Pedagog reytingi aniqlandi
Bolalar samimiy, kuzatuvchan, o‘qituvchining har bir xatti-harakatini taftish qiladi. Agar muallim o‘quvchining arzimagan xatosi uchun qo‘pol va keskin munosabatda bo‘lsa, bolada uning faniga qiziqish so‘nadi. Adolatsizlik ta’lim jarayonini sustlashtiradi. Sir emas, ba’zi o‘qituvchilar sanoqli bolani tanlab, ularga boshqacharoq yondashadi. Oy chiqsa ham, kun chiqsa ham shularga.
Uchko‘prik tumanidagi 2-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatida o‘qituvchi va o‘quvchi munosabatlarini yaxshilash, ziddiyatlarni bartaraf etish birinchi darajali ishga aylanmoqda. Maktab rahbarlari, pedagoglar bir-birining dars jarayonini kuzatib, muallimga xolis baho beradilar. O‘quvchi bilan yakka tartibda suhbatlashilib, so‘rovnomalar orqali uning o‘qituvchiga bergan bahosi o‘rganiladi. O‘qituvchida kasbiy mahorat yetarlimi? Dars o‘tish metodikasi bolaga manzurmi? Sinf jamoasini boshqara oladimi? Muomala madaniyati, bilim berish darajasi qoniqarlimi? Ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qiladimi, ularni kuzatib boradimi?
So‘rovnoma natijasi umumlashtirilib, o‘qituvchilar reytingi chiqarildi. Birinchi o‘ringa rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Halima Ergasheva loyiq ko‘rildi. U anketa talablarini o‘zida to‘liq mujassam etgan.
Ikkinchi o‘rin sohibasi Zamira Temirova samimiyligi, har bir bolani tinglay olishi, darsga sidqidildan tayyorgarlik ko‘rib kelishi bilan hurmat-e’tibor qozongan. Keyingi o‘rinda biologiya fani o‘qituvchisi Mamlakat Boymatova qayd etilib, uning ko‘rgazmali qurol bilan darsga kirishi, qiziqtiruvchi o‘yinlar o‘tkazishi e’tirof etildi.
Maktab rahbariyati har oyda o‘qituvchilar reytingini chiqarishga qaror qildi. Bu esa pedagoglar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini vujudga keltirib, ta’lim sifati va mazmunini oshiradi.
Mohinur OBIDOVA, Uchko‘prik tumanidagi 2-IDUMI psixologi