Ahil oila — baxtli maktab
Joriy yilning 29-yanvar kuni “GrandMirHotel” mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Birlashgan millatlar tashkilotining giyohvandlik va jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha O‘rta Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda oilada yashash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan yangi “Ahil oila — Baxtli maktab” dasturi bo‘yicha o‘quv-trening tashkil etildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Unda UNODC vakili doktor Vadix Maaluf va Buyuk Britaniyaning Manchester universiteti fan doktori Aala El-Xan taklif etildi va ular tomonidan darslar tashkil etiladi. Trening davomida Xalq ta’limi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan maktab psixologlari, yoshlar yetakchilari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari va pedagoglar (jami 25 nafar mutaxassislar) o‘qitildi. Keyinchalik bu trening dasturi Toshkent shahrining 2 ta tayanch maktabida sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ta’kidlash kerakki, “Mustahkam oila” dasturi Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Baxtli maktab” nomli yangi milliy loyihaning oilada yashash ko‘nikmalarini rivojlantiruvchi muhim komponentlaridan biri hisoblanadi.
“Ahil oila — Baxtli maktab” dasturi universal dastur bo‘lib, 8-15 yoshdagi farzandlari bor oilalarga mo‘ljallangan. Dasturning maqsadi – ota-onalarda farzand tarbiyasi bo‘yicha ko‘nikma hosil qilish va rivojlantirish, bolalarning psixik salomatligini mustahkamlash hamda oilalarning farovonligini yaxshilashga qaratilgan. Keng omma uchun mo‘ljallangan mazkur dastur Birlashgan millatlar tashkilotining giyohvandlik va jinoyatchilikni oldini boshqarmasi tomonidan yaratilgan. Shuningdek, chekka hududlardagi uzoq qishloq joylardagi o‘quvchilar va ularning oilalari bilan o‘tkazish uchun juda qulay. Dastur Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Sog‘liqni saqlash, Oliy va o‘rta-maxsus vazirliklari hamda “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi mutaxassislarini jalb etilgan holda milliy-madaniy jihatdan moslashtirilib tayyorlangan.
Dasturning asosiy yo‘nalishlari — bolalar va ularning ota-onalari o‘rtasida xavfsiz, barqaror hamda g‘amxo‘rlikka asoslangan munosabatlarni shakllantirishdan iborat. Shu bilan bir qatorda bolalarda salbiy ijtimoiy-tibbiy omillar - zo‘ravonlik,jinoyatchilik, o‘quv motivatsiyasining pasayishi kabi holatlarning paydo bo‘lishining oldini olishga qaratilgan. Bundan tashqari, dastur bolalarning psixik va jismoniy sog‘lig‘ini mustahkamlashga yordam beradi hamda psixoaktiv moddalarni birlamchi profilaktikasi bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur trening joriy yilning 30-yanvariga qadar davom etadi.
“Ahil oila — Baxtli maktab” dasturining yo‘lga qo‘yilishi Birlashgan Millatlar Tashkilotining giyohvandlik va jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha O‘rta Osiyodagi vakolatxonasi hamda Xalq ta’limi vazirligi hamkorligining navbatdagi bosqichidir. Bu hamkorlik 5 yildan ortiq vaqtdan beri davom etib kelmoqda. Hamkorlik doirasida oilada yashash ko‘nikmalarini rivojlantiruvchi 2 ta dastur tajriba-sinovdan o‘tkazilgan va amalga oshirilgan. Har ikkala dastur o‘zining samaradorligini isbotladi. Bular-5-10 yoshli bolalar va ularning ota-onalariga mo‘ljallangan “Oila va maktab — birgalikda” nomli hamda10-14 yoshli bolalar va ularning ota-onalari uchun “Mustahkam oila” dasturlaridir. Mazkur dasturlar 2013 yildan buyon yurtimizning barcha maktablarida amalga oshirilgan bo‘lib, ularda 5000 dan ortiq oilalar va 900 ga yaqin mutaxassislar ishtirok etgan.