Natija ko‘rsatadigan vaqt keldi
“Ma’rifat” gazetasida chop etilgan “Erkak o‘qituvchi — tarbiyada katta kuch” (2018-yil 24-noyabr) maqolasini jamoamiz bilan qiziqib o‘qidik.
Maktabimizda 1231 nafar o‘quvchi tahsil oladi. oldin 78 nafar pedagogning aksariyati ayollar edi. Ammo bugunga kelib muassasamizda erkak o‘qituvchilarning safi ancha kengaydi. Avval maktabimizda ishlab, oylik maosh kamligi tufayli boshqa ishga o‘tib ketgan tajribali o‘qituvchilardan 6 nafari safimizga qaytdi. Ayni kunda nafaqadagi o‘qituvchilar ham mehnat faoliyatini davom ettirmoqda. Ular asosiy ish joyida oylik maoshlari bilan birga nafaqa pulini ham to‘liq olmoqda. Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik pedagoglarimizni yanada ruhlantirib, izlanishga chorlamoqda. O‘tgan o‘quv yilida 6 nafar o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchimiz pedagogika oliy o‘quv yurtining maxsus sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirdi.
O‘qituvchilarning oylik maoshini oshirishda toifalar ham hisobga olinmoqda. Buni yaxshi tushungan pedagoglarimizdan 13 nafari amaldagi toifasini himoya qilish va oshirish uchun muddatidan oldin attestatsiyadan o‘tishga ariza berdi. Muassasamizda dars va mashg‘ulotlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida olib borilmoqda. Fanlar kesimida multimedia materiallari, elektron darsliklardan foydalanilmoqda. Maktabimizning moddiy-texnik bazasi ancha mustahkam.
O‘quvchilar endi umumta’lim muassasasidan to‘g‘ri OTMga yo‘l oladi. Bu — maktablarning mas’uliyati ikki karra ortdi, degani. Pedagogik jamoamiz mana shuni to‘g‘ri anglagan holda ish yuritmoqda. Ayni kunda maktabimizda 11-sinfni bitirayotgan o‘quvchilarni oliy o‘quv yurtiga tayyorlashga e’tibor kuchaytirilgan. 10-11-sinf o‘quvchilaridan onlayn test olinmoqda. Abituriyentlarga oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirishda bir qator yengilliklar yaratilayotganidan xursandmiz. O‘qituvchilar ham, o‘quvchilar ham maqsadiga yetish yo‘lida tinmay mehnat qilmoqda.
Parda TO‘YCHIYEV, Sharof Rashidov tumanidagi 6-maktab direktori