Maktablarimiz xalqaro baholash reytinglarida ishtirok etishga tayyormi?
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2019-yilga – “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb nom berilib, yangi yilda uzluksiz taʼlim tizimini yanada takomillashtirishni ustuvor vazifa sifatida belgilashimiz zarurligi taʼkidlandi.
Darhaqiqat yurtimizda uzluksiz taʼlim tizimini rivojlantirish boʻyicha tub islohotlar davri boshlandi. Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining tashkil etilishi, Taʼlim toʻgʻrisidagi Qonunni yangi tahrirda ishlab chiqilishi, oʻn bir yillik majburiy taʼlimning joriy etilishi, taʼlim sifatining baholashning xalqaro standartlariga Oʻzbekistonning qoʻshilishi yurtimizda taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha keng koʻlamli harakatlar boshlanganidan dalolat beradi.
Birgina 2018-yil davomida Xalq taʼlimini isloh etishga qaratilgan bir qator farmon va qarorlar qabul qilinib, Xalq taʼlimi sohasini rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan oʻqituvchi maqomini yuksaltirish, taʼlim muassasalarini zamonaviy kadrlar bilan taʼminlash, sohaga AKT hamda xalqaro tajribani joriy etish, davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirish, bir soʻz bilan aytganda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda olib borilayotgan islohotlar talablariga muvofiq taʼlim sifatini yuksak darajaga koʻtarish borasida harakatlar boshlangan.
Shunday harakatlardan biri sifatida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan 2018-yil iyul oyida ilk marotaba Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalari reytingi aniqlanganligini eʼtirof etish mumkin. Ushbu reyting natijalarining eʼlon qilinishi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada samarali ish olib borishiga asos boʻldi.
Bugungi kunda ushbu jarayonni mantiqiy davomi sifatida reyting tizimini umumtaʼlim maktablarda ham oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Shunga asosan, 2018-yil 29-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq taʼlimi vazirligining “Umumtaʼlim muassasalarining faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori imzolandi.
Mazkur qoʻshma qaror ijrosi yuzasidan, joriy yilning 30-yanvar kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan “Umumtaʼlim muassasalari reytingini aniqlashni samarali tashkil etish hamda PISA xalqaro tadqiqotlarida Oʻzbekiston Respublikasining ishtirok etishiga tayyorgarlik koʻrish” mavzusida videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deb xabar berdi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi m atbuot xizmati.
Videoselektor yigʻilishi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi U.Tashkenbayev va Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Alisher Umarov boshchiligida oʻtkazildi. Unda hududiy studiyalarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri, Toshkent shahar va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarma boshliqlari, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari mudirlari, taʼlim sifati monitoringi xizmati xodimlari, xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirishga masʼul boʻlgan xodimlar hamda mazkur tadqiqotlarni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan tayanch maktablarining rahbarlari ishtirok etishdi.
Videoselektorda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev mamlakatimizdagi umumtaʼlim muassasalari xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etishga bugungi kunda tayyor emasligini taʼkidlab, bugundan boshlab tayyorgarlik jarayonlarini tizimli ravishda tashkil etish va bu borada barcha imkoniyatlarni birlashtirib, hamkorlik ishlarini kuchaytirish lozimligini taʼkidlab oʻtdi.
Shuningdek, Davlat inspeksiyasi va Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan imzolangan qoʻshma qaror asosida “Umumtaʼlim muassasalarining faoliyati samaradorligini baholash mezonlari” tasdiqlanib, ushbu hujjatga muvofiq umumtaʼlim maktablarining faoliyatini baholash 4 ta koʻrsatkich boʻyicha amalga oshirilishi belgilanganligini maʼlum qildi.
- Bitiruvchilarning umumtaʼlim fanlari boʻyicha taʼlim tayyorgarlik darajasi va sifat koʻrsatkichi;
- 9-sinf oʻquvchilarining bilim darajasi koʻrsatkichi.
- Oliy va birinchi toifali oʻqituvchilar ulushi.
- Ijtimoiy soʻrov natijalari.
Belgilangan tartibga koʻra reytingda ishtirok etish uchun Respublika boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi barcha tuman (shahar)lardan oʻrtacha 10 foiz maktablar tanlab olinadi. Tanlangan har bir maktabning 1 tadan 9-sinfi qura tashlash yoʻli bilan sinovlarda ishtirok etadi va ushbu sinovlarga jami 30 ming nafar oʻquvchilarning ishtirok etishi kutilmoqda.
Joriy yilda reytingga jalb qilinadigan umumtaʼlim muassasalari roʻyxati oʻquvchilarning umumiy soniga nisbatan 10 foiz miqdorda tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari tomonidan shakllantiriladi va Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartiga muvofiq, umumtaʼlim fanlarini oʻrganishning A2 tayanch darajasida belgilangan talab boʻyicha 9-sinf oʻquvchilari uchun reyting oʻtkazishda “Ona tili” fanidan 125-140 soʻzdan iborat diktant yozilishi va “Matematika” fanidan 4 ta misol va 1 ta masaladan iborat yozma ish olinishi belgilandi.
Umumtaʼlim maktablarining reytingini aniqlash boʻyicha hududiy ishchi guruhlar tarkibi Davlat inspeksiyasi xodimlari, Xalq taʼlimi vazirligining hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlaridagi taʼlim sifati monitoringi shoʻbasi xodimlaridan iborat boʻladi.
Shuningdek, oʻquvchilar tomonidan yozilgan diktant va yozma ishlar Respublika taʼlim markazi tomonidan ishlab chiqilgan baholash mezonlari asosida ekspertlar tomonidan tekshiriladi .
Shu bilan birga 2019-yildan boshlab umumtaʼlim muassasalari 9-sinf bitiruvchilarining bilim darajasi PISA xalqaro baholash dasturi talablariga muvofiq baholanishi tajriba-sinov tariqasida amalga oshiriladi.
Shuningdek, yigʻilishda 2021-yilda 9-sinf oʻquvchilari PISA, boshlangʻich sinf oʻquvchilari PIRLS xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etishi belgilanganligi taʼkidlanib, unga munosib tayyorgarlik koʻrish boʻyicha hamkorlikda amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi.