Sinf rahbari kim va u qanday bo‘lishi kerak?
Sinf rahbari — 30–35 nafar bolaning boshini qovushtiradigan, rahbariyat topshi-riqlarini o‘quvchi va ota-onaga yetkazadigan kichik jamoa boshqaruvchisidir. Uning bilimi, muloqot madaniyati, bolalar oldida, ota-onalar majlisidagi yetakchiligi, o‘quvchisining oilaviy ahvoli, turmush sharoiti bilan tanishligi, turli tadbirlar o‘tkazishi, tarixiy obidalar, zamonaviy inshootlar, ishlab chiqarish korxonalariga sayohat uyushtirishi peda-gogik mahoratidan dalolat beradi. Unga haqiqiy bahoni sinf jamoasi va ota-ona beradi. Biz, sinf rahbarlari qalbi nozik bolalar bilan ishlaymiz. Agar qalb jarohat-lansa, sinsa, uning tuzalishi uchun yillar kamlik qiladi. Demak, xato qilish qimmatga tushadi.
Sinf rahbari kim? U qanday sifatlarni o‘zida mujassam etishi kerak?
Ota
Ikkinchi smenada darsimni yakunlab, sinfdan chiqdim. Yo‘lakda kimdir kostyumim-ning yengidan tortganini sezib, ortimga o‘girildim. Qosh-ko‘zlari qop-qora, sochi ikkita o‘rilgan, bantik taqqan qorachagina, istarasi issiq 5-sinf o‘quvchisi turardi.
— Ustoz, — dedi u qo‘rqa-pisa, — sizni dada desam maylimi?
U yig‘lab yubordi. Nima qilishimni bilmay qoldim. Begona bolaga mening ota bo‘lishim... Uning hayotida qandaydir kemtiklik bor.
Qizaloqning qo‘lidan ushlab, cho‘kkalab o‘tirdim-da, ko‘z yoshlarini artdim.
— Qizim, sen yig‘lama. Hali hammasi yaxshi bo‘ladi. Dadang… vafot etganmi? — dedim ko‘ngliga og‘ir botmaydigan ohangda.
— Yo‘q...
— Unda nega…
— Kichkinaligimda bizni tashlab ketgan. Dadasi borlarga havasim keladi. Onam, bobom, tog‘am, xolam, dugonalarim, ustozlarim bor. Faqat dadam yo‘q. Ustoz, sizdek dadam bo‘lishini orzu qilaman.
— Mayli, ona qizim, istaganingcha aytaver. Sen mening qizimsan. Bilasan, ertaklar doimo yaxshilik bilan tugaydi. Demak, sening ertaging hali tugagani yo‘q. Kelajaging oydin bo‘lsin. Yaxshi o‘qi, odob-axloqli, ko‘rgan ko‘z quvonadigan qiz bo‘l. Men seni qo‘llab-quvvatlashga tayyorman.
Unga yozuvchi Tohir Malikning “Mehmon tuyg‘ular” va “Hikoyalar”ini sovg‘a qildim. Qizaloq bir menga, bir qo‘lidagi kitoblarga qaradi-da:
— Hali hech kim menga kitob sovg‘a qilmagan edi. Rahmat... dadajon! — dedi-yu, bo‘ynimdan quchoqlab oldi.
Xuddi farzandimni bag‘-rimga olgandek erib ketdim.
Demak, sinf rahbari bolaning sazasini o‘ldirmasa, qalbiga quloq tutsa, unga o‘z otasi yoki onasidek bo‘lib qoladi.
Qog‘ozlarga “ko‘milib” yashaymiz. Ish reja taxt, hisobot jimjimador, tarbiyaviy soat o‘tilyapti, jurnal to‘ldirilgan, ota-onalar majlisi o‘tkaziladi, davomat tekshiriladi. Sirtdan qaraganda hammasi zo‘r, faqat qog‘ozda. Lekin unutmaylik, biz bola bilan, kelajak bilan ishlayapmiz. Agar tarbiyani ota-onaga, ota-ona esa maktabga yuklasa, bola aro yo‘lda qoladi. Ko‘cha esa bolani o‘zi xohlagancha “tarbiyalab” oladi.
Ona
Ona hammaning o‘rnini bosishi mumkin, lekin uning o‘rnida hech kim bo‘lolmaydi. O‘quvchini o‘z bolasidek yaxshi ko‘radigan, ta’tilda sog‘inib qoladigan, betob bo‘lsa, xabar oladigan, qiynalganda ko‘mak beradi-gan haqiqiy ustozlar — ona sinf rahbarlaridir. Sinf rahbari o‘quvchilar tufayli maktabga ko‘proq bog‘lanadi. U maktabdagi ona. Lekin barcha ustozlar “ona” deyilishga arzirmikan? Ba’zi sinf rahbarlari tarbiyasi og‘ir, sho‘x, fanlarni yaxshi o‘zlashtirolmaydigan bolani boshqa sinfga o‘tkazib, “boshog‘riq”dan qutulgan bo‘ladi. “Tozalangan sinf”ning ko‘rsatkichlari yuqori, namunali. Narigi sinf-chi? O‘sha sinf rahbari o‘zining sho‘x, gap uqmaydigan farzandini qo‘shnisining odobli bolasiga almash-tirarmidi? Albatta, yo‘q. Chunki bola o‘ziniki, o‘quvchi esa birovniki. Bu o‘rinda sinf rahbari bolaga xiyonat qilmoqda.
Ana shunday o‘quvchi-lardan birini sinfimga qabul qilganim menga katta yutuq olib keldi. Eslang, bir necha yil ilgari Meksikada futbol bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda terma jamoamiz ilk bor kuchli sakkizlikka kirgan edi. Xursand bo‘lganim, jamoada mening “gap uqmas, betartib” o‘quvchim ham bor edi…
Do‘st
Tarbiya uch davrga bo‘li-nadi: 5 yoshgacha bolaga podshodek muomala qilinadi; 11–12 yoshgacha mehnatga o‘rgatiladi; 12 yoshdan keyin unga faqat do‘st bo‘lish, yonida turish, maslahat berish, iloji bo‘lsa, birgalashib faoliyat olib borish kerak.
Sinf rahbari bolaga do‘stmi? Uning maktabdan, o‘qishdan tashqari qiziqishlarini o‘rganadimi?
To‘g‘ri, 12 yoshda o‘quvchining ko‘p narsaga aqli yetmaydi. Aksariyat sinf rahbarlari birinchi kundanoq o‘quvchiga qattiqqo‘llik qila boshlaydi. Uning nazdida, bu sinfda tartib-intizom saqlashning asosiy yo‘li. Sinf rahbarining soyasidan qo‘rqib salom beradigan o‘quvchining ko‘pini ko‘rganmiz. Bu holatda o‘zaro hurmat, do‘stlik, ishonch bo‘lishi mumkinmi? Balog‘at yoshiga yetgan o‘quvchining o‘z fikri bo‘lmasa, uni himoya qila olmasa, sinf rahbarim ko‘pchilik oldida mulzam qilmasmikan, deya u shubhaga borishi mumkin. Bu esa bola ruhiyatiga salbiy ta’sir etadi. Natijada u qobiliyatsiz, beburd, o‘zi tugul hech kimga ishonmaydigan, mustaqil qaror qabul qilolmaydigan kimsaga aylanadi.
Ba’zi sinf rahbarlari nojoiz ish qilgan o‘quvchiga qattiqroq chora ko‘rish uchun maktab direktori, o‘rinbosari yoki o‘qituvchilar xonasiga olib kirib “jazolaydi”. Kechirasiz-u, bu tarbiya emas, o‘quvchidan qasd olish. O‘tish davrida har qanday o‘quvchidan istagan narsani kutish mumkin. O‘quvchilar ko‘proq kuzatiladigan suitsid hodisasi o‘zidan-o‘zi, besabab ro‘y bermaydi, axir.
Eng yaxshi usul — o‘zingiz bolaga “yoriling”. Uyingizda mehmon qiling, birga bozor aylaning, undan maslahat so‘rang. Xullas, u sizni — sinf rahbarini qaytadan kashf etsin. Ana shundagina ko‘ngilsiz hodisalar sodir bo‘lmaydi.
Diplomat
Sinfimdagi eng yomon bolani ham boshqa sinfdagi 10 nafar eng yaxshi o‘quv-chiga alishmayman.
Agar sinf rahbari bu iborani o‘ziga shior qilib olsa, boringki, kabinetining ko‘z tushadigan joyiga ilib qo‘ysa, uni o‘qigan bolaning ustoziga nisbatan mehri uyg‘onadi. Faqat buni sinf rahbari amalda ham isbotlashi kerak.
Diplomat bo‘lishimiz kerak. Ikki o‘quvchi kelishmay qolsa, o‘quvchi o‘qituvchi bilan ziddiyatga borsa, o‘quvchilar orasida muammo tug‘ilsa, ota-onalar o‘qituvchidan, hattoki sinf rahbaridan shikoyat qilib kelsa, uning diplomatligi asqotadi. Sinf rahbari juda katta mas’uliyat, iroda, aql-zakovat egasi bo‘lsa, vaziyat o‘z-o‘zidan yengillashadi.
Ba’zan sinf ota-onalar yig‘ilishida qatnashaman. Afsuski, ayrim sinf rahbarlarining deyarli o‘z fikriga ega emasligi yoki o‘z fikridan mutlaqo qaytib, ota-onalar fikri bilan ish yuritishidan ranjiysan, kishi. Vaholanki, yig‘ilishda 8, nari borsa, 10 nafar ota-ona ishtirok etadi. Sinf rahbari nuqtayi nazarini qo‘ya turing, uning o‘rni qani? 30 nafar o‘quvchisi bo‘lgan sinfda 10 nafar ota-ona yig‘ilishga kelsa, bu sharmandali holat emasmi? Mana, sizga sinf rahbarining diplomat emasligi, murosa qilolmasligi. Agar u yig‘ilishga kelmagan ota-onalarning uyiga, ishxonasiga borib, yuzma-yuz gaplashsa, ular ishlaydigan muassasa yoki tashkilot rahbari huzuriga kirib, qo‘l ostidagi ishchi-xodimlari haqida bildirsa-chi? Bu bilan u ota-onalarni farzandi tarbiyasi uchun mas’uliyatga chorlagan bo‘ladi. Agar shunda ham ota-onalar yig‘ilishda to‘liq bo‘lmasa, men kafil.
Menejer
6-sinfda dars kuzatib o‘ti-ribman. Sinf rahbari o‘z fani-dan sinfiga dars o‘tmoqda. O‘qituvchi tasodifan bir o‘quvchining rasm chizib o‘tirganini ko‘rib qoldi. Jahl bilan bordi-yu so‘ramay-netmay yirtib tashladi. O‘quvchi o‘zining emas, o‘qituvchining qilgan ishidan pushaymon bo‘lgandek bir holatga tushdi. Darsda boshqa ish bilan shug‘ullanib o‘tirgani uchun bola uyalishi kerak edi, aslida. Ammo keyinchalik vaziyatga aniqlik kiritgach, o‘quvchiga nisbatan mehrim oshdi. Sinf rahbarining “o‘ta chaqqonligidan”, tajribasizligidan uyaldim. Gap shundaki, o‘quvchi O‘zbekiston gerbini chizayotgan ekan...
Agar dars matematika yoki fizika bo‘lganda, gerbdagi Humo qushining taxminiy tezligini aytish, yashash joyimiz yoki viloyatimizdan poytaxtgacha masofani aniqlab, uning uchish vaqtini o‘quvchilar hukmiga qo‘yish mumkin edi. O‘qituvchi bir o‘q bilan bir emas, bir nechta quyonni urardi: avvaliga o‘quvchining “san’at asari”ni tengdoshlariga ko‘rsatib, uni maqtab qo‘yadi. Boshqa o‘quvchilar Vatan haqida she’r, maqol aytadi. Qolganlar berilgan masalani yechadi. O‘qituvchi tadbirkorligi qaltis vaziyatni yumshatadi. Agar tarix darsi bo‘lsa, Humo qushi haqidagi afsonani, biologiya yoki geografiya bo‘lsa, o‘simlik olami, Vatanimizning paxta va bug‘doy yetishtirish, eksport qilish salohiyati haqida suhbatlashish mumkin edi. Chet tili darsi bo‘lsa, o‘sha tilda O‘zbekistonga ta’rif berish, kimyo darsida esa paxtadan qanday mahsulot olish, uni qayta ishlash, bug‘doydan un olish —qisqacha aytib berish kifoya. Bu o‘qituvchidan juda chuqur bilimni talab qilmaydi, ammo uning tadbirkor qiyofasiga kirib, muammoli vaziyatdan ustalik bilan chiqib ketishi jamoada o‘zaro ishonch va hurmat uyg‘otadi.
Qissadan hissa o‘qituvchi xato qilishdan emas, uni tuzata olmaslikdan qo‘rqishi kerak.
Ustoz
O‘qituvchi xato qilsa, noto‘g‘ri tarbiya bersa, butun boshli jamiyat izdan chiqadi.
Tajribali ustoz doskaga 1 raqamini yozib:
— Bu — inson. Keling, uning sifatlarini sanab chiqamiz, — deb har xil insoniy sifatlarni aytib, 1 ning yoniga 0 raqamini yoza boshladi: halollik, mehribonlik, mehnatsevarlik, saxiylik, bag‘rikenglik, xushxulqlik va boshqalar.
Doskada 1000000 soni hosil bo‘ldi.
— Endi esa har bir sifatni o‘chirsak, son kichiklashib boradi, — dedi-yu birin-ketin 0 larni o‘chira boshladi. — Ammo, — dedi u so‘zida davom etib, — insoniylikni unutgan bo‘lsa-chi? Unda biz 1 ni o‘chiramiz. Natijada faqat 0 lar qoladi. Nol, ya’ni bo‘shliq, hech narsa, deganidir.
Demak, biz kim, qanday kasb egasi bo‘lishimizdan qat’i nazar, Оlloh yaratgan oliy mavjudot ekanligimizni unutmasligimiz kerak. Agar har bir sinf rahbari o‘quvchilarim meni nafaqat ustoz, balki chin inson sifatida yaxshi ko‘rishini istayman, deb qalbda muhabbat bilan maktab ostonasiga qadam qo‘ysa, eng sevimli kishiga aylanadi.
Erkinjon YARASHEV, Zarafshon shahridagi 13-IDUM o‘qituvchisi