Maktab tadbiriga artist kerakmi?
Maktabda o‘ttiz yildan buyon tarix fanidan dars beraman. Ustozlarning eng yaqin hamkori bo‘lgan “Ma’rifat” gazetasini jamoamiz bilan sevib mutolaa qilamiz. Ayniqsa, keyingi vaqtda gazeta sahifalarida ta’lim jarayoniga oid qiziqarli, ochiq va oshkoralik ruhidagi materiallar, erkin fikr-mulohazalar doimiy ravishda berib borilayotganini kuzatyapmiz. Shubhasiz, bunday maqolalar ta’lim kelajagi uchun xizmat qiladi. Maktablar ham qonun ustuvor bo‘lgan maskanga aylanishi kerakligini bugungi kun talab qilyapti.
Maktabda yosh avlodga ta’lim-tarbiya beriladi. Bu maskanda bola tarbiyasi, ongi, axloqiga salbiy ta’sir qiluvchi holatlar bo‘lmasligi kerak. Bizning maktabimizda ham ta’lim-tarbiyaga yot bo‘lgan bir holat shakllanib ulgurgan va deyarli odat tusiga kirgan edi. Aksariyat tadbirlarga maktabning yuqori sinf o‘quvchilari hisoblanmish — 9-sinf bolalari (shu vaqtgacha ular bitiruvchi sinf hisoblangan) o‘z hisobidan pul yig‘ib, musiqa asboblari bilan to‘y-tantanalarga chiquvchi havaskor xonandalarni taklif qilishardi. “Artist”lar tomonidan fonogrammada “ijro etilayotgan” yengil-yelpi qo‘shiqlarga yoshlar baqir-chaqir qilib, qiyqirishib raqsga tushishar, maktabimizning tadbir o‘tkaziladigan maydoni diskotekaga aylanib ketar edi. Achinarlisi, ushbu tomoshaga maktabda o‘qimaydigan begona bolalar ham kelib qo‘shilar, ba’zan bu holat janjal bilan yakunlanardi. Bunday vaziyat yuzasidan maktab rahbariga, xalq ta’limi bo‘limi va viloyat boshqarmasiga e’tirozimni bildirdim. Ular esa bor holatni yo‘q deb, xaspo‘shlab yuborishdi.
2017-yili maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlanganimdan so‘ng bu holatga chek qo‘yib tadbirlarni maktabda mavjud musiqiy asboblar va musiqa fani ustozlari o‘tkazadigan bo‘ldik. Biroq bu jamoadagi ba’zi o‘qituvchi va yuqori sinf o‘quvchilariga yoqmay, e’tiroz bildirishdi. “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida “artist”lar kelishiga yo‘l qo‘ymaganim uchun hattoki ustimdan shikoyat qilishdi. Nahotki, bolani “ommaviy madaniyat” atalmish illatdan himoyalash niyatidagi harakatim noto‘g‘ri bo‘lsa? Maktabda o‘tadigan tadbirlarga “artist” kelishi shartmi?
Rahmatillo MENGIROV,
Qamashi tumani Nagohon qishlog‘i