Xalq ta’limi vazirligi “EPAM INSIDER” anjumanini qo‘llab-quvvatladi
Xalq ta’limi vazirligi joriy yilning 23-fevralida Toshkent shahrida ilk bor o‘tkaziladigan “EPAM INSIDER” anjumanini qo‘llab-quvvatladi.
Ta’kidlash joizki, mazkur loyiha kelgusida yurtimiz yoshlari uchun axborot texnologiyalari sohasida ish topish imkonini beradi.
1993-yili tashkil etilgan “EPAM Systems Inc.” bugungi kunda dasturiy ta’minot va raqamli platformalar ishlab chiqish bo‘yicha dunyodagi yetakchi provayderlar sirasiga kiradi. “EPAM” o‘z mijozlari bilan biznesdagi murakkab va chigal muammolarini chinakam faoliyatga aylantirish hamda zamonaviy yechimlarni yaratish borasida yaqindan hamkorlik qiladi.
“EPAM INSIDER” anjumani AQShdagi mazkur kompaniya faoliyati bilan bevosita tanishishga imkon yaratadi. Anjumanning asosiy maqsadi Toshkentda AKT mutaxassislari bilan muloqot qilish, tajriba almashish, biznesdagi amaliy tajriba va ko‘nikmalarni bo‘lishish uchun qulay platforma yaratishga qaratilgan. Shuningdek, mazkur anjuman axborot texnologiyalari sohasidan boxabar yoki endigina faoliyat boshlashni rejalashtirayotgan hamda global tendensiyalar haqida ko‘proq yangiliklarni bilish istagidagi mutaxassislar bilan muloqot qilish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, “EPAM Systems Inc.” vakillari tomonidan sohadagi “Delivery” hamda “Project Management”, “Digital Practice”, “People Management” kabi zamonaviy texnologiyalar haqida batafsil ma’lumot beriladi.
Anjuman doirasida nafaqat texnik mazmundagi ma’ruzalar, balki “EPAM” kompaniyasi ekspertlari qanday loyihalar bilan ish olib borayotgani, xalqaro AKT kompaniyasining o‘sish ko‘rsatkichlari bilan tanishish mumkin va ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oladi. Tadbirda ma’ruzalardan tashqari ishtirokchilar o‘rtasida “I Can Code” dasturlash bo‘yicha musobaqa tashkil etiladi.
— “EPAM Systems Inc.” axborot texnologiyalari sohasida dunyodagi eng katta autsorsing kompaniyalaridan biri hisoblanadi, — deydi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov. — Shu bois, “EPAM INSIDER” I anjumanini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu anjuman axborot texnologiyalari sohasiga tegishli kasb klassifikatorlari bo‘yicha ishlashi uchun maktab bitiruvchilariga kerakli bilimlarni berishga qaratilgan “IT-nation” loyihasi maqsadi bilan hamohangdir. Bunday tadbirlar oldimizga qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirishga yordam beradi, ya’ni bitiruvchilarimiz kelgusida munosib ish topishga muvaffaq bo‘ladi.
Mazkur loyihada ishtirok etish bepul bo‘lib, quyidagi manzil orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin: https://events.epam.com/events/insider-uz.