Toshkent shahrida xitoylik o‘qituvchilarni qutlash marosimi bo‘lib o‘tdi
11-fevral kuni Toshkent shahar, Shayxontohur tumanidagi 59-sonli davlat ixtisoslashgan umumiy o‘rta ta’lim maktabida O‘zbekistonda ko‘p yillar davomida ta’lim sohasida ishlab kelayotgan xitoylik o‘qituvchilar Dong Laoshi xonim va Vera Kaysuga minnatdorlik bildirish maqsadida tantanali tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov hamda Xitoyning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jiang Yan qatnashdi.
1978-yildan buyon Dong Laoshi xonim maktablarda va O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida xitoy tili o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritgan. Hozirgi kunda u Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining akademik litseyi, 506-maktabgacha ta’lim muassasasi hamda Toshkentdagi Konfutsiy nomli o‘zbek-xitoy institutida ishlab kelmoqda. 2014-yilda u "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotlangan.
O‘z navbatida, Vera Kaysu 55 yil davomida (1957-yildan 2012-yilgacha) 59-sonli davlat ixtisoslashgan umumiy o‘rta ta’lim maktabida xitoy tili fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan hamda “Xalq ta’limi a’lochisi” belgisiga musharraf bo‘lgan.
Ko‘p yillar davomida Dong Laoshi va Vera Kaysu bir necha avlodni tarbiyalab, xitoy tilini o‘rgatib, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida gumanitar aloqalarni mustahkamlashga o‘z hissasiini qo‘shgan.
Marosimda O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Dong Laoshi va Vera Kaysuga mamlakatimizda ta’limni rivojlantirishga qo‘shgan hissalari uchun minnatdorlik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, til xalqlarni birlashtiradi va mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga imkon beradi. Vazir o‘qituvchilarni bolalarga ta’lim olishga, jumladan, chet tillarini o‘rganishga mehrini kuchaytirishga chaqirdi.
Tadbirda 59-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari o‘zlarining musiqali chiqish va raqslarini namoyish etdi. Marosim so‘ngida Dong Laoshi va Vera Kaysuga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Maktabga tashrif davomida O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va Xitoyning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jiang Yan o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Ular smart-sinf va lingofon kabinetini ko‘zdan kechirdi.
Sherzod Shermatov va Jiang Yan O‘zbekiston maktablarida xitoy tilini o‘qitishni yanada rivojlantirish va bu tilni o‘qitadigan maktablar sonini oshirish bo‘yicha fikr almashdi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda O‘zbekistonda xitoy tili faqat bitta maktabda o‘qitilib kelmoqda. Xitoy tilini o‘rganayotgan o‘quvchilar soni 1,43 ming nafarni tashkil etadi.