O‘quvchi soni kam bo‘lsa, o‘zlashtirish yaxshilanadi
So‘nggi ikki yil ichida ta’lim sohasi ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri bo‘ldi. Bu tizimda yig‘ilib qolgan muammolar haqiqatdan ham ko‘pligini, ta’lim va tarbiyaga hech kim befarq emasligini bildiradi.
Prezidentimiz tomonidan 2018-yil 2-noyabr kuni xalq ta’limi tizimini yanada rivojlantirish borasidagi islohotlar samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda ham sohada hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar ko‘pligi ta’kidlandi. «Xususan, mamlakatimiz bo‘yicha sinflarda o‘quvchilar soni o‘rtacha 23, Toshkent shahri va viloyat markazlarida 40 nafarni tashkil etadi. Har 13 o‘quvchiga bir nafar o‘qituvchi to‘g‘ri keladi. Rivojlangan davlatlarda bu raqam 10 nafardan oshmaydi. Shu bois, sinflarda o‘quvchilar sonini, haftalik dars yuklamasini kamida 5—10 foizga kamaytirish kerak», dedi davlatimiz rahbari.
Haqiqatan, sinfda o‘quvchilar sonining belgilangan me’yordan oshib ketayotgani ota-onalar, o‘qituvchilar, ta’lim tizimi rahbarlari o‘rtasida bahs-munozaraga sabab bo‘lmoqda. Sinfda o‘quvchi sonining qat’iy belgilangan me’yori bo‘lishi kerakmi? O‘quvchi sonining ko‘pligi ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadimi? Shunday vaziyatda o‘qituvchiga qo‘shimcha haq to‘lanadimi? Bu boradagi xalqaro tajribalar qanday?
Asqar UMARALIYEV, Janubiy Qozog‘iston viloyati, Chimkent shahridagi 114-maktab direktori:
— Belgilangan me’yorga ko‘ra, shahar maktablarida sinfdagi o‘quvchilar soni 24 nafardan oshmasligi lozim. Ammo ba’zi maktablarning o‘ziga xos nufuzi, ta’lim-tarbiya borasidagi uzoq yillik an’anasi bor. Tabiiyki, ota-onalar farzandi ayni shu maktabda bilim olishini istaydi. Bu holat ayniqsa boshlang‘ich sinflarda ko‘p kuzatiladi. Natijada sinfda o‘quvchi soni ko‘payib ketadi. Lekin bugungi holat muayyan natijaga erishish uchun qo‘shimcha mashg‘ulotlarning ahamiyati katta ekanini ko‘rsatmoqda. Qozog‘istondagi barcha ta’lim maskanlarida bir xil imkoniyat bo‘lishini ta’minlash maqsadida jon boshiga normativ moliyalashtirish sistemasi kiritilmoqda. Bu sog‘lom raqobatni yuzaga keltiradi. O‘quvchi qaysi maktabda o‘qisa, unga ajratilgan mablag‘ ham shu maktabga beriladi.
Vasila HABIBULLAYEVA