Fan olimpiadasining tumani bosqichi
O‘quvchilarning bilimi, iqtidori va ijodiy qobiliyatini ko‘rsatishi, o‘zlari tanlagan fanlarga qiziqishini oshirish maqsadida har yili an’anaviy tarzda fan olimpiadasi o‘tkazib kelinmoqda. Poytaxtimizdagi 165-maktabda olimpiadaning Olmazor tumani bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda 1212 nafar o‘quvchi 15 ta fan kesimida o‘zaro bahs olib bordi.
Nizomga muvofiq, fan olimpiadasining tuman bosqichi matematika, informatika, tarix, davlat va huquq asoslari, iqtisodiy bilim asoslari, geografiya va chizmachilik fanlaridan ikki turda (test sinovi va amaliy ish), ona tili va adabiyot, o‘zbek tili, rus, ingliz, nemis, frantsuz tili va adabiyoti fanlaridan uch turda (test sinovi, og‘zaki va yozma ish), fizika, biologiya, kimyo fanlaridan uch turda (test sinovi, yozma ish, laboratoriya ishi) o‘tkaziladi. 9-, 10-,11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan olimpiadaning birinchi bosqichida qatnashchilar savollarga yozma shaklda javob berib, o‘z bilimini namoyon etdi. Ularning ishini xolisona baholash, eng munosiblarni aniqlash uchun tajribali pedagoglardan tarkib topgan hakamlar hay’ati shakllantirildi.
— Olimpiada boshlanishidan avval har bir ishtirokchi bilan alohida suhbatlashib, ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini ko‘tarishga harakat qildik, — deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Zamira Azimboeva. — O‘quvchilarga tanlovning talab va shartlari tushuntirildi. Шunga qaramay, tarix fanidan qatnashgan o‘quvchining mobil aloqadan foydalanayotgani aniqlandi. Hakamlar va kuzatuvchilar tomonidan tuzilgan dalolatnoma asosida ishtirokchi birinchi bosqichdayoq olimpia¬dadan chetlatildi. Bu yil tanlov o‘tkazilayotgan 50 ta xonaga vebkamera o‘rnatildi, barchasi onlayn kuzatilmoqda. Qola¬versa, sinov jarayonini bevosita ko‘rishni istagan ota-onalar uchun auditoriyada o‘tirish imkoni berildi.
Shoira BOYMURODOVA