Jahonga yo‘l faqat ingliz tili orqali emas
XXI asr insoniyat tarixida globallashuv, texnik inqiloblar va dunyo xalqlarining bag‘rikenglik asosida hamjihatlik bilan yashash davri bo‘lib muhrlanajak. Globallashuvning asosiy omillaridan biri turli millat va elatlarning bir-biri bilan bevosita muloqoti hisoblanadi. Demak, endigi masala chet tillarni yanada jiddiyroq, intensivroq, samaraliroq hamda tezroq o‘rganish bilan bog‘liqdir.
Aynan ana shu masala dolzarbligi yaqin ikki yilda mamlakatimizda tobora aktual¬lashayotgan va intensivla¬shayotgan xalqaro aloqalar, uchrashuvlar, konferensiya va seminarlardagi muloqotlar chog‘ida yaqqol ko‘zga tash¬lanmoqda. Ayrim hollarda bu muloqotlarning asosiy bog‘lovchisi bo‘lmish tarjimonlarning uquvsiz va hafsalasizligidan chet ellik mehmonlar oldida uyalib qolyapmiz. Ilmiy daraja va unvonga ega bo‘lgan chet tillar mutaxassislarining og‘zaki va yozma tarjimalarida informatsiyaning muhim qismi tushirib qoldirilayotgan vaziyatlar ham uchramoqda.
Mamlakatimizda tarjimonlar tayyorlashni qoniqarli deb bo‘lmaydi. Ayrim rahbar va o‘qituvchilarning nobop faoliyati tufayli dunyoning ilg‘or tajribasidan foydalanmaslik yoki noto‘g‘ri foydalanish, qobiliyatli va chet ellarda ishlab, o‘qib kelayotgan tajribali tarjimon va tarjimashunoslar hamda mutaxassislarni turli subyektiv holatlar tufayli (nafaqa yoshida ekanlik, propiska yo‘qligi, nosog‘lom raqobat) jalb qilmaslik oqibatida shunday noxush vaziyatlar yuzaga kelmoqda. Chet tilini o‘rtacha darajada (B1) o‘zlashtirgan ayrim professor-o‘qituvchilar, o‘zlari amaliy tarjimonlik qilmagan, tarjimalari dunyo yuzini ko‘rmagan “mutaxassislar” yoshlarga tarjima sirlarini “o‘rgatishmoqda”.
Davlat test markazida o‘tkaziladigan imtihonlar natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, jahon standartlariga ko‘ra, chet tilini o‘rgatish uchun o‘rgatuvchi til bilishning kamida G1 — G2 darajalariga ega bo‘l¬sagina kutilgan natijaga erishish mumkin. Bunday darajadagi mutaxassislarning soni respublikamizda 20 foizga yetmasligini xolis tashkilotlar o‘tkazadigan tekshiruv ko‘rsatishi mumkin. Bitiruvchilarning atigi 15—20 foizigina standart talablarga javob berishi mumkin, xolos. Buning natijasida bir qator sohalar oqsamoqda. Ko‘plab bitiruvchi mutaxassislar joylarda o‘z kasbining haqiqiy egasi bo‘lolmagani sabab, sharmandali holatlarga duch kelmoqda. Ularni tayyorlovchi universitetlarning reytingi tushib ketmoqda.
Masalaning tarixiga kelsak, yurtimizda chet tillar sifatida g‘arb tillaridan asosan nemis, ingliz, fransuz, ispan, sharq tillaridan esa arab, fors, hind, xitoy, koreys tillari o‘rganilayotganiga salkam 100 yil bo‘lyapti. Bu tillarni o‘rgatish dastavval Toshkent hamda Samarqand davlat universitet¬larida, keyinchalik Toshkent davlat pedagogika institutida boshlangan edi. 1948-yilga kelib alohida Chet tillar pedagogika instituti tashkil etildi. O‘qitiladigan tillar o‘rtasidagi o‘zaro mutanosiblik hozirgiday ingliz tiliga 97 foiz, boshqa hamma tillarga 3 foiz emas, deyarli bir xil o‘rin (kvota) ajratilardi. O‘sha paytlarda ona tilimiz bo‘lmagan rus tili esa deyarli ikkinchi ona tili sifatida o‘qitilardi.
Mamlakatimizda 2012-yil 10-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga binoan 2013-yildan xalq ta’limida chet tillarni o‘qitish avvalgiday 5-sinfdan emas, balki 1-sinfdanoq yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. Bu albatta, zamon talabi. Biroq qarorda o‘rganilayotgan chet tillar sifatida asosan degan urg‘u birgina ingliz tiliga qaratilganligi ancha-muncha noxush va munozarali holatga sabab bo‘ldi. Bu ingliz tilining xalqaro til ekanligi bilan asoslandi. Natijada xalq ta’limi tizimidagi barcha ta’lim muassasalarida asosan va hatto faqat ingliz tili o‘qitilishi joriy etildi. Maktablarda ishlayotgan barcha nemis va fransuz tili o‘qituvchilariga qisqa muddatli kurslarda malaka oshirib, ingliz tili o‘qituvchisi sertifikatini olib kelish, aks holda ishdan bo‘shash sharti qo‘yildi. Bunday talabga hamma ham tayyor bo‘lmagan. Natijada qariyb 5 mingga yaqin nemis va fransuz tili o‘qituvchilari ishdan bo‘shatildi. Busiz ham katta ijtimoiy muammoga aylanib borayotgan ishsizlik oliy ma’lumotli malakali kadrlar hisobiga ko‘paytirildi. Basharti, mamlakatda asosan ingliz tili o‘qitilishi kerak bo‘lganda ham, masalaga bu tariqa biryoqlama, shoshma-shosharlik bilan yondashmay, o‘zgarishlarni asta-sekin, bosqichma-bosqich amalga oshirish lozim edi. Axir ishdan bo‘shatilgan o‘qituvchilarni tayyorlashga shu mamlakatning behisob mablag‘i va o‘qituvchilarning umri sarflanmaganmidi?! Maorifchilar “Ota-onalar xohlashyapti” degan javob bilan o‘zlarini oqlashdi. Natijada mamlakat miqyosida ingliz tili 97 foiz o‘qitila boshladi. Biroq inglizzabon mamlakatlarning yurtimizga kiritadigan investitsiyasi va hamkorligi umumiy miqdordan 97 foizni tashkil etmas edi va bugun ham unday emas.
Achinarlisi, yuqori idoralarda chet tilini o‘qitish siyosatining mohiyatini chuqur o‘ylamay, masalaning tub mohiyatini tushunmay, mamlakat miqyosidagi masalaga qiyomiga yetmagan qaror loyihasi tayyorlanganligidir. Aslida mas’ullar qaror loyihasini chuqurroq tahlil qilishlari, xalq muhokamasiga qo‘yishlari, norozilik va salbiy natijaga olib bormaydigan qilib mamlakat rahbariyatiga taqdim etishlari lozim edi!
Til o‘rgatishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — chet tili yordamida uzoq va yaqin mamlakatlar, avvalo, rivojlangan davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shu yo‘l bilan o‘z mamlakatini turli jabhalarda rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqish va raqobatbardosh mamlakatga aylantirishdir.
Mustaqil O‘zbekiston tarixi shuni ko‘rsatadiki, mamlakatimiz rivojiga bevosita hissa qo‘shayotgan peshqadam mamlakatlar, nemiszabon davlatlardan biri Germaniya Federativ Respublikasidir. 1994-yilda imzolangan Germaniya—O‘zbekiston hamkorlik shartnomasi asosida olib borilayotgan 25 yillik siyosiy-iqtisodiy va madaniy hamkorlik natijalaridan ayrim misollar keltirib o‘tsak:
1. O‘zbekistonda 1991—2018-yillar davomida tashkil etilgan 200 dan ortiq alohida va qo‘shma korxonalarda GFR tadbirkorlarining ishtiroki bor.
2. O‘zbekiston qurilish sanoati sohasida nemis firmalari faol qatnashmoqda, jumladan, birgina “KNAUF” korxonasi, poytaxt markazida qurilgan muhtasham Kongress¬lar saroyi¬ning interyer va dizayni asosan nemislar bilan hamkorlikda bunyod bo‘lgan.
3. O‘zbek avtomobil yo‘llari va shahar ko‘chalari qurilishi va restavratsiyasida asosan nemis yo‘l qurish mashinalari qat¬nash¬moqda.
4. Samarqandda ishlab chiqarilayotgan “MAN” yuk mashinalari nemis mahsuloti hisoblanadi.
5. Paxtani qayta ishlash Germaniyaning “Kemnits” zavodining to‘qimachilik texnologiyasi va texnikasi yordamida amalga oshirilmoqda.
6. O‘zbekiston ta’lim tizimida faol hamkorlik qilayotgan asosiy chet el fondlari — Germaniyaning DAAD — Germaniya akademik almashuvlar xizmati, Konrad Adenauer fondi, Fridrix Ebert fondi, Gerda Henkel fondi, Aleksandr Humboldt fondi, Gyote instituti, Nauman fondi va boshqa nemis tashkilotlaridir. Birgina DAAD deyarli har yili o‘zbek talabalari, doktorantlari va ilmiy xodimlarga 1 million yevro miqdorida stipendiyalar ajratib, o‘zbek yoshlarining Germaniyada ta’lim olishiga yordam qilib kelmoqda.
7. Germaniyaning Frayburg universiteti qoshida tuzilgan DUWG — Olmon-O‘zbek Ilmiy Jamiyati tashabbusi bilan O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga katta gumanitar va konsultativ yordam berilmoqda. Mamlakatimizda muammoli kasalliklarning konsultatsiyasi va ularning Germaniyada davolanishini, o‘zbek olimlarining Germaniya klinikalarida malaka oshirishini yo‘lga qo‘ygan. Bu jamiyat yordamida 2002-yildan o‘zbek va nemis universitetlari o‘rtasida akademik ayirboshlash amalga oshirilmoqda, o‘nlab talabalar Germaniyada o‘qib kelmoqda, yosh olimlar nemis universitetlarida doktorlik dissertatsiyalarini yoqlamoqda.
8. O‘zbekiston oziq-ovqat sanoatiga nemiszabon mamlakat hisoblanmish Shveytsariyaning “Nestle” firmasi ko‘p yillar davomida qadoqlash va o‘zbek meva-sabzavotlarini qayta ishlash sohasida yetakchi o‘rinlarda faoliyat ko‘rsatmoqda.
9. O‘zbekiston ijodkorlari nemiszabon mamlakatlar ijodiy uyushma va fondlari bilan ijodiy hamkorlik qilib, o‘zbek o‘quvchilarini Yohan Volfgang Gyote, Haynrix Hayne, Herman Hesse, Tomas va Haynrix Mann, Frans Kafka, Stefan Sveyg, Arno Gayger kabi adiblar ijodi bilan tarjimalar orqali yaqindan tanishtirmoqda. OAD — Avstriya akademik almashuvlar xizmati esa qator yillar mobaynida o‘zbek talabalari va olimlariga turli hajmli stipendiyalar vositasida ta’lim investitsiyalarini kiritmoqda.
Qizig‘i shuki, mamlakatimiz hududida dastlab shakllangan Buxoro Xalq Respublikasidan dastlabki umidli o‘zbek yoshlari aynan Germaniyaga katta ishonch va umid bilan yuborilgan edi.
Endi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasida yo‘l qo‘yilgan salbiy holatlar nimalarda aks etishiga muxtasar to‘xtalsak.
Birinchidan, “Asosan o‘rganiladigan chet til maqomi”dan mahrum etilgan tillar va ularning Vatani bo‘lmish Avstriya, Germaniya, Shveytsariya va Fransiyaning xalqaro maydonda va Yevropa Ittifoqidagi o‘rnini hisobga olmaslik.
Ikkinchidan, biz yuqorida eslatib o‘tgan iqtisodiy omilni nazarda tutmaslik.
Uchinchidan, asosiy deb belgilangan va ikkinchi darajadagi boshqa chet tillardan didaktik tayyorgarliksiz (o‘quv-me’yoriy hujjatlar, jumladan, yangi o‘quv va ishchi reja hamda dasturlar, darslik va qo‘llanmalar yaratilmay turib) ish boshlash. (Bu hujjatlar “poyezd yurib ketgandan” so‘ng yilma-yil, yo‘lma-yo‘l aksari holda xom-xatala tuzila bordi).
To‘rtinchidan, metodik xususiyatni nazarda tutmaslik. Chet tili o‘qitishni o‘quvchilarni nafaqat gapirish hamda tinglab tushunish, ayni paytda o‘qish va yozishga ham o‘rgatishdan boshlash lozimligi, nutq ko‘nikma va malakalarining o‘zaro mutanosibligi buzilganligi, (asosiy maqsad — gapirish va tinglab-tushunishga qaratilib, o‘qish va yozishni butunlay unutish) inobatga olinmaganligi. Natijada 1-sinf o‘quvchilari yil davomida darslikdagi topshiriq va mashqlarni o‘qib, bajarish tugul, hatto shu darslikning nomini ham to‘g‘ri o‘qiy olmaydi. Ona tili tajribasiga asoslanib noto‘g‘ri talaffuz qiladi (bu didaktik vazifalarni o‘quvchilar hech qanday metodik tayyorgarligi yo‘q ota-onalar yordamida bajarishi kerak emish...). Bu esa xalqaro ta’limiy tajribani noto‘g‘ri talqin qilish va tushunmaslik natijasidir.
Beshinchidan, ta’lim muassasalaridagi o‘quv sharoiti va vaziyatni hisobga olmaslik natijasida barcha maktablar va sinflar ingliz tilini o‘qitadigan pedagog kadrlar bilan yetarlicha ta’minlanmagan.
Oltinchidan, ayrim viloyatlardagi universitetlar(Sirdaryo va Namangan)da nemis tili mutaxassisligi o‘qitilib turgan bir paytda barcha maktablarda nemis tilini o‘qitish umuman to‘xtatib qo‘yildi.
Yettinchidan, ingliz tilini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish uchun 5000 ga yaqin ingliz tili o‘qituvchilariga ehtiyoj hatto bugunga qadar (6 yildan buyon) to‘la qondirilmagan. Bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun esa sobiq nemis va fransuz tillari o‘qituvchilari 4 oyda “bir yumalatilib”, (to‘rt yilda o‘rgatolmagan va o‘rganolmagan mutaxassislar ingliz tilini o‘rgata oladi, degan sertifikat bilan) ishga jalb qilindi.
Sakkizinchidan, nemis va fransuz tillarining dunyo tamaddunidagi ahamiyatiga e’tibor qilmaslik. Jumladan, nemis tili Yevropa Ittifoqining asosiy ishchi tili maqomida, shuningdek, nemis tili fan va texnologiyalar tili hisoblanadi. Qolaversa, nemis tili Avstriya, Germaniya va Shveytsariyaning davlat tili, Lyuksemburg, Lixtenshteyn, Janubi-sharqiy Fransiya, Shimoliy Italiya, Chexiya va Vengriya kabi mamlakatlarda yashovchi nemiszabon xalqlarning kommunikatsiya tili ekanligi ham e’tibordan chetda qoldirilgan.
To‘qqizinchidan, mamlakatimizga kelayotgan turistlarning asosiy qismi Yevropaning nemiszabon hududlari vakillaridir...
Nemis tili ixtisosligi o‘quv rejasida pedagogika, psixologiya va metodika fanlariga Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida boshqalarga nisbatan 3 baravar ko‘p o‘quv soatlari ajratilgan. Bu esa o‘qituvchi uchun juda zarur bo‘lgan kasbiy tayyorgarlikni kafolatlaydi. Shu sababdan nemis tili o‘qituvchilarini tayyorlash vazifasi asosan pedagogika universiteti va institutlari zimmasiga yuklatilmog‘i lozim. Ammo ayni paytda ahvol buning aksi. Yetakchi pedagogika universitetida Germaniyaning Frayburg va Haydelberg pedagogika universitetlari bilan hamkorlik shartnomasi bo‘la turib, o‘nlab o‘qituvchi Germaniyada malaka oshirib, talabalari 1-semestrdan til o‘rganib kelmoqda. Shunday bir paytda nemis tili bo‘limi va kafedrasi 2016-yilda tugatilgan, nemis tili o‘qituvchilari tayyorlash esa asosan nopedagogik, jumladan, filologik yo‘nalishdagi universitet va chet tillar institutlariga yuklangan. Mamlakatga filolog va tarjimonlardan ko‘ra, maktablar, akademik litsey uchun ko‘proq o‘qituvchi kadrlar kerak-ku! O‘qituvchilarni esa klassifikator bo‘yicha va yetakchilik maqomiga ega bo‘lgan maxsus pedagogik va metodik yo‘naltirilgan me’yoriy hujjatlarni yaratib berayotgan yetakchi pedagogika universiteti va institutlari tayyorlashi kerak. Biroq qator viloyatlar (Qashqadaryo, Surxondaryo, Qoraqalpog‘istondagi oliy o‘quv yurtlari)dagi nemis tili bo‘limi va kafedralarida nemis tili nazariyasi, uni o‘qitish metodikasiga ixtisoslashmagan, ilmiy darajasi, unvoni yo‘q o‘qituvchilar dars bermoqda.
2013-yilgacha oliy o‘quv yurtlariga har yili 500 dan ortiq talaba nemis tili o‘qituvchisi yo‘nalishi bo‘yicha qabul qilinardi. Xohlovchilarning soni esa 7-8 barobar ko‘p. Biroq qabul rejasi asosan ingliz tiliga qaratilmogda.
Muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak, yurtimizda chet tillarga e’tibor ortib borayotgan bir paytda nemis tilini chet tillar ichidagi ulushini 3 foizdan 30 foizga ko‘tarish kerak, deb hisoblaymiz.
Xurram RAHIMOV, Germaniyadagi Olmon-O‘zbek Ilmiy Jamiyati raisi, O‘zbekiston nemis tili o‘qituvchilari assotsiatsiyasi raisi, professor