46-daqiqa yoxud ishlar qalay, “kichik akademiya”?
Nega aynan 46-daqiqa? Sarlavhani o‘qigan kishida shunday savol tug‘iladi. Ma’lumki, maktabda bir soatlik dars 45 daqiqa. Lekin muallim unga tayyorlanish uchun qancha vaqt sarflashini hamma ham his qilavermaydi. Bu gal o‘qituvchining darsdan tashqari faoliyatining muhim bir qirrasi haqida so‘z yuritamiz.
1
Yaqinda o‘zim iqtidorini qadrlaydigan shogirdlardan birini uchratdim:
— O‘qishlar qalay, tugay deb qoldimi, ijodda nima yangiliklar — deb so‘radim.
Shogird deganim yosh bo‘lsa-da, yaxshigina ijodkor, go‘zal tashbehlarga to‘la nazmiy bitiklari bilan allaqachon muxlislar tiliga tushib ulgurgan.
— O‘qishni tugatib, qishloqdagi maktabda dars beryapman, ijodga hozircha qo‘l tegmayapti.
— Nega? Necha soat dars beryapsan?
— Maktabda tilchilar yetishmas ekan, o‘ttiz soat darsim bor.
— Zo‘r-ku, ishga ko‘nikib ketdingmi?
— Asta-sekinlik bilan, lekin, ustoz, o‘qish boshqa, ish boshqa ekan, toliqib qolyapman.
— Nimaga?
— Kuniga besh-olti soat dars berishning o‘zi bo‘lmas ekan, tag‘in hayotning bir xilligi ham zeriktirib qo‘yarkan.
Yosh hamkasbimga dalda berib, suhbat murvatini bugungi kun o‘quvchisini bir xillik bilan qiziqtirish mushkul ekaniga, o‘qitishning yangicha pedagogik texnologiyalaridan ko‘proq foydalanish kerakligiga burdim. Qarasam, uning bu boradagi tushunchalari nisbiy. Buni ko‘rib, endigina oliy o‘quv yurtini tamomlagan o‘qituvchiga shuncha darsni yuklash o‘zini oqlarmikan, degan mulohaza xayolimdan o‘tdi. To‘g‘ri, rahbarga ham oson emas, malakali mutaxassislar kam, qishloq sharoitida yillik o‘quv reja bajarilishi uchun tanlash imkoniyati yo‘q. Yosh mutaxassis bu qiyinchiliklardan muvaffaqiyatli o‘tib olsa-ku, yaxshi, aks holda yana bir loqayd, kun o‘targa saboq beradigan o‘qituvchi paydo bo‘ladi! O‘qituvchilikning noni qattiq, darsdan tez charchab, o‘zini boshqa sohalarga urib ketayotganlar qancha!
Dars — murakkab jarayon. O‘rtacha hisobda bir sinfda bilim olishga rag‘bati turlicha o‘n besh nafardan qirq nafargacha o‘quvchi tahsil oladi. O‘qituvchi qirq besh daqiqa mobaynida shuncha o‘quvchi bilan munosabat o‘rnata olishi kerak. Hamma oilalarda ham farzand ta’lim-tarbiyasiga birdek e’tibor qaratilavermaydi. Shiddat bilan yangilanayotgan taraqqiyot asrida dars va uning mazmuniga qo‘yilayotgan talab kun sayin ortib boryapti. Bu vaziyatda bilim darajasini oshirishdan to‘xtagan o‘qituvchi kimsasiz o‘rmonda borar manzilini bilmaydigan sayyohga o‘xshab qolishi shubhasiz. O‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash kurslari mazkur kemtikni to‘ldirish uchun tashkil etiladi. Ammo shunday kurslarga borib, o‘z bilim, ko‘nikma va malakasini oshirish uchun mutaxassis kamida uch yil sohada ter to‘kkan bo‘lishi kerak. Bugun oliy o‘quv yurtida tahsil olib kelgan yosh mutaxassisga ertaga “malaka oshirish kurslaridan o‘tib kel” degan talabni qo‘yish mantiqsizlik. Malaka oshirish tizimi mazmuni ilm-fan yangiliklari, ilg‘or texnologiyalarni o‘rgatishdan iborat ekanini inobatga oladigan bo‘lsak, oliy o‘quv yurti yosh mutaxassisni ayni shu jarayonga tayyorlaydi. Bundan xulosa chiqarish mumkinki, mehnat faoliyatini endigina boshlagan kadr yetarli miqdorda bilim, ko‘nikma olgan bo‘ladi, ammo ish tajribasini qayerda orttiradi?
Ta’lim-tarbiya jarayonida faqatgina nazariy bilimga ega bo‘lish kifoya emas. To‘g‘ri, talaba so‘nggi bosqichda oz muddat bo‘lsa-da, o‘quv amaliyotini o‘taydi, lekin o‘quv amaliyoti va mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatish boshqa-boshqa masala. Birgina yosh mutaxassis emas, o‘qish, izlanishdan to‘xtagan har qanday o‘qituvchi dars va unga qo‘yilayotgan zamon talabiga javob berolmaydi. Bu kemtikni to‘ldirish uchun o‘qituvchi malakasini doimiy oshirib borishi lozim. Maktabda ushbu vazifa uslubiy kengash va uning atrofiga birikkan fan yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etiladigan uslubiy birlashmalar zimmasiga tushadi.
Uslubiy kengash va uning tarkibiga kirgan uslubiy birlashmalar tizimiga ta’lim maskanida yaratilgan “kichik akademiya” deb nom berish o‘rinli. Ular zimmasidagi vazifa Xalq ta’limi vazirligining “Dars — muqaddas”, “O‘rgan — o‘rgat”, “Yaxshi muallim — sifatli ta’lim” dasturlarida ham o‘z aksini topgan. Afsuski, hamma bilim maskanlarida ham uslubiy kengash va uslubiy birlashma faoliyati amalda yo‘lga qo‘yilgan, maktab rahbariyati tomonidan “Ustoz-shogird” tizimi, turli pedagogik o‘qishlar, o‘zaro tajriba almashish ishlari to‘g‘ri tashkil etilgan, deb bo‘lmaydi.
2
Bizda muqaddas sanaladigan tushunchalar bor. Bu sifatlashni ko‘pincha Vatanga, onaga, ayolga nisbatan ishlatamiz. Xalq ta’limi vazirligi bundan yetti yil muqaddam “Dars — muqad¬das” tadbirlar majmuasini ishlab chiqqanida oramizda “Darsning nimasi muqaddas ekan, chekimizga tushgan qirq besh daqiqani qanday qilib bo‘lsada, o‘tkazamiz-da”, deganlar ham topildi. Masalaga subyektiv yondashib qirq besh daqiqani taxminan quyidagicha taqsimlasa ham bo‘larkan. O‘qituvchilar xonasida shusiz ham o‘ziga ayon dars jadvalini kuzatish, sinf jurnalini izlashga besh daqiqa, xonaga borguncha salobat bilan, bir-bir qadam tashlab, u yer, bu yerda to‘xtab, o‘zidek kun o‘targa ishlayotgan hamkasbini suhbatga tortishga besh daqiqa (boisi, sizni koridorning boshida ko‘rgan o‘quvchi o‘sha zahoti o‘zini sinfxonaga urishi tayin), o‘quvchilar bilan salom-alik qilish, tozalikni kuzatish, davomatni aniqlash, jurnalni titkilashga o‘n besh-yigirma daqiqa, o‘tilgan mavzuni so‘rash, yetarlicha tayyorgarlik bilan kelmaganlarga, zerikishdan tartibbuzarlik qilgan “quloqsiz” o‘quvchini dakki bilan siylashga o‘n besh-yigirma daqiqa... Qani ayting-chi, yangi mavzuni o‘tishga qancha vaqt qoldi? O‘quvchilarga naridan-beri vazifa berib, sinfni tark etsak, bizni kim yozg‘irib o‘tiribdi?
Endi zimmadagi vazifaga obyektiv nazar tashlaylik. Qirq besh daqiqa mubolag‘a bilan aytganda, ko‘z yumib, ochishga arang ulguradigan fursat, yaxshi o‘qituvchi uchun uning har bir soniyasi qadrli. Agar dars soatiga ajratilgan vaqtni to‘g‘ri taqsimlay olmasak, oldimizga qo‘yilgan ta’limiy, tarbiyaviy, rivojlantiruvchi maqsadlarga erishish u yoqda tursin, o‘quvchiga berishimiz lozim bo‘lgan davlat ta’lim standartlari minimumini ham bajara olmaymiz. O‘qituvchi bunday vaziyatda uslubiy birlashma yoki o‘zaro dars tahliliga kirgan tajribali hamkasb, ya’ni ustoz yordamiga tayanmasa, vaziyatdan qanday chiqib ketadi?
Yosh hamkasblardan biri darsning oxirigacha tinimsiz ma’ruza o‘qishi e’tiborimni tortdi. Uni chaqirib, buning sababini so‘radim.
— Shunday qilmasam, mavzuni tugatishga ulgurolmayapman, domla, — dedi u.
— Bunday ahvolda tez toliqib qolishing, eng yomoni, vaqt o‘tib, o‘z darsingdan o‘zing ham zerika boshlashing mumkin.
— Unda qanday qilsam o‘quvchilarimga mavzuni to‘laqonli yoritib berolaman, ustoz?
Yosh hamkasbimga o‘qituvchi yaxshi boshlovchi bo‘lishi kerakligini, yangi mavzuni yoritishda o‘quvchilar ishtirokini kengaytirish lozimligini aytib, o‘quvchi ongiga bilim, ko‘nikma, malakalarni singdirishning yangicha uslublari haqida maslahat berdim:
— Shuni esingdan chiqarma, — dedim suhbatimiz yakunida shogirdimga, — o‘quvchi eshitish bilan bilimlar minimumini egallaydi, agar yaxshi natijalarga erishaman, desang, uni faqat eshitishga emas, mantiqiy fikrlashga o‘rgat. Darslik nimaga chiqarilgan, “yuz eshitgandan, bir ko‘rgan afzal” degan maqol esingdami, o‘quvchilaringga kitob bilan ishlash uchun ham vaqt ajrat, u kitob bilan ishlash qo‘nikmasini maktabda, sening yordamingda egallasin, uyida mustaqil davom ettirsin, shunda eshitganlari darslikda yozilganlar bilan mustahkamlanib, bilimini erkin bayon etish, fikrlay olish malakasini hosil qiladi.
Tan olish kerak, ko‘pchiligimiz, hatto anchagina tajribaga ega bo‘lganlarimiz ham yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanish o‘quvchilar bilim darajasini, sifat o‘zlashtirishini ko‘tarish muhim omili sanalishini e’tirof etamiz, ammo amalda yillar davomida qo‘llab kelayotgan primitiv uslublardan voz kecholmaymiz. Dars o‘tishning ma’ruza ko‘rinishi allaqachon vazifasini o‘tab bo‘lgan. Bu undan umuman foydalanmaslik kerak, degani emas, jarayon o‘quvchilarni zeriktirib qo‘ymaydigan texnologiyalar bilan boyitilsa, shakl ham, mazmun ham o‘zgaradi.
3
Odatda aksariyatimiz jamoatchilik asosida bajariladigan vazifa bilan ijrosi uchun haq olinadigan ishga teng nazarda qaramaymiz. Tabiiyki, jamoatchilik topshirig‘ini “mendan ketguncha, egasiga yetguncha” qabilida bajarish hech kimni ajablantirmay qo‘ydi. Uslubiy birlashma raisligi shunday haq to‘lanmaydigan (ayni paytda Xalq ta’limi vazirligi maktablardagi uslubiy birlashma raislariga haq to‘lash tizimini yaratish yuzasidan aniq taklif va mulohazalarni umumlashtiryapti) yuklamalardan biri. Vaholanki, maktab uslubiy kengashi, fan yo‘nalishlari bo‘yicha uslubiy birlashmalar to‘g‘risida alohida-alohida nizom ishlab chiqilgan, vazifalar, ko‘zlangan maqsad aniq-ravshan belgilab berilgan. Masalan, ta’lim muassasasida metodik ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida tashkil etiladigan “Metodika kengashi to‘g‘risida”gi nizomda 18 banddan iborat vazifalar bayon etilgan. Metodbirlashma zimmasidagi vazifalar ko‘lami esa bundan ham kengroq. Birgina “fan oyliklari” va “ochiq darslar festivali”ni tashkil etishning o‘zi bilan maktabda ta’lim mazmunini boyitish sohasida sezilarli yutuqqa erishish mumkin. Ammo ming afsuski, aksariyat hollarda bu boradagi ishlar faqat qog‘oz va hujjatlarda o‘z aksini topmoqda. Odatda uslubiy birlashma raisligiga fan yo‘nalishi bo‘yicha eng tajribali va malakali mutaxassis tayinlanishi kerak. Lekin bunday o‘qituvchilar ko‘pincha o‘z huzur-halovatini buzmaslikni ma’qul ko‘radi. Hatto dars taqsimoti chog‘ida ham imkon darajasida quyi sinflardan dars olishga intiladi. Negaki, quyi sinf o‘quvchilari bo‘ysunuvchan bo‘ladi. “Ustoz-shogird maktabi” faoliyati ham shunday yuzakichilikdan xoli emas.
Esimda, oliy o‘quv yurtini bitirib, ish faoliyatimni boshlagan kezlarim edi. Maktabimizning keksa direktori har bir yosh mutaxassis bilan tez-tez, alohida suhbatlar qurib turar, odatda bunday “sirlashuv”lar u kishining:
— Tanlagan kasbing nihoyatda mushkul, igna bilan quduq qazishga o‘xshaydi. Tinimsiz izlanish, intilish orqali jamoa, o‘quvchilar, ota-onalar o‘rtasida hurmat topishing, keng jamoatchilik e’tiborini qozonishing mumkin. O‘qituvchi daqiqa sanab ishlaydi, tanga sanab haq oladi.Sen ko‘proq falon-falon ustozlar etagidan mahkam ushla. Shunda hech qachon kam bo‘lmaysan, — degan maslahatlari bilan yakun topardi.
Bir soatlik darsning murakkabliklari unga tayyorlanish jarayoni, kitob varaqlab, mukammal ishlanma, ko‘rgazmali vositalar tayyorlashdan tortib, dars soatini tashkil etishgacha bosqichlarni o‘z ichiga olishini o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan mutaxassisgina his qila oladi. Agar shu jarayon metodika kengashi va uslubiy birlashmalar tomonidan boyitilsa, ko‘zlangan maqsadga erishish osonlashadi. Bejiz “Tarbiyada ta’til yo‘q”, deyilmaydi. Aynan shu hikmatni ta’limda ham qo‘llash faqatgina ijobiy natija keltiradi.
Abdunabi ABDIYEV, Mirishkor tumanidagi 22-maktab direktori