Zamonaviy maktab direktori kim?
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 256-maktabda “Zamonaviy maktab direktori kim? U qanday bo‘lishi kerak?” mavzusida umumta’lim muassasalari rahbarlari uchun seminar o‘tkazildi.
Unda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Yaxshigul Shodiyeva va boshqalar kam quvvatli maktablarda ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”ning mazmun-mohiyati, muammolarni samarali bartaraf etish yo‘llari haqida tavsiya berdi.
— Farzand ta’lim-tarbiyasidagi katta mas’uliyat ko‘p jihatdan ta’lim muassasasi zimmasida, — deydi 256-maktab direktori Muhtaram Yoqubova. — Ta’lim sifatiga erishishda asosiy kuch malakali pedagog hisoblanadi. Joriy o‘quv yili maktabimizga o‘nga yaqin yosh mutaxassis ishga olindi. O‘quv maskanimizda ularning kasbiy va shaxsiy rivojlanishi uchun “Yosh o‘qituvchilar kengashi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada ular ilg‘or tajribalarni o‘rganibgina qolmay, yangicha metodlar yaratish, o‘quvchilarni oliy o‘quv yurtlariga tayyorlash malakalariga ham ega bo‘ladi. Shu orqali o‘quv muassasamizda ta’lim-tarbiya ishlarini jonlantirishni ko‘zlayapmiz. Bu tajribamiz tuman miqyosida ommalashtirilmoqda.
Seminarda “Testolog-servis” nodavlat ta’lim muassasasi direktori Abdushukur Olimov “Genetik-psixologik test kimlar uchun muhim?” mavzusida fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Maktab o‘quvchilarining “Matematik ko‘zboylag‘ich” badiiy-musiqiy chiqishi barchaga manzur bo‘ldi.
Shahodat MAVLONOVA