Rejissorlar, bizga yordam bering!
Sinfga bir necha badiiy kitob olib kirdim va o‘quvchilarga tarqatdim. Bolalar quvonib ketishdi. Biri “Shum bola” kinosining qiziq voqealaridan so‘zlasa, yana biri “Hoshimjonning sarguzashtlari” filmidagi lavhalardan gapira ketdi.
Ularga kinofilmlar qanchalik qiziqarli ishlanmasin, asarni o‘qish zavqini berolmasligini uqtirdim. Har ikki asarning filmlarda ochib berilmagan jihatlarini gapirganimda bolalarda kitobni o‘qib chiqish ishtiyoqi paydo bo‘ldi. Ertasiga o‘quvchilarim “Shum bola” qissasida kinoga kiritilmagan lavhalar borligini aytishdi. Shundan so‘ng sinfdan tashqari dars tashkil etib, o‘quvchilarni shu asar yuzasidan bahs va munozaraga chorladim. Dastlab ular “Shum bola” filmi va qissasi orasidagi quyidagi farqlarni sanab o‘tdilar:
— Filmda Shum bola uydan ketganida bir boyning uyiga boradi. Qissada esa ammasinikiga borishi tasvirlangan.
— Filmda Shum bola do‘sti Omonni bozorda olma sotayotganda ko‘rib qolsa, kitobda ammasinikidan ketganidan so‘ng bozorda ko‘rib qoladi.
— Filmda Omonning bozorda nima qilayotganini ko‘rsatmaydi, ammo qissada Omon ketmon, kurak va yana boshqa ish asboblari sotayotgani mohirlik bilan tasvirlanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, o‘quvchilarim qissani o‘qiganda zamon va muhit, odamlar dardi, holati haqida to‘liq tushunchaga ega bo‘ldi. Qahramonlarning ruhiy holatini his etdi.
Sinfdan tashqari darsda o‘quvchilarimning faolligi, darsga tayyorgarlik ko‘rish uchun asarni sinchkovlik bilan mutolaa qilgani, hatto uni bolalarcha tahlil etgani meni quvontirdi. O‘quvchilarimni kitob bilan do‘stlashtirishning uddasidan chiqdim.
Endi o‘quvchilarim bilan muntazam ravishda badiiy adabiyotlarni muhokama qilyapmiz. Bir kitobni o‘qishni tugatsak, albatta u haqidagi bilimlarni mustahkamlash uchun sinfdan tashqari darslar tashkillashtiramiz. Bu o‘quvchilarning kitob o‘qishga qiziqishini tobora oshirmoqda. Hatto ular o‘zlari falon asarni o‘qiylik, deb taklif kiritadigan bo‘lishdi.
Shu o‘rinda muallim sifatida o‘zbek kinorejissorlariga bir taklif bildirmoqchi edim. Kino bolalarni o‘ziga rom etuvchi kuchli vosita. Biz muallimlar yoshlarni TV, internet, kinodan ko‘ra kitobga oshno qilishga ko‘p urindik. Ammo tajribam asosida bugun shunga amin bo‘ldimki, xuddi shularning yordamida kitobga bo‘lgan qiziqishni ham uyg‘otish mumkin ekan.
Aziz kinorejissorlar, bu borada biz o‘qituvchilarga yordam bering! Qanday, deysizmi? Ahamiyat bersam, o‘quvchilar ko‘proq film qilib ishlangan badiiy asarlarni o‘qishga ishqiboz bo‘lishyapti. Shunday ekan, yengil-yelpi mazmundagi, bir ko‘rishlik filmlardan ko‘ra, badiiy adabiyotimizdagi yuksak saviyadagi asarlar asosida kinofilmlar ishlansa, yaxshi bo‘lardi. Aytaylik, O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi”, “Tushda kechgan umrlar”, Murod Muhammad Do‘stning “Lolazor”, Ulug‘bek Hamdamning “Muvozanat” asarlari asosida filmlar ishlanishini juda-juda istardim.
Aziza BEKMIRZAYEVA, Uchqo‘rg‘on tumanidagi 16-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi