“Maktab direktorini “ushlash” kerak!”
Assalomu alaykum, “Ma’rifat” gazetasining mushtariylari! O‘zim guvoh bo‘lgan bir vaziyat haqida yozsammi, yozmasammi, deb ko‘p o‘yladim. Qo‘shiqda aytilganidek, “aytsam tilim, aytmasam dilim kuyar”.
Tuman markazidagi oshxonalarning birida ovqatlanayotganimda, yaqinimdagi stolga ikki kishi kelib o‘tirdi. Qo‘shnilarimning o‘zaro suhbati boshlandi. Avvaliga e’tibor bermadim. Birovning suhbatini tinglash odatim yo‘q. Ularning kimligi, qaysi muassasada ishlashi menga noma’lum (taxminimcha, tuman hokimligida) va bilishni ham istamasdim.
“…-maktabdagilar yozibdi. Yozganning aybini topib, o‘ziga yopishtirish kerak. Shundan nechta 300 ta 25 mingdanmi? Ha, 30 nafar maktab direktorini ushlash kerak. Dekabr oyligidan pulini taxtlab berasan deyish kerak, tamom!”. Beixtiyor burilib qaradim.
Nega boshqa tashkilot rahbari emas, aynan maktab direktori?
Bu voqeani o‘zim o‘qituvchi bo‘lganim uchun aytmayapman, direktor rahbar bo‘lgani uchun aybdormi? Pandemiya sharoitida jonini xatarga qo‘yib, o‘z vazifasini sidqidildan bajarayotgan, o‘quvchilarini o‘z farzandiday ardoqlab, ta’lim-tarbiya berayotgan, kechalari shogirdlar taqdirini o‘ylab tong ottiradigan o‘qituvchilar boshqa tashkilotlarning og‘irini yengil qiladigan xizmatchimi? O‘qituvchining maoshiga nega “xo‘jayinlik” qilib hukm chiqarishadi.
Direktor ham farzandining to‘lov-kontraktini to‘lashi kerak, ro‘zg‘or qilishi kerak. Ularning ham o‘ziga yarasha ehtiyojlari bor. Qimmatli umrining oltinga teng daqiqalarini shogirdlarining ilm olishi uchun sarflaydi. Kun bo‘yi maktabda bo‘lgani sabab qo‘shimcha daromad qilishning iloji yo‘q. O‘sha “akaxon” bu fikrlarni hech o‘ylamasdan aytdi. Afsuski, bu kabi holatlar juda ko‘p uchramoqda. Xalq ta’limi xodimiga boshqa tashkilotlar tomonidan “yuk” ortilaversa, hamma o‘z qornini o‘ylasa, qo‘llab-quvvatlash o‘rniga oylikni talon-toroj qilishni rejalashtirishsa, qanday qilib ta’lim sifati yuqori bo‘lsin?
Xalq ta’limi xodimi aybdormi? Agar shunday bo‘lsa aybi nima?
Umida UMIRQULOVA, Qumqo‘rg‘on tumanidagi 46-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi