Fan olimpiadasining respublika bosqichiga kimlar yo‘llanma oldi
Avval xabar qilinganidek, respublikamizning barcha hududlarida 9–11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadasining III (hududiy) bosqichi o‘tkazildi.
— Andijon shahridagi 41-maktabda fan olimpiadasi ishtirokchilari uchun ajratilgan xonalarga kuzatuv moslamalari o‘rnatilib, jarayon to‘liq yozib olindi, — deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Shuhrat Qosimov. — Olimpiada avvalida hakamlar hay’ati a’zolari va ishtirokchilar tekshiruvdan o‘tkazildi. 7 nafar o‘quvchi telefon olib kirishga uringani aniqlanib, ularga bu holat noto‘g‘ri ekani tushuntirildi. Bellashuvda qatnashishi lozim bo‘lgan 1890 o‘quvchidan 41 nafari uzrli sabablarga ko‘ra ishtirok etmadi.
Yakunda 11-sinflardan 42, 10-sinflardan 44 hamda 9-sinflardan 84 nafar o‘quvchi olimpiadaning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. G‘olib o‘quvchilar ishining nusxasi, tegishli nazorat jadvallari RTMga taqdim etildi.
Shuningdek, boshqarma mutasaddilari tomonidan RTM vakiliga sinov jarayonini onlayn tarzda tashkil etish, tarix fanidan tuziladigan topshiriqlarda O‘zbekiston tarixi bo‘yicha manbalarga ko‘proq e’tibor qaratish yuzasidan takliflar bildirildi.
Fan olimpiadasining Toshkent viloyati bosqichida 2189 nafar o‘quvchi Nurafshon shahridagi 1-maktabda bellashdi.
11-sinflar o‘rtasida jami 45 ta yuqori o‘rin egallanib, ularning aksariyati Parkent tumani (12 ta), Angren (5 ta), Chirchiq (4 ta) shaharlari vakillari bo‘ldi. Chinoz, Yangiyo‘l, Qibray, Bekobod, Zangiota tumanlari hamda Nurafshon, Yangiyo‘l shaharlaridan birorta ham sovrinli o‘rinni olganlar qayd etilmadi. Shuningdek, tojik tili fanidan yetarli (76 dan yuqori) ball to‘planmagani bois, olimpiadaning respublika bosqichiga hech kim tavsiya etilmadi.
9-10-sinf o‘qivchilari o‘rtasida esa 152 nafar sovrindor aniqlandi, ular kelasi yili fan olimpiadasining viloyat bosqichida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etadi.
Qarshi shahridagi 2-IDUMIda o‘tkazilgan bellashuvda 564 nafar 11-sinf, 647 nafar 10-sinf, 712 nafar 9-sinf hamda viloyat ko‘zi ojiz bolalar maxsus maktab-internatining 18 nafar o‘quvchisi qatnashdi, 55 nafar o‘quvchi uzrli sabablarga ko‘ra ishtirok etmadi. Viloyatning uzoq tumanlaridan kelgan o‘quvchilar uchun Qarshi shahridagi 18-maxsus maktab-internat va Abdulla Oripov nomidagi IDUM yotoqxonalari ajratildi.
— Nazoratdan o‘tkazish payti 5 nafar, sinov jarayoni vaqtida fransuz tili fanidan 1 nafar 10-sinf o‘quvchisi uyali aloqa vositasidan foydalanishga uringani uchun olimpiadadan chetlatildi, — deydi Qashqadaryo viloyat XTB boshlig‘i o‘rinbosari Maxsud Panjiyev. — Yakunda 11-sinfda 48, 10-sinfda 51, 9-sinfda esa 90 nafar o‘quvchi fanlar kesimida olimpiadaning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Mezbon shahar o‘quvchilari 9, g‘uzorliklar 7, Kitob tumani ishtirokchilari esa 6 ta fan bo‘yicha kuchli uchlikdan o‘rin oldi. Chiroqchi tumanidan birorta o‘quvchi sovrinli o‘rinni band eta olmadi.
Samarqand shahridagi 9-maktabda yig‘ilgan 1346 nafar 9-, 10- va 11-sinf o‘quvchilaridan 177 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Dastlab 424 nafar 11-sinf o‘quvchisi 18 ta fan bo‘yicha yozma va test sinovlarini topshirdi. Samarqand shahridan 12, Narpaydan 5, Bulung‘urdan 4 nafar o‘quvchi g‘olib bo‘ldi. E’tiborlisi, mamlakat bosqichiga yo‘llanma olgan 45 nafar g‘olib orasida o‘tgan va joriy yilgi Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari Hilola Rasulova (nemis tili), Samarqand shahridagi 51-IDUMI o‘quvchisi Dildora O‘roqova (matematika) hamda “Yosh kitobxon” respublika tanlovi g‘olibi Mohiniso Shomurodova (ona tili va adabiyot) ham bor. Biroq Qo‘shrabot, Paxtachi tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahridan ishtirok etgan o‘quvchilarning birortasi navbatdagi bosqichga o‘ta olmadi.
9-sinf o‘quvchilari o‘rtasida Samarqand shahri (13 nafar), Pastdarg‘om va Oqdaryo tumanlari (9 nafardan) kuchli uchlikni band etdi. 10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida esa Samarqand shahri (9 nafar), Urgut (6 nafar), Narpay va Pastdarg‘om (4 nafardan) tumanlarining o‘quvchilari faol ishtirok etgan bo‘lsa, Nurobod va Jomboy tumanlarining birorta o‘quvchisiga g‘oliblik nasib etmadi.
— O‘quvchilarning o‘rtacha natijasi fanlar kesimida tahlil etilganda, o‘zbek tili va adabiyoti (rus guruhlarida) fanidan eng yuqori 92,8 ball qayd etildi. Eng past natija esa 9-sinf o‘quvchilari o‘rtasida fransuz tili (67 ball) fani bo‘yicha belgilandi, — deydi viloyat XTB bo‘lim boshlig‘i Nizomiddin Odilov. — Fan olimpiadasining shaffof va adolatli o‘tishiga alohida e’tibor qaratildi, apellyatsiya komissiyasi ingliz tili fanidan 9-sinfda 5 ta, 10-sinfda 2 ta hamda 11-sinfda 3 ta arizaga tegishli yechim topdi.
Termiz shahridagi 4-IDUMIda olimpiadaning viloyat bosqichi adolatli va shaffof o‘tdi. Bellashuvda qatnashishi lozim bo‘lgan 1065 nafar o‘quvchidan 28 nafari uzrli sabablarga ko‘ra ishtirok etmadi. Termiz shahridagi san’at saroyida 78 nafar g‘olib o‘quvchiga 1-, 2- va 3- darajali diplomlar tantanali ravishda topshirildi.
Muxbirlarimiz