Maktab kuzatuv kengashi a’zolari qanday tartibda saylanadi?
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining 2018-yil 26-dekabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 16-mh-son buyrug‘i (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 11-yanvarda 3118-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan) asosida Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida Kuzatuv kengashi faoliyatini tashkil etilishi belgilangan.
Shu bois, 2019-yil 23-yanvar kuni Toshkent shahridagi ta’lim muassasalari direktorlari uchun Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 64-sonli va Chilonzor tumanidagi 217-sonli maktablarda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida Kuzatuv kengashi a’zolarini belgilangan tartibda saylash va kengashning dastlabki namunaviy ta’sis yig‘ilishlari o‘tkazildi, deb xabar beradi Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati.
Mazkur yig‘ilishda Xalq ta’limi vazirligi va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan Kuzatuv kengashi faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Jumladan, ta’lim muassasalarida Vasiylik kengashi faoliyati tugatilib, Kuzatuv kengashlari faoliyatini tashkil etish maqsadi, ta’lim jarayonining shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik ta’sirini kuchaytirish, o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishlari, ularga tegishli shart-sharoitlar yaratish hamda ta’lim-tarbiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Kengashlari a’zolari qanday tartibda saylanadi?
Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining kuzatuv kengashi 7 kishidan kam bo‘lmagan toq sondan iborat tarkibda tuziladi. Kengash a’zolarining soni cheklanmaydi. Kengashga ota-onalar, sobiq bitiruvchilar va nafaqadagi sobiq pedagoglar, homiylar va jamoat vakillari kirishlari mumkin.
Shuningdek, kuzatuv kengashini ta’sis etish, kengash tarkibini va uning rahbar organlarini saylash yig‘ilishlarini uch bosqichda o‘tkazish lozim bo‘ladi.
Birinchi bosqichda har bir sinf ota-onalari yig‘ilishi o‘tkaziladi. Yig‘ilishda ota-onalar “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining kuzatuv kengashi haqidagi Namunaviy nizom” bilan tanishtiriladi, ta’lim muassasasi umumiy yig‘ilishiga 2 nafar vakil saylab olinadi.
Vakillarga yig‘ilish qarori bilan ta’lim muassasasi umumiy yig‘ilishida sinf ota-onalarining iroda-manfaatlarini ifoda etish, muhokamalarda faol qatnashish va qaror qabul qilish davomida ovoz berish vakolatlari beriladi.
Shuningdek, sinf ota-onalari yig‘ilishida ta’lim muassasasi kuzatuv kengashi a’zoligiga 1 nafar nomzod saylash uchun tavsiya etilishi mumkin, munosib nomzod bo‘lmasa, tavsiya etilmasligi ham mumkin.
Ikkinchi bosqichda ta’lim muassasasining umumiy yig‘ilishi o‘tkaziladi.
Yig‘ilishda umumta’lim maktabining kuzatuv kengashi haqidagi Nizomni tasdiqlanadi va kuzatuv kengashini ta’sis etish, kuzatuv kengashi a’zolari soni belgilanadi va ular tarkibi saylab olinadi.
Uchinchi bosqichda Kengashning birinchi yig‘ilishi tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan tegishli ta’lim muassasasida tashkil etiladi.
Birinchi yig‘ilishida ishtirok etayotgan Kuzatuv kengashi a’zolar umumiy sonining oddiy ko‘pchilik ochiq ovoz berishi orqali Kengash raisi va kotibi saylanadi.
Kengash raisi va kotibiga ta’lim muassasasining joriy yil maqsad va vazifalarini aks ettiruvchi hamda ularga erishish yo‘llari ko‘rsatilgan
yillik reja loyihasini tayyorlash va kengashning keyingi yig‘ilishi muhokamasiga kiritish yuzasidan qaror qabul qilinadi.
Shuningdek, ta’lim muassasasi direktori yoki uning o‘rinbosarlari, shuningdek, ularning yaqin qarindoshlari Kengash a’zolari sifatida saylanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kengash tarkibi 3 yil muddatga saylanadi. Bunda Kengash tarkibi har o‘quv yili boshida ko‘rib chiqilishi mumkin.
Kengash a’zosi etib saylangan ota-onalarning farzandlari boshqa ta’lim muassasasiga o‘tkazilganda yoki bitirib ketganda, Kengashning ushbu a’zosi Kengash a’zolari qatoridan chiqariladi va uning o‘rniga ota-onalar orasidan boshqa a’zo saylanadi.
Kengash a’zosi kengashning yig‘ilishlarida surunkali 3 marta uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda, u Kengash a’zolari tarkibidan chiqariladi. Kuzatuv kengashi yig‘ilishlari kamida uch oyda bir bor o‘tkaziladi.
Ilk Kuzatuv kengashlari qanday saylandi?
Yuqorida qayd etganimizdek, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 64-sonli va Chilonzor tumanidagi 217-sonli maktabda namunaviy tarzda mamlakatimizdagi ilk Kuzatuv kengashlari saylandi.
Ushbu jarayon ikki bosqichda o‘tkazildi.
Birinchi bosqichda, har bir sinfda tahsil olayotgan o‘quvchilar ota-onalaridan kengash a’zoligiga ta’sis yig‘ilishida delegat sifatida ishtirok etish uchun tavsiya berilgan nomzodlar ro‘yxati o‘qib eshittirildi.
Ta’sis yig‘ilishi davomida delegatlar maktabning Kuzatuv kengashi nizomini tasdiqlab berdi hamda taqdim etilgan nomzodlar orasidan kengash a’zolarini sayladi.
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 64-sonli maktab Kuzatuv kengashiga yetti nafar va Chilonzor tumanidagi 217-sonli maktab kuzatuv kengashiga esa to‘qqiz nafar a’zo saylandi. So‘ngra Kengash a’zolari o‘z saflaridan Kuzatuv kengashi raisi va kotibini saylab oldilar.
Kengash raisi va a’zolari ta’lim muassasasining joriy yil maqsad va vazifalarini aks ettiruvchi hamda ularga erishish yo‘llari ko‘rsatilgan yillik reja loyihasini tayyorlaydi va kengashning keyingi yig‘ilishi muhokamasiga kiritish yuzasidan qaror qabul qiladi. Mazkur tasdiqlangan reja asosida o‘z ish faoliyatini olib boradi.
Kuzatuv kengashlari asosiy maqsad va vazifalari?
Kuzatuv kengashining asosiy maqsad va vazifalari sirasiga ta’lim muassasasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, xalq ta’limi boshqaruv idoralari tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar tarkibidan ta’lim muassasasi rahbarini saylash, shuningdek, belgilangan tartibda uni egallab turgan lavozimidan ozod etish haqida takliflar kiritish ham mumkin.
Kuzatuv kengashi a’zolari ta’lim muassasasining maqsadlari va vazifalarini hamda ularga erishish rejalarini tasdiqlaydi, ta’lim muassasasida amalga oshirilishi belgilangan vazifalarning bajarilishi va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi ustidan nazorat olib boradi.
Kengash ta’lim muassasasi rahbarining muassasa faoliyatini takomillashtirish, moliyaviy-xo‘jalik holati, daromadlar va xarajatlar, byudjet, byudjetdan tashqari, homiylik va boshqa mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobotlarini vaqti-vaqti bilan tinglaydi.
Kuzatuv kengashi ta’lim muassasasi rahbarining taqdimnomasi bo‘yicha yillik moliyaviy rejalarni, ko‘rsatilayotgan pullik xizmatlar narxining miqdorlarini va muassasa mulkidan foydalanganlik uchun ijara haqi miqdorini, shu jumladan auksiondagi boshlang‘ich narxni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi.
Kuzatuv kengashiga o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar ustidan tizimli ravishda monitoring o‘rnatish, o‘quvchilar va ular ota-onalarining murojaatlarini ko‘rib chiqish, ta’lim muassasasining pedagog va rahbar xodimlari faoliyati to‘g‘risida ijtimoiy so‘rovlarni o‘tkazish, ta’lim muassasasining faoliyatini tashkil etishga taalluqli boshqa masalalarni hal qilishda ishtirok etish vazifalari yuklatilgan.
Ta’kidlash joizki, maktablarda faoliyat yuritgan vasiylik kengashlari o‘z faoliyatini yakunladi. So‘nggi paytda vasiylik kengashlariga e’tirozlarning ko‘payishi sababi asosan ota-onalardan pul yig‘ish muammolariga bog‘liq edi.
Kuzatuv kengashi yuqorida keltirilgan vazifalarni hal qilgan holda noqonuniy mablag‘ yig‘ish holatlari bilan ham kurashadi.
Shu bilan birga Kuzatuv kengashi maktab direktorlarini tayinlash jarayonidagi korrupsiya omillarini bartaraf etadi. Maktab direktorlari tuman xalq ta’lim bo‘limlari tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri tayinlanmaydi. Kuzatuv kengashiga bir necha nomzod taqdim etiladi va kengash a’zolari o‘quv muassasasining rahbarini taqdim etilgan nomzodlardan tanlab oladi.