Bolalar sovuq xonalarda o‘qimoqda
QASHQADARYO VILOYAT XTB DIQQATIGA!
Yozning issiq kunlari qishga qanchalik puxta hozirlik ko‘rilsa, mavsum shunchalik soz o‘tadi. Ammo ayrim ta’lim maskanlarida rahbarlarning e’tiborsizligi tufayli o‘quvchilar qoniqarsiz sharoitda o‘qishga majbur.
Yoz oylari Nishon tumanidagi 24-maktabning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishib, ta’bimiz xira tortgan edi. Bugun ham maktabdagi qay bir sinfxonaga qarasangiz, o‘quvchilar dars jarayonida qalin qishki kiyimda o‘tiribdi. Maktab direktori Farhod Rahmonov malaka oshirishga ketgani bois, uning vazifasi direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Nargiza Maxanovaga vaqtinchalik yuklatilgan ekan. Dastlab 9-“D” sinf o‘quvchilari jam bo‘lgan sinfxonaga kirdik. Yetarli sharoit yo‘qligi uchun 26 nafar o‘quvchidan faqatgina 15 nafari darsda ishtirok etmoqda.
— Sinfdoshlarim xona sovuqligi sabab tez-tez shamollab qolmoqda, — deydi o‘quvchilardan biri. — Isitish tizimi ishlamaydi. Qo‘lbola pech o‘rnatilgan. Ko‘mir yoqilganda zararli, badbo‘y hidiga chidash qiyin, boshimizni og‘ritadi, xonada o‘tirib bo‘lmaydi.
8-“B” sinfga kirganda bundan ham achinarli holatni ko‘rdik. 31 o‘quvchidan 6 nafari darsda yo‘q. Sinfxonadagi mavjud qo‘lbola pech ham yoqilmaganiga ancha bo‘lgan. 11-“A” sinfda 30 o‘quvchidan 15 nafari mashg‘ulotlarda qatnashmoqda. Sovuq tufayli o‘quvchilar tez-tez kasal bo‘lmoqda, natijada davomat tushib ketgan.
Axir ularning ham boshqa tengdoshlari kabi issiq, yorug‘, shinam sinfxonalarda yayrab o‘qishga haqqi bor-ku!
— Sinfxonaga kirgimiz kelmaydi, — deydi yana bir o‘quvchi. — Xonadan ko‘ra tashqari issiq.
Yaxshiyamki, bu yil qish har yilgidan iliq keldi. Qor-yog‘inli kunlar kam bo‘ldi. Bunaqada bechora bolalarning ahvoli nima kechardi?
Sinfxonalarda qo‘lbola pechlar bo‘lsa-da, ularning nega yoqilma-ganini bilish maqsadida maktab direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Shomahmad Jabborovga yuzlandik.
— Maktabda 4 nafar mavsumiy o‘t yoquvchi ishlaydi, — dedi Sh.Jabborov. — Ushbu sinf xonalar uchun mas’ul shaxs betobligi sababli bugun ishga chiqolmadi. Shuning uchun pechlar qarovsiz qoldi.
— Qolgan yoquvchilarchi?!
Savolimiz javobsiz qoldi. Qiziq, pech yoquvchi betobligi bois ishga chiqolmagan bo‘lsa, xo‘jalik mudirining o‘zi-chi?
Maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Rahmatilla Qilichev maktabda 6 ta qozonxonadan atigi 1 tasi ishlashini va qozonxonalarning ta’mirlanganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmaganini aytib o‘tdi. Ta’mirlash ishlari nomiga-gina bo‘lgan shekilli, mana bugun maktab bu borada tog‘dek muammoga duch kelib turibdi. O‘rinbosar “ishlaydi”, degan qozonxona orqali isitiladigan 10-“A” sinf xonasiga kirdik. Ushbu sinfxona ham sovuqlikda boshqalaridan qolishmaydi. Qo‘lbola pech ham yoqilmagan. Maktabda kuz-qish mavsumi uchun hozirlangan 25 tonna ko‘mir, o‘tin o‘tinxonada taxlanib tursa-da, sinfxonalarning bunday holatini qanday izohlash mumkin? Maktabning sport zali, kiyinish xonalaridagi isitish tizimi ishlamasligini aytmasa ham bo‘ladi.
Tumandagi 23-maktabda ham isitish tizimidagi muammolar qo‘shni mahalladagi ta’lim dargohlaridagidan ortiq bo‘lsa borki, aslo kam emas. 2-“B” sinf xonasidagi qo‘lbola pech yoqilmagan. Xona haroratining pastligidan etingiz junjikadi. Bolalar esa mana shunday sovuq xonalarda dars tinglashga majbur. 2-“A” sinf o‘quvchilari dars o‘tayotgan sinfxona pechi yoqilgan bo‘lsa-da, xona harorati juda past. 9-“B” sinf xonasida ham qo‘lbola pech yoqilgan. Ammo xonadan ko‘mirning hidi anqib turibdi. Biz o‘quvchilarning isitish tizimidagi muammolar bo‘yicha fikrlarini tinglayotganimizda, o‘zini Tohir Mamatov deya tanishtirgan o‘quvchi xona sovuqligidan ko‘ra dolzarbroq muammoni o‘rtaga tashladi.
— Mana, o‘quv yilining uchinchi choragi ham boshlandi. Menga hamon ijara darslik kitoblarning birortasi berilgani yo‘q, — dedi u qat’iy ohangda. — Agar siz “komissiya” bo‘lsangiz, mening muammomga yechim topib bering, iltimos. Darslarni o‘zlashtirishda, uy vazifalarini tayyorlashda juda qiyinalyapman. Dars payti o‘rtoqlarim kitobidan foydalanaman, uy vazifasini tayyorlashda tengdoshlarimdan anchagina ortda qolib ketdim…
Biz tumandagi bor-yo‘g‘i ikkita maktabning isitish tizimi kamchiliklarini qalamga oldik, xolos. Mas’ul mutasaddilarga muammolar haqida savol bersak, barchasini mablag‘ga taqashdi. Axir, 2018-yilda Nishon tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktablarining 35 tasini joriy ta’mirlash uchun mahalliy byudjetdan 906,84 million so‘m sarflangan edi-ku. Jumladan, 23-umumta’lim maktabi uchun 34 million so‘m, 24-maktab uchun 37 million so‘m ajratilgan. Xo‘sh, bu pullar qayerga va nimaga sarflandi-yu, qanday ishlar amalga oshirildi? Nishon tuman xalq ta’limi bo‘limi maxsus ta’mirlash ekspluatatsiya xizmati boshlig‘i, bosh muhandisi Jahongir Ibragimovning bizga taqdim etgan ma’lumotiga ko‘ra, maktablarda quyidagi joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.
23-umumta’lim maktabida pudratchi “2-son Kompleks Loyiha Qurilish” MChJ tomonidan 3 ta sinfxonaning pol qismiga yog‘och materiallardan 172 kvadrat metr ishlatilgan. 24-maktabda esa “EKO Stroy” MChJ tomonidan 600 kvadrat metr devor tozalash, 162 kv m sement suvoq, 1100 kv m shpaklyovka, 1706 kv m fasad, 104 kv m karniz, 164 kv m sokol bo‘yash ishlari olib borilgan. Maktabning isitish tizimida tog‘dek muammo ko‘ndalang tursa-yu, rahbar va quruvchilar bino devoriga bo‘yoq chaplash — sirtini yaltiratish bilan andarmon bo‘lsa…
— Men ta’mirlash jarayonida qurilish rahbariga barchasidan ko‘ra ham isitish tizimiga e’tiborni qaratish kerakligini aytdim, — deydi 23-maktab direktori Chori Jabborov. — Lekin ular 3 ta sinfning polini ta’mirlashdi. Norozi bo‘lishimga qaramay hech kim meni tinglamadi. Oxir-oqibat qabul qilish va topshirish hujjatiga qistov yo‘li bilan imzo chektirishdi...
O‘ktam MEYLIYEV, tc
"O‘ktam MEYLIYEV, "
“Ma’rifat” muxbiri tc
"“Ma’rifat” muxbiri"