“Faxriy yorliq” a’lochigami yoki?..
Chorak yoki o‘quv yili yakunida o‘quvchilarni rag‘batlantirish maqsadida “Faxriy yorliq”lar topshiriladi. Lekin “Ularni aynan kimga — a’lochilargami yoki hammaga berish lozim?” degan savol ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ladi.
Bu haqda maktab hayotiga bog‘liq, turli yoshdagi kishilar o‘rtasida kichik so‘rovnoma o‘tkazdik.
Mohira, uy bekasi, 32 yosh: — Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining qobiliyatiga qarab, ularni ruhlantirish maqsadida “Faxriy yorliq”larni hammasiga birdek berish kerak, deb o‘ylayman. Masalan, a’lochilarga, tadbirlarda faol qatnashadigan, mehnatkash, jonkuyar, sportchi va ijodkor o‘quvchilarga taqdim qilinsa, yaxshi bo‘lardi. Maktab davrida bolaning ko‘nglini ko‘tarib, uni qancha maqtasak, kelajakda jiddiy musobaqalar va imtihonlarda unga shuncha oson bo‘ladi.
Akmal, talaba, 21 yosh: — Kimdir hech narsa qilmasdan turib ham yorliq oladimi? Yoki boshqa o‘quvchi butun o‘quv yili tirishqoqlik bilan o‘qisa-da, haligi hech narsa qilmay yurgan o‘quvchi bilan bir xil “Faxriy yorliq” olishi g‘alati.
Karim aka, 47 yosh: — Biz o‘qigan vaqtlarda “Kim “Faxriy yorliq”qa loyiq bo‘lsa, o‘sha o‘quvchiga berilardi, hech kim e’tiroz bildirmasdi. 1-sinfdan boshlab faqat “ 5” bahoga o‘qigan o‘quvchi esa oltin medal olardi. O‘shanda ota-onalar hozirgidek bolasi uchun yorliq talab qilib kelmagan.
Valida opa, maktab direktorining o‘rinbosari, 51 yosh:
— Qachongacha maktab o‘quvchilariga yosh boladek qaraymiz? Axir, maktab bolalar bog‘chasi emas-ku! Qoniqarli o‘qigani yoki maktabga kelib ketgani uchun o‘quvchiga “Faxriy yorliq” berish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?
Ushbu fikrlarni tahlil qilgan holda “Faxriy yorliq”ning berilishiga asos bo‘luvchi rag‘batlantirish omili xususida to‘xtalsak, masalaga ancha oydinlik kiritilgan bo‘lardi.
Rag‘batlantirish — kattalar mehnati yoki bolalar xatti-harakatini ijobiy baholaydigan va ularni kelgusi muvaffaqiyatlarga undaydigan pedagogik ta’sir chorasidir.
Rag‘batlantirishning psixologik mazmuni bolada yaxshi xatti-harakatlar, munosabatlarni mustahkamlash, doim to‘g‘ri amallarni bajarishga odatlantirish hisoblanadi. Buning uchun pedagog va ota-onalardan alohida e’tibor talab qilinadi, chunki bolani qandaydir ish qilgani yoki nimagadir erishgani uchun rag‘batlantirish o‘z-o‘zidan ijobiy hissiyotlar, quvonch, faxrlanish tuyg‘usi bilan kechadi. Bu bolaning qilgan mehnatiga yarasha mukofot hisoblanadi. Ko‘proq mukofotlanishdan ko‘ra, bajargan ishidan qoniqish hosil bo‘ladi.
Shuningdek, rag‘batlantirish — tarbiya san’atining o‘ziga xos turi. U o‘z o‘rnida “foydali” va “zararli” bo‘lishi ham mumkin. Ushbu san’atni egallash uchun qator murakkab bo‘lmagan qoidalar mavjud. Uni o‘zlashtirish orqali ko‘p xatolarning oldini olish mumkin, bu esa bolaga beriladigan rag‘bat ko‘rinishidagi faxriy yorliq va sovg‘alarga nisbatan obyektiv yondashishga yordam beradi.
1. Bolani tirishqoqligi uchun maqtang. O‘quvchining qobiliyati va salohiyatini emas, balki vazifa va topshiriqni bajarish vaqtidagi urinish, intilishlarini ko‘proq e’tiborga oling. Masalan, o‘quvchi tomonidan adabiyot darsida a’lo bahoga yozilgan inshoga nisbatan shunday deyish mumkin: “Barakalla! Sen ko‘p o‘qiganing va inshoga qunt bilan tayyorlanganing uchun yaxshi baho olding”. “Yozgan inshongda juda chiroyli jumlalarni keltirgansan, senda tug‘ma qobiliyat bor”, deyish teskari natija berishi mumkin.
2. Bola shaxsini emas, xatti-harakatini alqang. Maqtovda ko‘proq bolaning xatti-harakatini ma’qullash va muvaffaqiyatini qayd etish muhim. Aks holda o‘quvchida o‘ziga nisbatan yuqori baho berish va boshqalardan ustun qo‘yish kabilar shakllanadi.
3. Nima uchun maqtayotganligingizni aniq ifodalang. O‘quvchi aynan qanday vazifani yaxshi bajarganligi uchun maqtov eshitganini anglashi muhim. Umumiy ma’nodagi maqtovlar yuqori samara bermaydi, hattoki unda samimiylikka shubha uyg‘onishi mumkin. Misol uchun, o‘quvchining texnologiya darsida bajargan ishiga e’tibor qaratib: “Matoga tugmalarni juda chiroyli qilib qadabsan, barakalla!” degan ma’qulmi yoki “Sen juda aqllisan! Haqiqiy chevar bo‘libsan” deyishmi?
4. Me’yorida va ish bo‘yicha maqtang. O‘qituvchining maqtovi samimiy, xizmatga yarasha bo‘lishi va boshqalarda hasad uyg‘otmasligi kerak. Me’yorsiz maqtov o‘zining qimmati va mazmunini yo‘qotadi, bolani esa arzon muvaffaqiyat orqasidan intilishga o‘rgatib qo‘yadi.
5. Faqatgina “sevimli” o‘quvchilarni maqtamang. Har bir sinfda qaysidir o‘quvchilar boshqa o‘quvchilardan ko‘ra ko‘proq maqtov eshitadi. O‘rtamiyona o‘quvchilarni qanday maqtash mumkin? Ularni zo‘raki maqtash sinfdoshlari orasida munosabatlar yomonlashishiga olib keladi. Shuning uchun bunday o‘quvchilarning o‘qish va darsdan tashqari muvaffaqiyatlariga e’tibor qaratish lozim.
6. Bir o‘quvchini butun sinfga qarshi qilib qo‘ymang. Birgina o‘quvchini butun sinf qo‘llab-quvvatlamagan paytda maqtash o‘rinli emas. Bir o‘quvchi uy vazifasini bajargan bo‘lsa, uni maqtab, qolgan o‘quvchilarni jazolash sinf o‘rtasida nosog‘lom muhit yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Bunday paytda bu o‘quvchini individual ravishda maqtash maqsadga muvofiq. Aks holda sinfdoshlari o‘rtasida hasad bilan birga tajovuz holatlari yuzaga kelishi mumkin.
7. Taqqoslamay maqtang. O‘qituvchining maqtovi taqqoslashlarsiz va hech qanday shartlarsiz bo‘lishi lozim. Bir o‘quvchi muvaffaqiyati, shaxsiy fazilatlarini boshqa o‘quvchilarnikidan ustun qo‘yib taqqoslash mumkin emas.
8. Maqtovni mustahkamlang. Maqtov aytilayotgan paytda noverbal elementlar (tabassum, mimika, imo-ishora) juda katta kuch va samaradorlikka egadir.
9. “Men” murojaati bilan gapiring. Maqtov aytilayotgan paytda “Men” murojaatidan foydalanishning ta’siri katta. Misol uchun, “Men bugungi vazifani yaxshi bajarganingdan juda xursandman” maqtovi o‘qituvchi va o‘quvchilarni bir-biriga yaqinlashtiradi.
Demak, maqtov va rag‘batlantirish bolani to‘g‘ri tarbiyalashda nozik va ta’sirchan, muhim vosita. O‘qituvchi va ota-onaning to‘g‘ri maqtovi va rag‘batlantirishlari o‘quvchining kutilgan natijaga erishishiga olib keladi. Shuni yodda tutish lozimki, bola uchun me’yoriy va mehnat qilib erishilgan paytdagi rag‘batlantirish qimmatli va samarali hisoblanadi. Shunday ekan, o‘quvchilarimizga “Faxriy yorliq” berayotganda ham sanab o‘tilgan jihatlarni e’tiborga olish kerak.
Shahnoza AKRAMOVA, pedagogika fanlari doktori, dotsent