nihoyatda asabiylashdim, chunki buning ortida mashaqqatli mehnat, uyqusiz tunlar bor edi. Bu holat bitta menda emas, deyarli koʻpchilik o‘qituvchilarda kuzatildi. Shu bois, koʻplab ustozlarning fikrlarini umumlashtirib “Maʼrifat” gazetasiga yoʻllar ekanmiz, eʼtirozlarimiz inobatga olinadi, degan umid bor. Yoki shunchaki dardimizni toʻkib qolaveramiz…
Muborak BO‘RIYEVA,
Olmaliq shahridagi 21-maktab tarix fani o‘qituvchisi:
Savollar o‘ziga yarasha murakkab, shunday ekan testni ishlash uchun vaqt yetarli bo‘lishi kerak. Vaqt yetmadi. Ko‘p savollar solishtirib, mantiqiy o‘ylab topiladigan bo‘lgani uchun 1 ta savolga 3-4 daqiqa vaqt ketdi.
Muzaffar Mirzo QOSIMOV,
Uzun tumanidagi 35-maktab tarix fani o‘qituvchisi:
Ochig‘i, kecha milliy sertifikat testiga kirib chiqib, “supermen” emasligimga afsuslandim. Chunki bu testlarni belgilangan vaqtda yechish uchun test javoblarini oldindan bilgan bo‘lish yoki “supermen” bo‘lish kerak. Kimda qanday bo‘ldi bilmadim-u, men jismonan ulgurmadim. Balki test tuzuvchilar tarixchilarni g‘ayrioddiy sehrli kuchga ega, deb o‘ylashgan. Nima bo‘lganda ham, tarix faniga muhabbatim boshqacha, hech kim buni o‘zgartira olmaydi.
Men ham ko‘plab tarixchi ustozlar qatori milliy sertifikat uchun astoydil tayyorgarlik ko‘rdim. Aslida 28 yillik tajribaga ega, 26 yil repetitorlik qilgan o‘qituvchiman. Bugungi kunda ishsizman. Sababi, men ishlayotgan ixtisoslashgan maktab Prezident ta’lim muassasalari agentligi qoshidagi ixtisoslashgan maktabga aylantirildi. Bu maktab uchun esa tanlov e‘lon qilindi. Shu paytlar hayotimda eng og‘ir davrlar edi. Turmush o‘rtog‘im og‘ir insultni boshidan o‘tkazdi. Qarovimga muhtoj bo‘lib qoldi. Meni esa oila tashvishlari, turmush o‘rtog‘imni davolatish uchun pul topish harakatlari, farzandlarim uchun xarajatlar, o‘g‘limning kontrakt tashvishlari juda charchatardi.
Biz oddiy o‘qituvchi oilasi edik. Turmush o‘rtog‘im ham kun bo‘yi dars o‘tib, maktabga keladigan tekshiruvchilar uchun soat 19 gacha tayyorgarlik ko‘rib, uyga yetib kelib insult bo‘lgan. Bizga mahalliy organlardan hech qaysisi yordam bermadi. Hozir qarz botqog‘idaman. Ollohga shukur, umr yo‘ldoshim ancha o‘zini tikladi. Ishsiz bo‘lsam-da, sentabrdan ish topilib qolar deb milliy sertifikat uchun tayyorgarlik ko‘rdim. Axir o‘z mehnati bilan oliy toifani olgan o‘qituvchiman.
Milliy sertifikatdagi jarayon esa meni ajablantirdi. Barcha o‘qituvchilar aldov qurboni bo‘lgan edi. Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan 45 ta test bo‘ladi deb va‘da berilgandi. To‘g‘ri, test savollari raqami 45 ta edi. Lekin har bir savol javobini topish kamida 150 ta ma‘lumot bilishni taqozo etardi. Vaqt esa 90 daqiqa. Aql bovar qilmaydi. Bunga ham chidasa bo‘lar, lekin nazoratchilarning qo‘polligiga chidab bo‘lmasdi. Avvallari mahalliy hokimliklar tomonidan o‘qituvchiga tazyiq o‘tkazilgan bo‘lsa, endi oddiy nazoratchilar ham o‘qituvchilarni tahqirlayotgan edi. Sinovli kunlarini yashayotganim uchun menga shunday tuyulgandir desam, boshqa ustozlar ham bundan nolishdi. Ana, jamiyatimizda o‘qituvchiga e‘tibor. O‘zimga juda achindim, chetdan o‘zimga qarab rahmim keldi, oliy ma‘lumotli, oliy toifali ishsiz... Kamiga shogirdlari nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham nufuzli joylarda ishlayotgan ustoz... Ustoz bo‘lganda ham g‘ururli, vatanini sevadigan, shogirdlaridan faxrlanadigan ustoz. Evaziga bugun ishsiz. Hech kim undan nima qilyapsan deb so‘ramaydi. Uning esa g‘ururi kuchli . . . Bu men ─ kosonsoylik Nigora YUSUPOVA”
Jumanazar NORMURODOV, Jarqo‘rg‘on tumanidagi
34-maktabning oliy toifali o‘qituvchisi:
Milliy sertifikat uchun tarix fanidan bo‘lib o‘tgan testda men ham qatnashdim. Testning murakkabligiga e’tirozim yo‘q, lekin vaqt masalasi umuman noto‘g‘ri taqsimlangan hamda amaldagi darsliklardan chetga chiqilganiga qarshiman. Nima, hozirgi amaliyotdagi darsliklarda yaxshi testlar yo‘qmi? Nima uchun eski darslikka murojaat qilinadi? Unday bo‘lsa, mayli, vazirlik bizga foydalanishimiz kerak bo‘lgan darsliklar ro‘yxatini shakllantirib e’lon qilsin. Bu milliy sertifikat testidan maqsad asli sog‘lom raqobatni shakllantirishmidi yoki o‘qituvchilarni sindirish? Bu ketishda milliy sertifikatga topshirishga hech kim bormaydi. Tasavvur qiling, maktabimizda 43 nafar pedagogdan bor-yo‘g‘i 2 nafar oliy toifali o‘qituvchi topshirdik, qolganlar xohlashmadi. Chunki ular jarayonni kuzatib turibdi. O‘ylab qoldim: boshqa soha vakillarini ham o‘z mutaxassisligi bo‘yicha shu tartibda saralansa, qanday bo‘larkan, necha foiz xodim yuqori natija ko‘rsatarkan?
Zilola UMAROVA,
Zafarobod tumanidagi 13-maktab tarix fani o‘qituvchisi:
Talabgorlar qatori bilim darajamni yana bir sinovdan o‘tkazish maqsadida tarix fanidan milliy sertifikat imtihonlarida qatnashdim. Ta’bimizni xira qilgan birinchi holat, ya’ni auditoriyaga kirish chog‘ida barchamizni xavfli retsedivist kabi tintuv qilishlari edi. Hozir hamma sohani innovatsiya jarayoni qamrab olgan bir vaqtda bu xunuk odat shaxsiyatimiz uchun haqoratdek tuyuldi. Auditoriyalardagi kuzatuv kameralari orqali ham qoidabuzarni aniqlash imkoni bor-ku. Test jarayoni uchun belgilangan 90 daqiqa 35 ta ochiq test, shundan 10 dan oshiqroq solishtirma va jadvalli savollarga ajratilgan. Har biri eng bilimdonlar uchun ham 5-7 daqiqani talab qiladi. Qolgan 10 ta javobi yoziladigan va har savolda 2 tadan yozma topshiriq uchun vaqt adolatli taqsimlanmagan. Savollar darajasi juda ajoyib, lekin foydalanilmayotgan eski tahrirdagi darsliklardan ham olinganligi yana bir chalkashliklarga sabab bo‘ldi. Yana ta’kidlayman, nazoratga xodimlarni muomala va muloqot madaniyatini hisobga olgan holda jalb etishlari shart. Chunki imtihonda davlat xoini yoki jinoyatchi emas, o‘qituvchilar va o‘qishga talabgor abituriyеntlar qatnashishdi. Fikrim yakunida milliy sertifikat imtihoni adolatli vaqt taqsimoti asosida takror o‘tkazilishini so‘rab qolaman.
Vahob KARIMOV,
Denov tumanidagi 59-maktab tarix fani o‘qituvchisi:
O‘qituvchilarga ijtimoiy-iqtisodiy imtiyozlar berilmas ekan, hech bo‘lmasa mana shu milliy sertifikat imtihonlarining o‘tish balini 70 ball qilib belgilash kerak, bosqichma-bosqich keyinroq ko‘tarsa ham bo‘ladi...
Xurshidbek KARIMOV
(Farg‘ona viloyati):
Avvalo tuzgan testlarini o‘qituvchilarga sinov tariqasida yechtirib, vaqtini aniq belgilab olish kerak edi. Hatto testni tuzgan odam ham bu vaqtda yechib belgilay olmaydi. Endi har xil ustozlar bor: yoshi katta-kichik, ko‘rish qobiliyati past – shularning imkoniyatlarini hisobga olish kerak edi.
Tarix fani oʻqituvchilari nomidan
Beshariq tumanidagi 22-maktab
oliy toifali tarix fani o‘qituvchisi Mahfuza SULTONAZAROVA tayyorladi