O‘qituvchilar uchun ham maxsus libos kerak
Libos — inson madaniy darajasining asosiy belgisidir. Turli kasb egalari uchun yaratilgan maxsus liboslar ularning kasbiga bo‘lgan hurmat va e’tiboridan dalolat beradi. Shunday ekan, farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasi uchun mas’ul, jamiyatning ilg‘or qatlami bo‘lgan o‘qituvchilar libosida ham yagona to‘xtamga kelinishi lozim.
O‘qituvchilar nozik did sohiblari. Demak, ularning libosi shunga munosib bo‘lishi kerak. Gulmira Kamilovaning “Zamonaviy muallim imiji” nomli qo‘llanmasida “Pedagog imiji” tushunchasi keng qamrovda ta’riflanib, quyidagilar kiritiladi: mimika, imo-ishora, ovoz tembri (tovushning o‘ziga xos sifatlari), kiyim-bosh, muomala, o‘ziga xos qadam tashlash singari tashqi, ma’naviy va intellektual rivojlanish hamda qiziqishlar, qadriyatlar, umuman, o‘qituvchi shaxsi haqidagi umumiy tushunchalar.
Tashqi qiyofa orqali o‘quvchilarni o‘ziga jalb etish, e’tiborini qaratish — o‘qituvchidan talab etiladigan muhim omillardan. Yosh bola juda taqlidchi bo‘ladi. O‘qituvchidan gapirish san’atini, o‘zini tutishni, kiyinishni, hattoki, qadam bosishni ham o‘rganadi. Aslida o‘qituvchilar maxsus formasiz ham juda sipo kiyinishadi. O‘qituvchini ishdan tashqari paytda ko‘rsangiz ham darrov payqaysiz.
O‘quvchiligimizda ham, talabaligimizda ham oq kofta, qora yubka kiydik, endi ishda ham buni davom ettirish noo‘rin, nazarimda. Bu formani maktabda ko‘raverib, o‘quvchilarimiz ham charchagan bo‘lsa, ajab emas. O‘qituvchi bejirim, klassik uslubda ko‘zni quvontiradigan rangda kiyinishi kerak. Kiyimning vazifasi insonni sovuqdan yoki issiqdan asrashgina emas, balki atrofdagilarda yaxshi taassurot uyg‘otish hamdir.
O‘qituvchining libosi zamonaviy, xushbichim, faslga mos, ko‘zga yoqadigan, o‘quvchiga namuna bo‘la oladigan ko‘rinishda bo‘lishi lozim. Maktabga kelgan tekshiruvchilar bizdan oq ko‘ylak yoki bir xil rangli forma talab qiladi, lekin aksariyat o‘qituvchilar buni xohlamaydi. Ba’zan yosh muallimlarni o‘quvchilardan ajrata olmay qolamiz. O‘quvchilardan farqli libosda bo‘lishni, menimcha, barcha ustozlar yoqlasa kerak.
Yulduz JABBOROVA, Yakkasaroy tumanidagi 26-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi