Nodavlat ta’lim muammolari vazir nigohida
Poytaxtimizdagi “Lider ta’lim” nomli nodavlat ta’lim muassasasida Xalq ta’limi vazirligi va Nodavlat ta’lim muassasalari uyushmasi hamkorligida xususiy ta’lim muassasalari rahbarlari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xalq ta’lim vaziri Sherzod Shermatov respublika miqyosidagi umumta’lim muassasalari hamda o‘quv markazlari rahbarlari bilan xususiy ta’lim sektorlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
— Bugungi ta’lim tizimining asosiy tarmog‘i davlat ta’lim muassasalari hisoblansa-da, nodavlat ta’lim muassasalari tarmog‘i ham kundan kunga rivojlanmoqda, — deydi Nodavlat ta’lim muassasalari uyushmasi rahbari Firuza Vahobova. — Bu tizimda yillar davomida yechimini kutayotgan muammolar ham ancha¬gina. Bugun ana shu muammolarni bartaraf etishga qaratilgan aniq mexanizmlarni ishlab chiqish bo‘yicha ishlayapmiz. Bu borada Xalq ta’limi vazirligi bilan yaqindan hamkorlik qilyapmiz.
Tadbirda dastlab Nodavlat ta’lim muassasalari uyushmasi faoliyati haqida to‘xtalib o‘tildi. Uchrashuv davomida nodavlat ta’lim muassasalariga litsenziya berish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Qolaversa, bir necha rahbarlar tomonidan nodavlat ta’lim muassasasida o‘quv dasturlarini zamon talablariga mos tarzda takomillashtirish taklifi ham berildi. Xalq ta’limi vaziri ushbu takliflarni qo‘llab-quvvatladi va nodavlat ta’lim muassasalari vazirlik tasarrufidagi Respublika ta’lim markazi bilan bu borada hamkorlik qilishini tavsiya etdi.
Shuningdek, yig‘ilishda nodavlat ta’lim muassasasi bitiruvchilariga maktabni tugatganlik to‘g‘risida shaho¬datnoma berish masalasi ham ko‘tarildi, bunga javoban vazir mazkur masala joriy yilda ijobiy hal etilishi kutilayotganini aytdi.
Xalq ta’lim vaziri Sherzod Shermatov nodavlat ta’lim muassasalarining rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni hamkorlikda aniqlash va ularni bartaraf etish uchun O‘zbekiston hukumatiga takliflar berishda birga ishlashga chaqirdi. Shuningdek, nodavlat ta’lim muassasasida kam ta’minlangan oilalar farzandlarini 10 foizli imtiyoz asosida o‘qitish masalasi ham muhokama qilindi.
Nigina SHUKUROVA