Texnologiya fanini bo‘lib o‘qitish kerak
“Ma’rifat” gazetasining 2019-yil 2-fevral sonida G‘ayratjon Qorabekovning “O‘qituvchi fikri inobatga olinmadi” sarlavhali maqolasini o‘qib, men ham taklif va mulohazalarimni bayon etishni joiz topdim.
Xalq ta’limi vazirligining 2018-yil 27-iyuldagi 191-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining I—XI sinflar uchun 2018-2019-o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejasining 20-bandiga kiritilgan o‘zgartirish natijasida sinflarda o‘quvchilar soni 25 nafardan kam bo‘lsa, bo‘lib o‘qitilmasligi, texnologiya, jismoniy tarbiya va chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanlari integratsiyalashgan o‘quv dasturi asosida o‘qitilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Ushbu o‘zgartirish men dars berayotgan texnologiya fani yuzasidan ham muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Masalan, o‘g‘il bolalar va qizlar guruhiga mavzular alohida o‘quv reja asosida tuzilgan bo‘lib, bir-biriga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. O‘zim qizlar guruhiga dars o‘taman. O‘g‘il bolalarni qizlarga moslashtirilgan o‘quv xonasiga olib kirsak, u yerda qizlarning tikuvchilik, pazandalik, to‘quvchilik bo‘yicha ijodiy ishlari o‘rin olgan. Qizlarimizni o‘g‘il bolalar guruhiga olib kirsak, u yerda yog‘och, metall, polimer va boshqa materiallardan ishlangan ijod mahsuli, texnik buyumlar bor. Bu o‘z o‘rnida o‘quvchilarda fanga ishtiyoqning susayishiga olib keladi.
Qanchalik zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanishga harakat qilmay, bu darslarda o‘quvchilar bo‘lib o‘qitilmasa, o‘qituvchining ijobiy natijaga, yuqori samaradorlikka erishishi mushkul. Afsuski, amaldagi tartib qo‘shimcha mashg‘ulot o‘tishda ham, o‘quvchilarning to‘garak mashg‘ulotlariga qatnashishida ham chalkashliklarni keltirib chiqarmoqda.
Fikrimcha, qizlarni oilaga, mustaqil hayotga tayyorlaydigan, kasb-hunar sirlarini o‘rgatadigan bu fanni o‘quvchilar sonidan qat’i nazar, bo‘lib o‘qitishga erishishimiz kerak. Boisi, shogirdlarimizning aksariyati zardo‘z, tikuvchi, pazanda, to‘quvchi, hunarmand-usta bo‘lib tarbiyalanmoqda. Ular shu fan yuzasidan olgan bilimlarini kelgusida mustaqil hayotda qo‘llay olishi zarur.
Fotima AHMeDOVA, Chust tumanidagi 9-maktabning texnologiya fani o‘qituvchisi