Muallim murojaati qanoatlantirildi
Yangiyo‘l tumanidagi “Tinchlik-Qoratepa” mahallasida istiqomat qiluvchi faxriy pedagog Yusuf Mamadiyorov tahririyatimizga shikoyat bilan murojaat etdi. Nafaqadagi pedagoglarning maoshi va pensiyasi to‘la hajmda to‘lanishi hamda erkak o‘qituvchilarni maktabga qaytarishga qaratilayotgan e’tibordan ruhlangan fuqaroning avval o‘zi faoliyat yuritgan 17-maktabga bergan arizasi, vakant o‘rin bo‘lishiga qaramay, rad etilgan.
Ma’lumot o‘rnida keltirish joizki, Prezidentimizning 2018-yil 5-sentabrdagi “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2019-yil 1-yanvardan boshlab umumta’lim muassasalari xodimlari bo‘lgan pensionerlarga, ularning ushbu muassasalardagi faoliyati asosiy ish joyi hisoblangan taqdirda, pensiya to‘liq miqdorda to‘lanishi belgilangan. Shuningdek, xalq ta’limidagi islohotlar, umumta’lim muassasalari xodimlarining maoshi oshirilishi, pedagoglarga yaratilayotgan sharoitlar natijasida birgina 2018-yilda 13 ming nafar erkak o‘qituvchi maktabga qaytdi.
Murojaatni xolisona o‘rganish maqsadida Yangiyo‘l tumaniga borib, tafsilotlar bilan yaqindan tanishdik. Ma’lum bo‘lishicha, haqiqatan ham Y.Mamadiyorov 2018-yilning 27-avgustida Yangiyo‘l tumanidagi 17-maktab direktori nomiga 2-guruh nogironligi, kasbiy malakasi bo‘yicha 1-toifaga ega ekanini inobatga olib, 1 yoki 0,5 stavka (shtat birligi) asosida rus tili fani o‘qituvchisi vazifasiga ishga olinishini so‘rab murojaat qilgan. Direktor esa rus tili fani bo‘yicha o‘qituvchilar maktabda yetarli bo‘lgani uchun ishga qabul qila olmasligini bildirgan. Ammo bu vaqtda ta’lim muassasasida aynan shu fan o‘qituvchisi yetishmas, arizachi uchun yetarlicha o‘quv soati ajratilishi mumkin edi.
Maktab direktori Ravshan Tojiyevdan nega bu qarorga kelganini so‘radik. U buning sababini oldinroq 2-maktabning rus tili fani o‘qituvchisi og‘zaki ravishda qo‘shimcha ish so‘raganida rozilik bildirgani, bu faqat og‘zaki kelishuv bo‘lganini, o‘quv yili boshlanganidan keyin o‘sha o‘qituvchi fikridan qaytganini qayd etdi. Shuningdek, direktorning o‘quv ishlari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari Y.Mamadiyorov maktabda avval ishlagan kezlari ham bir necha bor mehnat qonunchiligi talabini buzganini ta’kidlashdi. Qolaversa, 2019-yil 7-yanvardan maktabning rus tili fani o‘qituvchisi vazifasiga ishga olinib, u bilan mehnat shartnomasi tuzilgan bo‘lsa-da, ishga kelmagan. Arizachi buni 2-maktabga ishga kirgani uchun shunday yo‘l tutgani bilan izohladi.
Har ikki tomonning yuzma-yuz va bevosita ishtirokida o‘tgan suhbat chog‘ida Yusuf Mamadiyorov ishga mas’uliyat bilan yondashishga va’da berdi. Maktab direktori pedagogni 17-maktabga 2019-yil mart oyidan rus tili fanidan o‘rindosh o‘qituvchi (0,5 stavka asosida haftasiga 10 soat) sifatida rasman ishga oladigan bo‘ldi. Yangiyo‘l tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Akrom Xoliqov jarayonni shaxsan nazoratga olishini ta’kidladi.
Vakant o‘rin to‘ldirildi. Endi maktab o‘quvchilarining rus tili fanidan to‘laqonli bilim olishiga umid qilamiz.
Xayrullo Abdurahmonov,
Dilshod RO‘ZIQULOV,
“Ma’rifat” muxbirlari