Biologiya darsliklaridagi kamchiliklarni takomillashtirish bo‘yicha olim va pedagog takliflari
Bugungi kunda ta’limning bosh maqsadi har tomonlama kamol topgan, jamiyatda ro‘y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarga moslashgan, ta’lim va kasb-hunar dasturlarini ongli ravishda tanlab puxta o‘zlashtirgan, jamiyat, davlat va oila oldidagi o‘z javobgarligini his etadigan shaxslarni tarbiyalashdir. O‘quvchining bilim, ko‘nikma va malakalarini bir-biri bilan uzviy ravishda shakllantirishda o‘qituvchidan yuksak pedagogik mahorat talab etiladi. Albatta, bu borada o‘qituvchi uchun eng yaxshi ko‘makchi qo‘shimcha metodik materiallar bilan birga maktab darsligidir.
Darsliklarning barcha o‘quv talablariga mos bo‘lishi, ularda berilayotgan ma’lumotlarning aniq ilmiy manbalar bilan boyitilishi, o‘quvchi psixologiyasiga mos va mavzulardan so‘ng berilayotgan topshiriqlarning zamonaviy ta’lim tizimi talablaridan kelib chiqqan holda tuzilishi o‘quvchining puxta bilim egallashi bilan birga, butun bir mamlakat ta’lim sifatining garovi hisoblanadi. Shuni hisobga olgan holda darsliklarimizda uchraydigan kamchiliklarni bartaraf etishda biologiya fani o‘qituvchisi va shu yurtning farzandi sifatida har birimiz mas’uldirmiz.
Tabiiyki, har qanday darslikning yaratilishi mashaqqatli mehnat va tinimsiz izlanish natijasi hisoblanadi. Lekin nashr qilinayotgan ayrim darsliklarda uchrayotgan nomutanosibliklar o‘quvchining puxta bilim olishi uchun ham, o‘qituvchining esa ta’lim jarayonini sifatli tashkil qilishi uchun ham noqulayliklarni yuzaga keltiradi.
Biz quyida to‘xtaladigan ayrim kamchiliklarning to‘g‘rilanishi ta’lim tizimida biologiyaning ham fan sifatida yuksak ravnaq topishiga munosib zamin bo‘lishiga ishonish mumkin. Masalan, 9-sinf “Biologiya” darsligining yangi nashri misolida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, quyidagi kamchiliklarga duch kelamiz:
1) 2-§ “Tiriklikning tuzilish darajalari” mavzusida populyatsiya va tur darajalari bir o‘rinda ko‘rsatilgan. Aslida tur populyatsiyadan katta daraja sifatida ko‘rsatilishi kerak edi.
2) 4-§ “Prokariot hujayralar” mavzusida prokariot organizmlarning amitoz usulda bo‘linib ko‘payishi haqida yoziladi. Aslida bu hujayralar teng ikkiga — binary bo‘lish yo‘li bilan ko‘payadi. Amitoz bo‘linish yo‘li bilan emas. Bundan tashqari, xuddi mana shu mavzuda prokariotlarga bakteriyalar va ko‘k-yashil suvo‘tlar kiradi, degan ma’lumot beriladi. Aslida prokariotlarga bakteriyalar va arxeylar kiradi. Ko‘k-yashil suvo‘tlari bakteriyalar tarkibiga kiruvchi alohida tip xolos. Yana shu mavzuda ko‘k-yashil suvo‘tlariga mansub o‘simliklarning lotincha nomlari xato beriladi: Kitobda Chroccoccus, Ossillatoria tarzida berilgan, aslida bular Chroococcus, Oscillatoria ko‘rinishida bo‘lishi kerak edi.
3) 6-§ “Zamburug‘lar dunyosi” mavzusida mikorizaning ikki turi: tashqi (ektotrof) va ichki (endotrof) turlari borligi haqida yozilgan. Aslida mikologiya kursidan bilamizki, mikorizaning uchta — ektotrof, endotrof va ektoendotrof kabi turlari mavjud. Darslikda endotrof mikoriza haqida ma’lumotlar yetarli emas deb yozilgan. Biroq fandagi mavjud dalillar buning teskarisini aytmoqda, ayni vaqtga kelib mikorizaning har biri to‘liq o‘rganilgan, ularning vazifasi, tuzilishi, bir-biridan farqi aniq-tiniq qilib ko‘rsatib o‘tilgan. Qolaversa, ushbu mavzuda ham lishayniklarning ilmiy nomida xatoliklar mavjud, jumladan, darslikda Kladonia, Usneya barbata, Xanrotia pariyentina shaklida beriladi, haqiqatda esa bu nomlar Cladonia, Usnea barbata, Xantoria parientina ko‘rinishida yozilishi lozim.
4) 9-§ “Hujayrani o‘rganish tarixi va hujayra nazariyasi” mavzusida “zamonaviy hujayra nazariyasi 5 ta qoidadan iborat” deb beriladi, lekin aslida rivojlangan davlatlarda o‘qitiladigan darsliklarda zamonaviy hujayra nazariyasi 7 qoidadan iboratligi yozilmoqda.
5) 11-§ “Eukariot hujayralar” mavzusida eukariot organizmlarga sodda hayvonlar (bu ham aslida sodda hayvonlar deyilishi kerak emas, soddalilar deyilishi lozim edi, chunki bu olam vakillari hozir hayvon hisoblanmaydi), zamburug‘lar, o‘simliklar va hayvonlar kiradi deb 4 ta olamni sanab o‘tilgan. Biroq zamonaviy biologik sistematikada eukariotlar ayni vaqtda 5 ta olamni o‘z ichiga olishi aytiladi. Darslikda xromistlar olami tashlab ketilgan.
6) 13-§ “Mitoxondriya, plastidalar, lizosomalar va sitoplazmaning boshqa organoidlari” mavzusida “Mitoxondriyalar yarim avtonom organoid bo‘lib, ularning membranalararo bo‘shlig‘ida DNK, RNK va ribosomalar bo‘ladi” deb yozilgan, biroq bilamizki, mitoxondriyaning membranalararo bo‘shlig‘ida bunday narsalar yo‘q, aksincha ular mitoxondriya kristallarining ichida joylashgan bo‘ladi.
7) 33-§ “Hujayraning oziqlanishi” mavzusidagi 86-betda berilgan ma’lumotda “Fotosintezning qorong‘ulik bosqichi yorug‘da ham, qorong‘uda ham amalga oshganligi uchun qorong‘ulik bosqichi deyiladi”, deb yozilgan. Lekin aslida fotosintez bosqichlari yorug‘likka bog‘liq va bog‘liq bo‘lmagan 2 ta qismdan iborat. Yorug‘likka bog‘liq bo‘lgan bosqich ba’zan qorong‘ulik bosqichi ham deyiladi. Ammo har ikkala bosqich faqat yorug‘likda amalga oshadi. Qorong‘ulik bosqichi qorong‘uda amalga oshmaydi. Aynan mana shu mavzu so‘ngida berilgan masala shartida ham xatolik mavjud. Chunki o‘simliklarda yorug‘lik energiyasi hisobiga glyukoza parchalanmaydi, aksincha sintezlanadi va ATF sarflanadi.
8) 35-§ “Hujayrada plastik almashinuv” mavzusi so‘ngida berilgan 4-masala sharti nazariyaga muvofiq emas. Chunki 12 mol CO2 ajralgan vaqtning o‘zida, ya’ni glyukozaning kislorodli sharoitda to‘liq parchalanishidan 12 mol karbonat angidrid hosil bo‘lsa, sintezlangan ATF 76 mol bo‘ladi. Holbuki, masala shartida 40 mol ATF glikoliz va to‘liq parchalanishdan chiqayotgani nazarda tutilyapti.
Bu kabi kamchiliklar boshqa sinflarning “Biologiya” darsliklarida ham uchraydi. Masalan:
9) 7-sinf “Biologiya (Zoologiya)” darsligi sistematik jihatdan kattagina tahrirga muhtoj. Jumladan, Soddalilar (Protozoa) olami hayvonlardan ajratilgani haqida hech qanday ma’lumot berilmagan, ularning sistematik klassifikatsiyasi hozirgi zamonaviy klassifikatsiyaga deyarli to‘g‘ri kelmaydi. Ko‘pchilik biologlar tomonidan o‘simlik sifatida e’tirof etiladigan volvoksni o‘zbek o‘quvchilari hamon hayvon deb o‘qimoqdalar. Yoki alohida xromistlar olamiga ajratilgan tufelka kabi hujayrasida xloroplastga ega boshqa eukariot organizmlarni tutuvchi eukariot organizmlarning yangi sistematik holati haqida ham hech narsa deyilmagan. Bo‘shliqichlilar guruhuning sistematikasida ham ayni holatni ko‘rish mumkin. Ular ayni vaqtda tip emas, undan yuqori sistematik birlikka aylangan bo‘lib, o‘z ichiga ikki: knidariyalar va taroqlilar tipini oladi. Darslikdagi mavzular zamonaviy ilm-fan klassifikatsiyasiga to‘g‘ri kelmaydi. Darslikning umurtqali hayvonlar qismida ham shu kabi kamchiliklar ko‘zga tashlanadi. Jumladan, karpsimonlar turkumi haqidagi mavzuda Orol dengizi va unga quyiladigan daryolarda uchraydigan laqqa mana shu turkumga kiradi deb aytiladi. Aslida esa laqqa alohida laqqasimonlar turkumiga kiritilganiga ancha bo‘lgan. Tuyaqushsimonlar turkumi haqida ham ayni shu gapni aytish mumkin. Aslida qushlar sinfi ikki infrasinf: ko‘krak toj suyaksiz va uchadigan qushlarga bo‘linadi. Birinchi infrasinfga tuyaqushsimonlar, kazuarsimonlar, nandusimonlar, kivisimonlar, tinamusimonlar kabi 5 ta turkum kiradi. Darslikda esa ushbu qushlar shundoqqina bir turkumga kiritib yuborilgan. Sutemizuvchilar sinfida ham shunga o‘xshash holatga duch kelish mumkin. Masalan, kurakoyoqlilar turkumi sifatida berilgan alohida turkum ancha avval yirtqichlar turkumining alohida oilasi sifatida ushbu turkumga qo‘shib yuborilgan, o‘zbek o‘quvchilari esa bu ma’lumotni mana necha yil o‘tgan bo‘lsada bilmaydi. Darslikdagi kamchiliklar faqatgina sistematik klassifikatsiya bilan chegaralanib qolmagan, balki hayvonlarning tur soni, ularning hozirgi holatiga oid ma’lumotlar ham ancha eski va real holat bilan to‘g‘ri kelmaydi.
10) 5- va 6-sinf darsligidagi “To‘qima” mavzusi bu yoshdagi o‘quvchilar uchun anchagina murakkablik qiladi. 5-sinfda o‘quvchilar endi biologiya olamiga kirib kelayotgan bir davrda ular uchun “meristema, xlorenxima, parenxima, epiderma, periderma, sklerenxima, sklereid” kabi murakkab ilmiy terminlarning berilishi ularning fanga nisbatan qiziqishlarining so‘nishiga sabab bo‘lishi mumkin.
11) 6-sinfda “Urug‘lanish”, “Bargning ichki tuzilishi”, “Barglarning suv bug‘latishi”, ulotriksning jinsiy ko‘payishi mavzularidan so‘ng shu o‘rganilgan nazariy bilimlarni mustahkamlash uchun masalalarning topshiriq sifatida berilishi fanlararo bog‘liqlikni yuzaga keltiradi va o‘quvchilarda mavzuni yanada yaxshiroq tushunish imkonini beradi. Masalan, bargning ichki tuzilishini o‘rganish 5-sinf o‘quvchisi uchun ham, 6-sinf o‘quvchisi uchun ham biroz murakkablik qilishi mumkin. Lekin o‘quvchiga quyidagi masala toshiriq sifatida berilsa bo‘ladi: “Ituzum o‘simligi barglarining ustki va ostki qismidagi barg og‘izchalari nisbati 5:2 ga teng. Agar jami barg og‘izchalari soni 700 ta bo‘lsa, ituzum o‘simligida necha juft barglar mavjud?”. O‘quvchi dastlab bu masalani ishlash uchun nazariy bilimni puxta egallashga harakat qiladi va shu tariqa mavzu odatdagidan yaxshiroq o‘zlashtiriladi.
12) 6-sinf darsligidagi 43-§ “Qirqbo‘g‘imlar bo‘limi” mavzusida qirqbo‘g‘imlar alohida bo‘lim sifatida taqdim etilgan. Aslida esa ushbu o‘simliklar qirqquloqlar bo‘limining bir sinfi sifatida o‘z sistematik o‘rnini o‘zgartirgan, afsuski, darslik mualliflari mana shunday katta o‘zgarishni nazardan chetda qoldirishgan.
13) 8-sinf “Biologiya” darsligining 122-betidagi neyronning tuzilishi tasvirlangan rasmda aslida 3-akson, 4-miyelin qobiq bo‘lishi kerak. Darslikdagi rasmda aksincha teskari tasvirlangan.
14) Genetika bo‘limiga doir dastlabki bilimlar 9-sinfda o‘rgatiladi. Lekin o‘rgangan nazariy bilimlarni mustahkamlash uchun bir yoki ikki soatlik masala yechish darslari yetarli emas. Shu bo‘limda masala yechish darslarini ko‘paytirish o‘quvchilarning genetik bilimlari yanada mustahkam bo‘lishiga yordam beradi.
15) 10-sinf darsligida “Odam genetikasini o‘rganish usullari” mavzusida Xardi-Vaynberg qonuni haqida qisqagina ma’lumot berilgan va bu qonunga oid biror masala namuna sifatida berilmagan. Holbuki, fan olimpiadalari, oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari va Xalqaro olimpiadalarda ushbu qonunga oid ko‘plab masalalar uchrashi hech birimiz uchun sir emas. Darsliklarimizni Xalqaro olimpiadaga tayyorlanish uchun ham asosiy manba bo‘la oladigan darajada takomillashtirsak, foydadan xoli bo‘lmas edi.
16) 10-sinf darsligining biotexnologiya bo‘limida gen injeneriyasida qo‘llaniladigan fermentlar haqida ma’lumotlar berilgan, lekin ushbu mavzu bilan bog‘liq masala yechish usullaridan hech qanday namuna ko‘rsatilmagan. Oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarida va fan olimpiadalarida esa ushbu mavzu bilan bog‘liq masalalar uchrab turadi.
17) 11-sinf darsligida berilgan mavzular hajmi juda katta. Mavzuni o‘quvchiga tushuntirish uchun 45 minut darsning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. 45 minut dars jarayoni o‘tilgan mavzuni takrorlash va yangi mavzuni mustahkamlash uchun ham taqsimlanishi hisobga olinsa, o‘quvchilarga yangi mavzuni tushuntirish uchun mavzular hajmi kattalik qiladi. Bu o‘rinda o‘quvchi katta mavzularni o‘zi mustaqil o‘rgansa bo‘ladi-ku, degan fikr bo‘lishi ham mumkin, lekin hajmi katta mavzularning aksariyatini tushunishda o‘quvchilar o‘qituvchi yordamiga tayanmoqda.
Darsliklarimiz har to‘rt yilda bir marotaba yangilanadi, buning uchun davlat budjetidan katta mablag‘ sarflanadi. Shunday ekan ulardagi har bir mavzu sohaning eng yangi ma’lu motlari bilan boyitilishi kerak, aks holda ularni qayta nashr qilishdan ma’no qolmaydi.
Shunday bo‘lsa-da, darsliklarimizdagi biologik turlarning soniga oid raqamlar mana so‘nggi 15–20 yildan beri deyarli o‘zgarishsiz deriladi. Shulardan ayrimlarini misol tariqasida keltirib o‘tamiz. Dastlab darsliklarda berilgan raqamlar, qavs ichida esa ayni vaqtda fandagi mavjud raqamlar aks ettirilgan: ra’nodoshlar oilasi — 3000 ga yaqin tur (4828 tur); karamdoshlar oilasi — 3000 ga yaqin tur (4060 tur); gulxayridoshlar oilasi — 900 tur (4225 tur); burchoqdoshlar oilasi — 12 ming tur (19 ming tur); tokdoshlar oilasi — 600 dan ortiq tur (910 tur); qovoqdoshlar oilasi — 800 ga yaqin tur (965 tur); loladoshlar oilasi — 400 ga yaqin tur (4075 tur); bug‘doydoshlar oilasi — 10 mingga yaqin tur (12 ming tur); zuluklar sinfi — 400 ga yaqin tur (aslida sinf emas, kenja sinf, 700 tur); qorinoyoqli mollyuskalar — 100 mingga yaqin tur (76 833 tur ); ikki pallali mollyuskalar — 30 mingdan ortiq tur (12 428 tur); boshoyoqli mollyuskalar — 650 ga yaqin tur (831 tur); tangachaqanotlilar turkumi — 150 mingga yaqin tur (180 ming atrofidagi tur); akulalar turkumi — 250 tur (aslida akulalar bitta turkum emas, 9 turkumdan iborat va o‘z ichiga 551 turni oladi); skatlar turkumi — 350 ga yaqin tur (aslida skatlar ham bitta turkum emas, ular 675 turni o‘z ichiga oluvchi 4 turkumdan iborat). Xullas, bu ro‘yxatni juda uzoq davom ettirishimiz mumkin.
Bildirilgan fikrlarga xulosa qilgan holda, darsliklarimizdagi kamchilik va muammolarni birgalikda hal qilishimiz va ulardagi ma’lumotlarni har nashr qilishdan avval zamon talablariga muvofiq fan yangiliklari bilan boyitib borishimiz har bir yoshga yetarli bilim bera olish vazifamizni bajarishda munosib hissa qo‘shadi, deb hisoblaymiz.
Sadoqat QO‘CHQOROVA, Jondor tumanidagi 49-IDUM oliy toifali biologiya fani o‘qituvchisi, “Yilning eng yaxshi biologiya fani o‘qituvchisi-2017” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘olibi
Baxtiyor SHERALIYEV, Xitoy Xalq Respublikasi Chongqing shahri Janubi-g‘arbiy universitet doktoranti, biolog