Samarqanddagi maktabga ham nemis faylasufi nomi berildi
Joriy yilning 16-yanvar kuni Samarqand shahridagi 51-sonli nemis tiliga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabiga nemis faylasufi, tilshunoslik fanining asoschilaridan biri, Prussiyada gimnaziya ta’limining islohotlarini amalga oshirgan davlat arbobi, diplomat Vilgelm fon Gumboldt nomi berilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Sarvar Babaxodjayev, Germaniyaning xorijdagi maktablari Markaziy boshqarmasi rahbari Barbara Damboldt va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi, deb xabar berdi Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmati.
Ta’kidlash joizki, tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, xususan, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga, o‘qituvchi-murabbiylarga berilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rliklar, o‘g‘il-qizlarning mustaqil fikrga ega avlod bo‘lib kamol topishi uchun yaratilayotgan sharoitlar xususida so‘z yuritdi. Shuningdek, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanib borayotgani hamda fan va ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalari alohida ta’kidlab o‘tildi.
Tadbir so‘nggida mehmonlar ta’lim muassasasi faoliyati va o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.