Vaucher tizimi tajriba-sinovda
Yosh avlodning yaxshi bilim va tarbiya olishi har bir jamiyatning nafaqat bugungi, balki ertangi kunini ham hal qiladigan muhim masala sanaladi. Keyingi yillarda tizimli yondashuv asosida maktab ta’limini mutloqo yangi sifat bosqichiga ko‘tarish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Ta’lim-tarbiya uchun sarflanayotgan mablag‘larning oshib borayotgani ham islohotlar ko‘lamini belgilaydi. Misol uchun, o‘tgan ikki yilga nisbatan 2018-yilda bu ko‘rsatkich 30 foizga oshdi. Maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar 57 foiz, oylik maoshlar 40 esa foizgacha ko‘tarildi. Joriy yilda davlatimiz tomonidan xalq ta’limi tizimini rivojlantirish uchun 17 trillion so‘m mablag‘ berilishi rejalashtirilayotgani aytilmoqda. Maktablarda bu mablag‘lardan maqsadli foydalanish qay darajada yo‘lga qo‘yilgan?
Ishlagan tishlaydi...mi?
O‘quv sifatining yuqoriligi va qulay shart-sharoit yaratilgani bilan nufuzi oshgan maktablarda bola soni me’yoridan ortiq. Tabiiyki, bunday maktablarning rahbariyati va pedagogik jamoasi nisbatan ko‘p mehnat qiladi. Shu hududdagi boshqa maktablar esa ota-onalar ishonchini unchalik qozona olmagani yoki boshqa sabablarga ko‘ra, o‘quvchi soni muassasa quvvatiga nisbatan kamayib ketgan. Ammo har ikkala ta’lim muassasasiga ham davlat tomonidan bir xil mablag‘ ajratiladi. Vaucher tizimi ayni shu nomutanosiblikni bartaraf etadi, adolatsizlikka chek qo‘yadi. Ya’ni maktablarga ajratilayotgan mablag‘ bola soniga nisbatan belgilanadi.
Ayni kunda xorijiy tajribalar asosida boyitilgan bu pilot loyiha Mirzo Ulug‘bek tumanida tajriba-sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu bosqichma-bosqich taklifga qaratilgan moliyalashtirishdan (ya’ni ta’lim muassasasining nomi qanchalik mashhur bo‘lsa, unga shuncha ko‘p pul ajratiladi) talabga qarab moliyalashtirish (o‘quvchilar ta’lim olish uchun qaysi muassasani ko‘proq tanlasa, o‘sha muassasaga ko‘proq pul ajratiladi) tizimiga o‘tilishidir.
Mablag‘larni bunday taqsimlashni yo‘lga qo‘yish uchun ushbu pullar o‘quv dargohida to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki iste’molchilar (bu yerda o‘quvchilar va ular¬ning ota-onalari) orqali yo‘naltiriladi.
— Tumanimizda maktablarni moliyalashtirish bo‘yicha tajriba-sinov ishlari boshlandi, — deydi Mirzo Ulug‘bek tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Yaxshigul Shodiyeva. — Shu kungacha xarajatlar smetasi barcha maktablar uchun bir xil tasdiqlanardi. Masalan, tumandagi 50-maktabda 2222, 71-maktabda 2647, 187-maktabda 2391 nafar o‘quvchi o‘qisa, 148-, 222-maktabda atigi 500 dan ziyod bola ta’lim oladi, xolos. Vaucher tizimi asosida maktablarga bola soniga qarab mablag‘ ajratilishi ta’lim sifatini oshirib, jamoada sog‘lom raqobat muhitini yaratadi. Talab yuqori bo‘lgan maktablar berilgan mablag‘ asosida sharoitini yanada yaxshilab, fidoyi o‘qituvchilarni rag‘batlantirib boradi.
Xalq ta’limi tizimida asosiy iste’molchi o‘quvchidir. Shuning uchun ham o‘quvchi soniga nisbatan mablag‘ ajratiladi va bolaning qaysi maktabda o‘qishini ota-onasi hal qiladi. Endi ishlasa-ishlamasa bir zaylda pul olmasligini yaxshi anglagan rahbarlar maktab mavqeyini ko‘tarishga urinadi. O‘z mehnati evaziga o‘quv binosining ta’miri, moddiy-texnik bazasi, pedagoglar uchun qo‘shim¬cha maosh kabi imkoniyatlarni qo‘lga kiritadi. Tajriba muvaffaqiyatli yakunlansa, tarmoq maktablar loyihasi kengaytiriladi. Nomdor maktabga atrofdagi o‘quvchi soni kam bo‘lgan maktablar A korpus sifatida qo‘shib beriladi.
“Mablag‘lar... o‘quvchining ortidan ergashadi”
Ota-onalar farzandini qaysi maktabga berishni o‘zi hal qilgani va maktablarni moliyalashtirish o‘quvchilar soniga bog‘liq bo‘lgani sababli o‘ziga xos iqtisodiy jarayon yuzaga keladi. Maktablar o‘quvchi uchun kurashishga, yanada sifatli, xilma-xil xizmat turlarini taklif qilishga urinadi.
Vaucher tizimi ta’limga ajratiladigan mablag‘ning teng taqsimlanishini ta’min¬lash imkonini beradi. Rivojlangan mamlakatlarda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, vaucher dasturi joriy qilingach, ijobiy natijalar kuzatilgan.
Ilmiy tilda aytganda, ta’lim vaucheri ta’lim xizmatlarining muayyan miqdori davlat tomonidan turli shaklda qoplab berilishidir. Mohiyatan, bunday vaucher davlat bilan tuzilgan o‘ziga xos shartnomadek gap. Davlat shu tariqa o‘z fuqarosiga ta’lim xizmatini pul sarflamay turib sotib olish huquqini kafolatlaydi. Keyingi yillarda ko‘plab rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda ommalashib borayotgan ta’lim tizimini moliyalashtirishning bu usuli, “Mablag‘lar maktabning emas, balki o‘quvchining ortidan ergashadi” degan tamoyilga asoslanadi. Ko‘p davlatlarda o‘quvchilar o‘z vaucherlaridan ham davlat, ham nodavlat ta’lim muassasalarida foydalanishi mumkin. Bunda o‘sha ta’lim dargohidagi o‘qitish sifatiga katta e’tibor qaratiladi.
Ta’lim vaucherlarining asosiy vazifasi:
iste’molchiga tanlov imkoniyatini kengaytirish;
ta’lim tizimida bozor munosabatlarini rivojlantirish;
ta’lim xizmatlarining sifatini oshirish;
ta’lim sohasidagi moliyaviy oqimlarning shaffofligini ta’minlash.
Albatta, yangi tizim amaliyotga tatbiq etilishi bilan ta’lim sohasidagi muammolar darrov hal bo‘lib qol¬maydi. Muhimi, dastur o‘quvchilarga ta’lim muassasasini tanlash imkonini beradi, maktablar o‘rtasida raqobat paydo bo‘ladi. Ular o‘quvchi uchun kurashga kirishadi, ta’limga ajratilayotgan mablag‘lar yanada samarali va foydali maqsadda sarflana bosh-laydi.
Xorij tajribasi
Ushbu tizimning ustun jihatlari uni allaqachon o‘z ta’lim sohasiga joriy etgan mamlakatlar — AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Daniya, Ispaniya, Gollandiya, Shvetsiyada yaqqol yuzaga chiqmoqda.
Quyida tizimning o‘ziga xos jihatlarini sanab o‘tamiz.
Shaffoflik. Vaucherlar ta’lim sohasidagi moliyaviy oqimlarning ochiqligini va shaffofligini ta’minlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, turli ko‘zbo‘yamachiliklarni bartaraf etadi, ajratilayotgan mablag‘larning “foydali ish koeffitsiyenti”ni oshirish¬ga xizmat qiladi.
Adolatlilik. Vaucherlar yordamida kam ta’minlangan oilalarning farzandlariga ham yuqori sifatli ta’lim xizmatini ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘ladi va bu jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlashga yordam beradi.
Talab va taklif. Vaucherlar ta’lim sohasiga bozor iqtisodiyotining asosiy qoidasi bo‘lmish talab va taklif qonunini olib kiradi. Natijada investitsiyalar eng istiqbolli, bozor talab qilayotgan oliy va kasb-hunar ta’limi yo‘nalishlariga taqsimlanadi. Eng muhimi, bunda qaysi mutaxassislikka talab yuqori ekanini vazirliklar yoki boshqa davlat organlari emas, balki bozorning o‘zi hal qiladi.
Raqobat. O‘quvchilar qayerda o‘qishni o‘zi tanlay boshlagach, ta’lim muassasalari o‘rtasida raqobat yuzaga keladi. Bu esa ta’lim sifatining oshishiga kuchli turtki bo‘ladi.
Mustaqillik. Vaucher tizimini joriy qilinar ekan, davlat ta’lim muassasalariga bosqichma-bosqich ma’muriy va moliyaviy-iqtisodiy jihatdan mustaqil bo‘lish uchun yo‘l ochiladi. Natijada bu ta’limga davlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘larni kamaytirishga ham yordam beradi.
— Ta’limni isloh qilishda moliyalashtirish usullari ham eng dolzarb masala sifatida ko‘pchilikning diqqatini tortmoqda, — deydi Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi mutaxassisi Farog‘at Ahmadjonova. — Hozir ta’lim sohasining moliyaviy mexanizmlarini optimallashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Maqsad — ta’lim tizimi uchun davlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘dan imkoni boricha to‘liq hajmda va samarali foydalanish. Xalq ta’limi tizimini qo‘llab-quvvatlash xalq harakatiga aylanmoqda. O‘tgan yili mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 1815 ta maktabni joriy ta’mirlash uchun milliardlab so‘m sarflangani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
“Bolalar ta’limi uchun butun mamlakat aholisi soliqlar shaklida pul to‘laydi, — deb yozadi vaucher tizimini uzoq yillar tadqiq qilgan amerikalik olim Pol Piterson. Bu go‘yo bir kassa o‘ynagandek gap. Bugun mening farzandim maktabda o‘qiyapti va buning uchun hamma pul to‘layapti, erta u o‘qishni tugatadi va sizning farzandingiz maktabga kiradi. Uning ta’limi uchun ham barchamiz pul to‘laymiz...
Bu tizimning yo‘lga qo‘yilishi hammaning taqdiriga daxldor natijalarga olib boradi. Ya’ni butun mamlakatning, shu jumladan, har birimizning farovonligimiz fuqarolarning bilim darajasiga bog‘liq. Shart shuki, ta’lim haqiqiy, sifatli, zamonaviy bo‘lishi lozim. Bu sifat esa ta’minlashning birdan-bir yo‘li esa ta’limda raqobat muhiti, bozor munosabatlarini shakllantirishdir”.
Shoira BOYMURODOVA