Chempionlik laboratoriyasi
Olimpiada g‘olibi deganda odatda sportda yuqori natijalarga erishgan yigit-qizlarni ko‘z oldimizga keltiramiz. Biroq ilm yo‘lidagi chempionlik ham yoshlarimiz orasida havas qilish va erishish mumkin bo‘lgan marraga aylanib qoldi. Xususan, aniq fanlar yo‘nalishida ular dunyoda o‘z o‘rni borligini qayta-qayta isbotlab kelishmoqda. Joriy yilning 9–15-yanvar kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida 15-Jautikov xalqaro olimpiadasi bo‘lib o‘tgani va unda o‘zbekistonlik o‘quvchilar 11 ta medalni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik. Sovrindorlar qatoridan joy olgan Rasulbek Ozodov va Otabek Hasanov bilan Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi qoshidagi innovatsion markazda uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Gap shundaki, maktab qoshidagi innovatsion markazning vazifasi yosh iqtidorlarni topib, ularni nufuzli musobaqalarga tayyorlashdir.
— Markazimiz 2017-yildan buyon o‘quvchilarni matematika, informatika va fizika fanlari bo‘yicha xalqaro olimpiadalarga tayyorlab keladi, — deydi maktabning matematika o‘qituvchisi Mirodiljon Komilov. — Xalqaro olimpiadalarni tashkillashtirishda bevosita ishtirok etgan Shuhrat Ismoilov, Umid Rahimov kabi fidoyi murabbiylar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz.
Rasulbek Ozodov va Otabek Hasanov O‘zMU qoshidagi S.Sirojiddinov nomidagi akademik litseyda tahsil oladi. Rasulbek kelgusida chet elda ta’lim olib, yurtimizda kam o‘rganilgan kombinatorika sohasiga hissa qo‘shishni niyat qilgan. Otabek esa yurtimiz oliy o‘quv yurtlaridan birida o‘qishini davom ettirmoqchi.
— Bu markazda o‘tgan yilning oktabr oyida yurtimizning turli hududlaridan kelgan iqtidorli yoshlar o‘rtasida olimpiada o‘tkazildi, — deydi matematika yo‘nalishida kumush medal sohibi Rasulbek Ozodov. — Saralashdan o‘tganlardan respublika terma jamoasi tarkibi shakllantirildi. Jamoa bilan ikki oy mobaynida innovatsion markazda mutaxassislardan saboq oldik. Biz odatiy mashg‘ulotlarimizda faqat fan doirasida fikrlashardik. Innovatsion markazda o‘qish davomida xalqaro musobaqalar talabiga javob berish ko‘nikmalari haqida yo‘nalish oldik. Xalqaro olimpiadada erishgan natijalarim uchun o‘zim tahsil olgan litseydagi ustozlarim va markaz mutaxassislaridan minnatdorman.
— Olimpiadaga Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Mo‘g‘ulistondan kelgan tengdoshlarimiz yaxshi tayyorgarlik ko‘rishgan ekan. Medal bilan qaytishni niyat qilgandim, ustozlarimning, yaqinlarimning ishonchini oqlaganimdan mamnunman, — deydi bronza medali sovrindori Otabek Hasanov. — Fizika yo‘nalishida bizda rivojlantirilmagan sohalar ko‘p. Xususan, o‘zim uchun mexanik optika, atom yo‘nalishlaridagi bilimlarimni chuqurlashtirishim kerakligini belgilab qo‘ydim.
Suhrob ZIYODOV