Maktablar qurilishida urbanizatsiya jarayoni hisobga olinishi kerak
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida urbanizatsiya hamda strategik tahlilning muhimligi alohida ta’kidlangan edi. Ushbu vazifalar muhimligi Samarqandga borib, holat o‘rganilganda, aniq ko‘rindi.
Samarqand viloyatida bir o‘quvchi soniga Toshkent shahridagidan ko‘ra ko‘proq ortiqcha xarajat qilinar ekan-u, lekin ta’lim sifatiga va sharoitlariga kelsak, buning aksi ekan, sababi aynan urbanizatsiya bilan bog‘liq.
Samarqand viloyatida o‘quvchilar soni Toshkent shahridagidan 1,6 barobar, maktablar soni deyarli 4 barobar ko‘p. Har bir maktabga direktor, o‘rinbosar, xo‘jalik ishlari xodimlari, yoshlar yetakchisi va boshqa bevosita ta’lim bermaydigan, lekin maktab faoliyati uchun kerak bo‘lgan shtatlar mavjud. Bundan tashqari, kichik maktabda sport zali, laboratoriya xonalari, oshxona, faollar zali va boshqa yordamchi xonalar bilan ta’minlashda ayrim me’yorlar tufayli muam¬molar bo‘ladi.
Kam soatli fanlardan, masalan, astronomiya yoki davlat va huquq asoslari fanlari bo‘yicha o‘qituvchi bir stavkada dars berishi uchun ham o‘quvchi soni kamida 700 nafar bo‘lishi kerak. Natijada kichik maktablarda bu kabi fanlarni boshqa fan o‘qituvchilari o‘tadi. Masalan, fizika o‘qituvchisi astronomiya fanini ham, tarixchi esa huquq fanini ham o‘tadi. Sifati shunga yarasha bo‘lishi tabiiy.
Tahlil qilinsa, 1991-yilgacha O‘zbekistonda ko‘p qavatli massivlar qurilishi bilan birga ular atrofida 1,2 yoki 1,5 ming o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan katta maktablar qurilgan ekan. Undan keyingi yillarda esa qurilgan maktablar, asosan, kam quvvatga, ko‘pi bilan 630 o‘rin¬ga mo‘ljallangan. Buning asosiy sabablaridan biri esa, rejalashtirish, asosan, bir yillik Investitsiya dasturi bo‘yicha amalga oshirilganidir. Ya’ni bir yilda kamroq mablag‘ ishlatish uchun kichikroq maktab qurilgan. Aslida esa uzoqroq muddatda bu ko‘proq хarajatga sabab bo‘ladi. Ushbu holatga “Cкупой платит дважды” degan maqol juda mos keladi. Samarqand viloyatida qurilgan yangi ko‘p qavatli uylar massivida bu holat yanada yaqqol ko‘rindi: deyarli 1,5 ming xonadonga mo‘ljallangan massivda atigi 540 o‘rinli maktab qurilibdi. Bitta xonadonda 1 nafardan farzandi maktabga chiqqanda ham maktab sig‘imidan 3 barobar ko‘p bo‘lyapti, 2 nafardan farzand bo‘lsa, 6 barobar ko‘p bo‘ladi. Quvonarlisi, bu massivni keyingi rivojlanish istiqbolida qo‘shimcha maktab qurish imkoni bor va u yerda Samarqand viloyatining yangi rahbariyati bilan hamkorlikda kattaroq maktab qurilishi rejalashtiriladi.
Mamlakatimizda keyingi yillardagi demografik tendensiya faqat aholi o‘sishini ko‘rsatmoqda, shuning uchun ham bundan buyon ko‘proq uy-joylar qurilishi kutilmoqda. Ular bilan birga albatta mingdan ortiq xonadon qurilishi mo‘ljallangan massivlarda mingdan ortiq o‘ringa mo‘ljallangan maktablar qurilishini ham inobatga olish kerak. Aks holda, keyinchalik kengayti¬rishga ortiqcha joy ham bo‘lmaydi. Maktablar boshidan 2-3 qavat emas, kerak bo‘lsa, 4-5 qavat qilib qurilsa, o‘quvchi o‘rniga nisbatan xarajati ham kamroq bo‘ladi.
Birinchi rasmda Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra umumiy aholi soniga nisbatan shahar aholisi ulushi mamlakatimizda oxirgi yillar kamayish tendentsiyasiga ega bo‘lgani ko‘rinadi, dunyoning aksar mamlakatlarida esa shahar aholisi o‘sishi kuzatilmoqda.
Ikkinchi rasmda demografik tendensiya tufayli o‘quvchilar sonini yaqin yillarda o‘sishi va umumiy maktablar quvvatiga nisbatan qanchalik ko‘payib borishini ko‘rsa bo‘ladi. Oxirgi ikki yilda o‘quvchilar soni million nafarga ortgan, yangi maktablar binolari quvvati oshishi esa ancha past bo‘lgan. Natijada aksariyat maktablar ikki smenada, hattoki ba’zilari uch smenada faoliyat yuritmoqda. Hozir mavjud kam quvvatli maktablar sig‘imidan samarali foydalanish uchun ular bosqichma-bosqich tarmoq maktablariga aylantirilmoqda. Lekin ularning barcha quvvatini qo‘shganda ham, aholi soni o‘sishini qamrab olmasligi yaqqol ko‘rinib turibdi.
Xulosa qilganda, maktablar qurilishini urbanizatsiya jarayoni bilan birga, strategik tahlil asosida amal¬ga oshirish rejalashtirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Sherzod SHERMATOV,
Xalq ta’limi vaziri