Ta’lim hujjatlarini tan olish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Ilm chegara bilmaydi. Bugun davr taraqqiyotiga hamohang tarzda dunyo bo‘yicha bir davlatdan boshqa davlatga borib o‘qiyotganlar soni 8 milliondan oshdi. Bu besh yil avvalgi holatga nisbatan besh barobar ko‘p. Jumladan, mamlakatimiz yoshlari ham xorijiy oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishmoqda. Tabiiyki, bu jarayonda ayrim sun’iy to‘siqlar ham yuzaga kelmoqda. Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan muammolarga yechim izlanmoqda. Mutaxassislar o‘tgan yil yakunida UNESСO xalqaro tashkiloti tomonidan Parijda o‘tkazilgan “Ta’lim hujjatlarini tan olish bo‘yicha Global Konvensiya” loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada qatnashishdi.
Anjumanda 100 ga yaqin davlat vakillari, shundan 248 nafar ekspert va mutaxassislar, 28 nafar kuzatuvchi ishtirok etib, mavjud muammolarni bartaraf etishga doir fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
UNESCO bosh direktori o‘rinbosari janob Qu Xingning ta’kidlashicha, konvensiya loyihasida asosan 3 holatga e’tibor qaratilgan. Birinchisi, ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlarni (diplom, attestat) bir OTMdan boshqa davlat OTMga ko‘chirishda to‘liq yoki qisman tan olish; ikkinchisi, amaldagi Lissabon va Tokio konvensiyalariga asoslanish; uchinchisi, hayotda qiyinchiliklarga duch kelayotgan qochoqlar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, bir davlatdan boshqa davlatga yoki o‘z mamlakatining ichida turg‘un yashamayotgan shaxslarning ta’lim olishlari uchun hujjatlarini tan olish bo‘yicha muammolarni bartaraf etish.
Amaldagi Tokio va Lissabon konvensiyalarida ham ta’lim olish, uni davom ettirish, oliy ma’lumotga ega bo‘lish, uning muayyan kursini yoki to‘liq bitirganlik to‘g‘risida diplom olish uchun bir davlatdan boshqa davlatga o‘tish masalalari belgilangan. Bunga faqat ratifikatsiya qilingan (tan olingan) davlatlar kiradi. Afsuski, bu ro‘yxatga davlatimiz a’zo emas. Xalqaro standartlarga endi yuzlashayapmiz. “Ta’lim hujjatlarini tan olish bo‘yicha Global Konvensiya” galdagi muvofiqlashtirilgan eng yuqori darajadagi xalqaro hujjat hisoblanadi. Konvensiyaning 9 banddan iborat 2-bobida 6 ta hudud bo‘yicha konvensiyalarni umumlashtirish, ularda yechilmagan muammolarga javob topish va amalda ijobiy natija berayotgan hujjat bandlarini qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish nazarda tutilgan. Butun dunyoda ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlar (attestat, diplom, guvohnoma)ning davlatlar o‘rtasida muammosiz tan olinishi, davlatlar xususiyatlarini inobatga olish, talabalarga chet ellardagi oliy o‘quv yurtida o‘qish imkoniyatini yaratish asosiy maqsad qilingan. Ishtirokchilar uch kun mobaynida konvensiya loyihasi ustida ishlashdi. O‘z mamlakatidagi aynan shu holat bo‘yicha masalaning hal etilganligi bo‘yicha fikr-munosabatlar bildirildi. O‘zbekistonning UNESCOdagi elchisi Umid Shodiyev, Favqulodda va muxtor elchisi Sardor Rustamboyev muhokama chog‘ida onlayn xabarlashib turishdi. Asosiy takliflar oliy ma’lumot olish, hujjatlarni tan olish bo‘yicha yagona elektron platforma yaratish yoki bor ma’lumotlarni u yerga joylashtirish bilan bog‘liqligi yoshlarimiz kelajagi uchun muhim. Mamlakatimizda bu tajribalarga suyangan holda yangi tahrirdagi “Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risida Nizom” loyihasi tegishli tashkilotlar bilan kelishilmoqda.
Ta’lim chegara bilmaydi
Ta’lim jarayonida aholining ijtimoiy qatlamini himoyalash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada ikki yo‘nalish: akademik va kasbiy faoliyat turi mavjud. Akademik tan olinish, ya’ni 9-sinfni bitirgan o‘quvchining 10—11-sinfda o‘qishni davom ettirishi, 11-sinfni tamomlagan bolaning oliy o‘quv yurtida o‘qishi, bakalavriatdan magistraturaga, doktoranturaga o‘tishi tushuniladi. Kasbiy yo‘nalishda esa diplomni olgach, bakalavrni bitirib, (magistraturada o‘qish davomida) ishlashga ruxsat berish uchun nostrifikatsiya qilinishidir. Bunda ekspertlar tomonidan ta’limning davriyligi, o‘quv soatlari miqdori, fanlarning to‘g‘ri kelishi inobatga olinadi. Yuqoridagi xalqaro hujjatning 3-bob, 3-moddasiga ko‘ra, oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish prinsiplari 7 ta band orqali aks ettirilgan. Unda talabgorlarning huquqi, tan olish jarayoni, qaror qabul qilish shartlari shaffof, adolatli amalga oshirilishi qayd etilgan. Mazkur konvensiyaga a’zo bo‘ladigan davlatlarning majburiyati bayon etilgan. Bunday hujjatlarni ratifikatsiyalash orqali a’zo davlatlar o‘z zimmasiga ta’lim sohasida bir qator majburiyatlarni oladi va unga amal qilish orqali sifat o‘zgarishiga erishadi. Ushbu bobdagi 8 ta moddada attestat(guvohnoma)larni, oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlarni, to‘liq bo‘lmagan oliy ma’lumotni, bir davlatda turg‘un yashamayotgan va davlatlar ichida harakatlanib turuvchi shaxslarning oliy ma’lumotini, malaka talablarini va hujjatlarini baholash hamda tan olish tartibi, arizalarni ko‘rib chiqish shakli, hujjatlarni tan oluvchi vakolatli organlar to‘g‘risida ma’lumot, oliy ta’lim o‘quv dasturlariga qo‘yiladigan qo‘shimcha talablar to‘g‘risida ma’lumotlar bayon etilgan.
Xorij tajribasida akkreditatsiya
Shuningdek, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev boshchiligidagi delegatsiya Moskva shahrida xizmat safarida bo‘lib, ta’lim muassasalarini attestatsiya va akkreditatsiya qilish bo‘yicha Rossiya tajribasini ham o‘rgandi. Rossiya Federatsiyasining Fan va ta’lim sohasini nazorat qilish federal xizmati (Rosobrnadzor) qoshidagi ta’lim muassasalari akkreditatsiyasini amalga oshiruvchi “Росакредагентство” tashkiloti tomonidan ta’lim muassasalari akkreditatsiyalanadi. Jarayonda oliy ta’lim muassasalarini akkre¬ditatsiyadan o‘tkazish uchun tajribali mutaxassislar ekspert sifatida jalb etilgan. Ayni paytda Rossiyada 818 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda va ularning aksariyatidagi ta’lim dasturlari belgilangan tartibda davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazilgan.
Bugungi kunda Rossiyada 1811 nafar ekspert va 4 ta ekspert tashkiloti tomonidan ta’lim muassasalari akkreditatsiyalanmoqda. 2018-yil davomida jami 768 ta ta’lim muassasasidan ariza qabul qilingan bo‘lsa, o‘rganish natijasiga ko‘ra, 152 tasiga salbiy xulosa berilgan. Bu ta’lim muassasalari bir yildan keyin qayta ariza berish huquqiga ega. O‘zbekistonda ham uzluksiz ta’lim tizimidagi barcha turdagi ta’lim muassasalari tasdiqlangan grafik asosida attestatsiyadan o‘tkazilib, akkreditatsiyalanadi. Jarayon Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Tomonlar bu masalada hamkorlik qilishga va tajriba almashishga kelishib olishdi.
O‘rganish mobaynida yoshlarimiz Rosssiyaga borganda qiynalishi, ayrim to‘siqlarga uchrayotgani ko‘zga tashlandi. Masalan, Nishon kasb-hunar kollejini bitirgan A.Bobomurodov diplomini tan olish bo‘yicha ariza blankasini to‘ldirishi va hujjatlarini topshirishda muammolar yuzaga kelgan. Bunday murojaatlar bir yil ichida 20 mingdan ziyod ekani, shundan 8667 tasi o‘zbekistonlik fuqarolar tomonidan berilgani tashvishlanarli holat. Bugungi kunda Rossiyadagi turli oliy ta’lim muassasalarida 710 ming nafar xorijlik talaba o‘qiydi. Eng achinarlisi, Rossiyaga oliy ta’lim olaman deb borgan hamyurtlarimiz 45 ish kuni davomida hujjatining tan olinishini kutib yurganda kirish imtihonlari o‘tib, yangi o‘quv yili ham boshlanib ketadi. Keyin esa, talabgorning kamida yana bir yil kutishiga to‘g‘ri keladi. Tashrif davomida bu kabi muammolarga barham berish uchun inspeksiya va “Glaveksperttsentr” o‘rtasida memorandum imzolandi.
Hamkorlikdagi bitim maqsadi
Rossiya Federatsiyasining Fan va ta’lim sohasini nazorat qilish federal xizmati (Rosobrnadzor), Rossiya fan va ta’lim vazirligi, “Glaveksperttsentr” mutaxassislari bilan birgalikda “Rossiya Federatsiyasi hukumati va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida ta’limni, malakaviy va ilmiy darajalarni o‘zaro tan olish bo‘yicha bitim loyihasi” tayyorlandi. Tomonlarning manfaatlari nuqtayi nazaridan bitim loyihasining har bir moddasi chuqur tahlil qilindi. O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi tomonidan tuzilgan Ishchi guruh loyiha bo‘yicha tegishli bayonnomani rasmiylashtirdi. Ta’limni, malakaviy va ilmiy darajalarni o‘zaro tan olish bo‘yicha imzolanishi kutilayotgan mazkur bitim orqali yoshlar sifatli va raqobatbardosh ta’lim olish uchun yanada keng imkoniyatga ega bo‘ladi. Bitim loyihasi bo‘yicha muhokamada aytilgan fikrlar Toshkentga jo‘natilib, ekspertlar va yuristlar fikri o‘rganildi. Xulosadan so‘ng qabul qilingan Kelishuv loyihasida, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9- va 11-sinf bitiruvchilarining, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim muassasalari bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha bitiruvchilarni ta’limning keyingi bosqichiga to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilish masalasi aks ettirildi. Ya’ni, har ikki davlatga borib ta’lim olmoqchi bo‘lganlar uchun barcha bosqichlarda to‘siqlar olib tashlanadi. Himoya qilingan ilmiy darajalar ham to‘siqlarsiz tan olinishiga kelishib olindi. Ta’limni akademik tan olish bo‘yicha kelishuvga erishiladi. Barcha yangi ma’lumotlarni tdi.uz saytida ham kuzatish mumkin.
Endi ikki davlatda ham davlat oliy ta’lim muassasalarini kunduzgi shaklda bitiruvchilar kasbiy faoliyatga to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilinishiga, kunduzgidan tashqari, barcha shaklda bitirganlar amaldagi tartibda, ya’ni sinovlar orqali nostri-fikatsiya qilinib, mehnat bozoriga ruxsat berilishiga kelishilishi ko‘zda tutildi.
Abdurahim NOSIROV, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bosh boshqarma boshlig‘i