Metodbirlashmadagi muammolar yechimini kutmoqda
Metodbirlashma o‘qituvchiga mahorat va tajriba maktabi vazifasini o‘taydi. Uning pedagogik va ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi. Ammo amalda barcha maktablarda ham shu bo‘g‘in faoliyatini sifatli tashkil etishga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti.
Avvalo, metodbirlashma rahbarligiga mutaxassislar to‘g‘ri tanlanmayapti. Ko‘p maktablarda metodbirlashma rahbarligiga yosh, AKTni yaxshi biladigan, hujjatlarni namunali tayyorlay oladigan o‘qituvchi tayinlanadi. Negadir tajribali o‘qituvchilar bu mas’uliyatdan o‘zini olib qochadi. Albatta, tajribasiz rahbar jamoani boshqara olmaydi, ularga o‘rnak ko‘rsatolmaydi, maslahat va tavsiya berolmaydi. Agar metodbirlashma faoliyatiga jiddiy e’tibor qaratib, faollik ko‘rsatayotganlar yetarlicha rag‘batlantirib turilsa, tajribali o‘qituvchilar bu vazifadan o‘zlarini chetga olmaydi.
Metodbirlashma rahbari tajribali, o‘z fanini chuqur biladigan va metodik bilimga boy, natijasi va yutuqlari nisbatan yuqori, yangilikka intiluvchan, dunyoqarashi keng, jamoasiga har tomonlama namuna bo‘la oladigan, yetakchilik qobiliyatiga ega bo‘lishi darkor.
Pedagogik kengash yig‘ilishida tasdiqlangandan so‘ng, maktab metodika kengashi raisi uni tegishli nizom bilan tanishtirishi, metodbirlashmani tashkil etish tartibi, maqsad va vazifalari, huquq va majburiyatlarini hamda hujjat yuritish tartibini to‘liq tushuntirishi lozim.
Sir emas, ko‘p maktablarda metodbirlashma faoliyati o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Ularda hujjatlar nomiga tayyorlanadi, xolos. Metodbirlashma yig‘ilishlari ham “xo‘jako‘rsin”ga o‘tkaziladi yoki umuman o‘tkazilmaydi. Shuning uchun maktab metodika kengashi raisi faqat metodbirlashma hujjatlarining yuritilishini nazorat qilmasdan, uning faoliyati samaradorligini ham o‘rganishi, metodbirlashma yig‘ilishlarida ishtirok etishi lozim. Shundagina metod¬birlashma a’zolari yig‘ilishga mas’uliyat bilan tayyorgarlik ko‘radi, muhokama hamda qabul qilinadigan qarorlar ham sifatli bo‘ladi.
Yana bir og‘riqli jihat shuki, maktab¬larda o‘qituvchilar o‘rtasida va metodbirlashmalararo do‘stona raqobat muhiti yo‘q. Menimcha, buning uchun o‘qituvchilar va metodbirlashmalar reytingini joriy etish kerak. Mazkur reyting asosida faol o‘qituvchilar va metodbirlashmalar rag‘batlantirilib borilsa, muallimlar o‘z natijasini yaxshilash uchun astoydil harakat qiladi, izlanadi.
Maktab metodika kengashi raisi metodbirlashma yillik ish rejasini tasdiqlashdan oldin uning mukammal tuzilganini tekshirishi, kamchiliklarini tuzatishi, so‘ng bajarilishini oyma-oy nazorat qilib borishi darkor. Ish rejada barcha vazifalar qamrab olinishi lozim. Xususan, o‘qituvchilarning yillik taqvim-mavzu rejalarini ko‘rib chiqib, tasdiqlashga tavsiya etishdan tortib, o‘quvchilar, o‘qituvchilarning turli tanlovlarga tayyorlanishi, fan oyliklari, ichki va tashqi monitoring natijalari, bo‘shliqlarni to‘ldirish, malaka oshirish, dars, tadbir, to‘garak mashg‘ulotlarining sifati, darsliklar ta’minoti, bosqichli va yakuniy attestatsiya masalalarini e’tiborga olishi lozim.
Metodbirlashma rahbarlari metodistlar bilan uzviy hamkorlik qilishi, fanni o‘qitishdagi muammolar va ularni hal qilish yo‘llariga oid masalalar yuzasidan maslahatlashib turishi, fan uyushmasi a’zosi sifatida uyushma yig‘ilishlarida faol ishtirok etishi, o‘z yutuqlari va muammolari, o‘qituvchilarning pedagogik, ilmiy va metodik ehtiyojlari yuzasidan fikrlashishi, tajriba almashishi, olingan yangiliklarni, ilg‘or tajribalarni o‘z jamoasiga yetkazishi va amaliyotga joriy etilishini nazorat qilishi kerak.
Jamshid NARZIYEV, G‘ijduvon tuman xalq ta’limi bo‘limi metodisti