Yangi uyda, yangi maktabda!
Poytaxtimizning Sergeli tumanida o‘tgan bir yil mobaynida yangi uy-joylar qurilishi minglab oilalarga quvonch hadya etdi.
Yangi, ko‘rkam binolar oralab yurarkansiz, mo‘jazgina ta’lim maskaniga duch kelasiz. Uning katta va ko‘m-ko‘k sport maydoniga, keng imkoniyatiga havas qilmay o‘tolmaysiz. Mazkur ta’lim muassasasida eng baxtli pedagoglar faoliyat olib boryapti. Bir qarashdayoq ularning ko‘tarinki kayfiyati, hayotga ishonchi va tashabbuskorligi seziladi. Zero, ularning ko‘pi tugallangan yilda yangi uy egasi bo‘ldi. Xuddi shu yili yangi qurilgan zamonaviy maktabda ish boshladi.
Guljahon Najimova bayramni har doim oila davrasida, ko‘tarinki kayfiyatda kutib oladi.
— Soat millari 24:00 ga yaqinlashgan sari oldimizda turgan rejalarni muhokama qilish oilamiz an’anasiga aylangan, — deydi Guljahon opa. — Masalan, 2017-yil sarhisobida yangi uy olishni rejalashtirdik. Chunki ko‘p yillar ikki farzandimiz bilan bir xonali, ko‘pqavatli uyda yashab kelardik. Bolalar ulg‘aygani sayin, ehtiyoji ham kattalashib borarkan. Nazarimda, ana shu ehtiyojlarni asta-sekinlik bilan ta’minlash hayotning asl mazmuniga o‘xshaydi.
Qahramonimiz 18 yillik ish tajribasiga ega pedagog. O‘quvchilarning sevimli ustozi. Izlanish va harakatdan charchamaydigan inson. 1996-yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini tamomlab, o‘zi orzu qilgandek, maktabda matematika muallimasi bo‘lib ish boshladi.
2017-yilda Guljahon opa turmush o‘rtog‘i bilan maslahatlashib, Prezidentimizning 2017-yil 23-oktabrdagi «2017—2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Toshkent shahrining Sergeli tumanida qurilayotgan yangi turarjoylarga navbatga yoziladi. Qisqa muddatda ular yangi uy bilan ta’minlandi.
— Keng, shinam, zamonaviy shart-sharoitga ega uy yashashga ishtiyoqni oshiradi, — deydi quvonch bilan ustoz. — Farzandlarim ham yangi uyda har doimgidan shodon ko‘rinyapti. 2017-yil adog‘ida qilgan niyatlarimiz to‘la-to‘kis ijobat bo‘lganidan baxtiyorman. Qolaversa, 2018-yili men uyimga yaqin masofada yangi tashkil etilgan 55-maktabda ish boshladim. Har doim o‘z kasbimdan faxrlanib, unga mehr qo‘yib kelganman. Lekin hayotdan mamnun, baxtiyor insonning ishga mas’uliyati, tirishqoqligi, ishtiyoqi ham ikki karra yuqori bo‘lishini bugun o‘zimda his qilyapman. Maktabimizda zamonaviy laboratoriya, informatika xonasi, sport zali o‘quvchilar ixtiyorida. 756 nafar o‘quvchiga 50 nafar pedagog saboq beradi. Bunday sharoitda ishlash o‘qituvchiga zavq bag‘ishlaydi.
Ta’lim muassasasi bilan yaqindan tanishish chog‘ida pedagoglarning asosiy qismi yosh mutaxassis ekaniga guvoh bo‘ldik. Ularga Guljahon Najimova kabi mahoratli, tajribali ustozlar kasb sir-asrorlarini o‘rgatishmoqda, zarur maslahatlar berishmoqda. Guljahon opaning jonkuyarligi, shirinso‘zligi, o‘quvchi va o‘qituvchilar ko‘ngliga yo‘l topa bilishi sababli, maktab jamoasi uni direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga munosib ko‘rishdi.
Zilola MADATOVA,
«Ma’rifat» muxbiri