Sergeli tumanida 4 ta maktab qurilmoqda
Prezidentimizning 2016-yil 22-noyabrdagi “2017—2021-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq uy-joyga ehtiyojmand aholi qatlami ro‘yxatga olinib, minglab hamyurtlarimiz yangi xonadon sohibi bo‘lmoqda.
Poytaxtimizning Sergeli tumanida ham qisqa vaqtda yangi massivlar paydo bo‘ldi. Ayni paytda bu yerda ko‘plab uylar qurilib, egalariga topshirildi. 1, 2 va 3 xonali uylar aholiga imtiyozli kredit asosida, arzon narxlarda berilyapti.
Ko‘rkam va salobatli ko‘pqavatli uylar, toza va ozoda ko‘chalar, sport komplekslari, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari havasingizni oshiradi. Bunday go‘zal maskanda qo‘ni-qo‘shnilar ham ahil va birdam bo‘lib yashaydi. Hammasi yaxshi, hammasi go‘zal. Havas bilan yangi ko‘chib kelgan xonadon egalarini suhbatga tortdik.
— Ko‘chib kelganimizga bir yil bo‘ldi, — deydi Sergeli 7-“A” qurilish hududida yashovchi Iroda Komilova. — Uylarimiz shinam, sifatli barpo etilgan. Ko‘chalarimiz obod. Ammo hududimizda hali ham maktab va bog‘cha ishga tushmagani ko‘plab yangi ko‘chib kelganlarga noqulaylik tug‘diryapti. Farzandlarim Uchtepa tumanidagi 38-maktabda tahsil olardi. Sergeli tumaniga ko‘chib kelganimizdan so‘ng bu yerdagi ta’lim sifati yaxshi maktablarni surishtirdik. Va ikki nafar maktab yoshidagi farzandimni 6- va 300-IDUMga joylashga urindim. Ammo bu maktablarda o‘quvchi soni ko‘pligi sababli qabul qilishmadi. Natijada o‘tgan o‘quv yili davomida bolalarim masofa uzoq bo‘lishiga qaramasdan yana o‘zlari tahsil olgan maktabga qatnab o‘qishdi. Juda ko‘p yangi ko‘chib kelgan qo‘shnilarim shu muammoga duch keldi. O‘zingizga ma’lum, imtiyozli kredit asosida olingan uylar asosan davlat va jamoat ishida ishlaydigan oilalarga berilgan. Ota-onasi har kuni ishlaydigan bolalarni uzoqdagi maktabga olib borib, olib kelish qiyinchilik tug‘diradi. Endi hammamizda yana savollar: bu o‘quv yilida hududimizda yangi maktab ochilarmikan? Yangi maktabning shuncha ko‘pqavatli uylarda yashayotgan barcha maktab yoshidagi bolalarni qamrab olishga quvvati yetadimi?
“Barcha o‘quvchilarni qamrab olishga quvvatimiz yetadi!”
Sergeli tuman xalq ta’limi bo‘limi mutaxassislarining ma’lumotiga ko‘ra, tumanda 25 ta umumta’lim maktabi va 1 ta “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot markazi mavjud. 2017-yili Prezident qarori asosida 6-“A” hududida yangi uylar qurilishi barobarida 630 o‘rinli yangi maktab foydalanishga topshirilgan edi.
— Bugungi kunda tumanimizda yangi massivlar barpo etilayotgani sababli aholi soni keskin oshib bormoqda, — deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari O‘tkir Turg‘unboyev. — Bu esa, tabiiyki, ta’lim muassasalariga bo‘lgan talabni oshiradi. Mavjud holatdan kelib chiqib bugun tumanda mavjud maktablarda qo‘shimcha binolar qurish, ayrim kasb-hunar kollejlari binolarini maktabga aylantirish ishlari boshlab yuborilgan. Ayni kunlarda Ne’mat Qahhor ko‘chasidagi 267- hamda Uzar ko‘chasida joylashgan 303-maktablarda o‘quvchi soni ko‘pligini inobatga olib, 360 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilyapti. Ishlar yakuniga yetay deb qoldi. Binolar yangi o‘quv yilidan ishga tushadi. Shuningdek, tumanimizda barpo etilayotgan yangi turarjoylar orasida jami 4 ta maktab qurilmoqda. Ushbu maktablarga mahoratli, bilimli o‘qituvchilarni saralab olishga katta e’tibor qaratyapmiz.
“O‘zshaharqurilishinvest”ga xat bilan murojaat qilib, uylarning qurilish-montaj ishlari qachon oxiriga yetkazib, topshirilishi haqida ma’lumot oldik. Tashkilot joriy yilning sentabr-oktabr oylarida uylar bitishini ma’lum qildi. Shunga muvofiq hozirda mazkur hududlardagi maktablarni ham oktabr oyigacha foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ushbu maktablar 4 qavatli, 1 680 o‘ringa mo‘ljallangan. Tuman hokimligi bilan hamkorlikda ko‘chib kelishi kutilayotgan aholi va ularning maktab yoshidagi farzandlari sonini o‘rganib chiqdik va shunga muvofiq ko‘p o‘rinli maktablar qurish loyihasini taklif etdik. Shu bilan birga, hozirda Toshkent moliya-iqtisodiyot kolleji binosida ham yangi umumta’lim maktabini tashkil etish ustida ish olib borilyapti. Mazkur ta’lim muassasasi binosi 1 080 o‘rinli bo‘lib, bu binoda yangi maktabning ishga tushishi hududda joylashgan 1,75 (6-IDUM) va 1,69 (7-maktab) koeffitsiyentda ishlab kelayotgan ta’lim muassasalaridagi o‘quvchi sonini me’yorlashtirishga yordam beradi. Choshtepa hududida ham katta turarjoylar qurilishi avjida. Hozircha bu hududdagi 32-maktab quvvati bu yerda istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi o‘quvchilarni qamrab olishga yetadi. Kelgusi yildan esa mazkur hududda ham 960 o‘rinli yangi ta’lim muassasasi barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Tuman xalq ta’limi bo‘limi yangi ko‘chib keluvchi barcha maktab yoshidagi o‘quvchilarni qamrab olish, ota-onalarga qulayliklar yaratish, ularning barcha savollariga javob berish maqsadida call-centr va @sergeliTXTB_bot faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Ota-onalar (71) 257-20-93 telefon raqami orqali farzandini maktabga joylashtirish va tumandagi ta’lim maskanlari borasida ma’lumotlarni olishi yoki o‘z muammolari bilan murojaat qilishi mumkin.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri