O‘ttiz besh o‘quvchi — o‘ttiz besh taqdir
Ra’noxon NASRIDDINOVA, Namangan shahridagi 20-maktab direktori:
— Pedagoglik faoliyatimga 35 yildan oshdi. Bu dargohga direktorlik qilayotganimga esa 6 yil to‘lyapti. Sinfda o‘quvchi sonining ko‘pligi o‘qituvchi zimmasiga qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi. Maktabimiz shahar markazida («Shodlik» MFY), aholi gavjum hududda joylashgani sababli bu muammo bizni ham qiynab keladi. O‘zim ham o‘qituvchilik qilgan yillari qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazganman. Mavjud 31 sinfimizning har birida 35-36 nafardan o‘quvchi tahsil oladi. Darslar ikki smenada olib boriladi. Chunki sinfxonalar yetishmaydi. 50 nafar pedagog-o‘qituvchi bor, ularning aksariyati ikkinchi smenaning oxirgi soatlariga borib nihoyatda charchaganini yuz-ko‘zidan sezaman. O‘qituvchining o‘ziga qolsa, sinfdagi barcha o‘quvchining uy vazifasini qanday bajargani, o‘tilgan dars haqidagi fikri, olgan bilimini so‘rab bilgisi, tushunmaganlarini birma-bir o‘rgatgisi keladi. Ammo buning uchun unda vaqt ham, imkon ham yo‘q. O‘tilgan mavzuni bir gal 35 nafar o‘quvchining yarmidan so‘rasa, keyingi darsda qolganlaridan so‘rashi tabiiy. Bu o‘quvchilarning darsga qiziqishi va o‘zlashtirishiga salbiy ta’sir o‘tkazmay qolmaydi.
Feruza RAYIMJONOVA, uy bekasi (Namangan tumani):
— Farzandimning yaxshi o‘qishi, kelajakda bilimli inson bo‘lishini istaganim uchun uni Namangan shahridagi 58-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabiga berdim. Hozir 6-sinfda o‘qiyapti. Sinfida 31 o‘quvchi bor. Gohida u “Bugun darsga zo‘r tayyorlangan edim, o‘qituvchimiz mendan so‘ramadi”, deb noliydi. Buning uchun vaqt yetmaganini bilib tursa ham, shashti pasayganini sezaman. Rivojlangan davlatlardagi maktablarda o‘quvchi soni 10—12 nafardan oshmas ekan. O‘qituvchi dars jarayonida har bir o‘quvchiga e’tibor qaratishga ulgurarkan. Nega bizda shu usulni qo‘llab bo‘lmaydi? Axir, xususiy maktab va o‘quv markazlarida shunday tartibda saboq beriladi-ku. Shuning uchun ham ularda o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirish darajasi yuqori.
Firdavs ORIPOV, 5-sinf o‘quvchisi:
— Maktabimizda sakkizta 5-sinf bor. Har birida 34-35 o‘quvchi o‘qiydi. O‘qituvchilar juda yaxshi dars o‘tadi. Ammo aksariyat mashg‘ulotlarda hamma o‘quvchi birdek faol qatnashmaydi. Past baho oladiganlar orqa partada o‘z bilganini qilib o‘tirganini gohida ayrim o‘qituvchilar payqamay qoladi. Darsda uyga vazifa hamma o‘quvchidan so‘ralmaydi. O‘qituvchi 5—10 o‘quvchidan so‘raydi-da, yangi mavzuni o‘tishga kirishadi. Ingliz tili, yana ba’zi fanlarni ikki guruhga bo‘lingan holda o‘tamiz. Shuning uchun bu darslar qiziqarli bo‘ladi.
Shahlo TOSHBEKOVA tayyorladi.